APLda «Liverpul» «Chelsi»ga qarshi, La Ligada ikkita derbi, Italiya va Fransiyada «oltin uchrashuvlar» – hafta o‘yinlari anonsi

Sport 17:11 / 12.04.2019 19976

Tribuna.uz o‘z an'anasiga muvofiq dam olishlari kuchli beshlikda kutilayotgan eng qizg‘in va intrigali to‘qnashuvlar anonsi bilan tanishtiradi.

MILAN – LATsIO (13 aprel, 23:30)

Italiyada Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan ikki jamoa o‘zaro o‘yinda orani ochiq qiladilar.

Yilni juda ishonchli boshlagan “Milan” oxirgi to‘rt o‘yinda g‘alaba qozona olmadi va turnir jadvalidagi o‘rnini xavf ostida qoldirdi. “Inter”, “Yuventus” va “Sampdoriya”dan mag‘lubiyat va “Udineze” bilan mag‘lubiyatga teng durang natijasida, Gattuzo shogirdlari “”Atalanta” va “Roma”ni juda yaqinlashtirib qo‘yishdi.

Hozirda “Milan” va “Atalanta”da 52 tadan, “Roma”da 51 ochko bor. Shuningdek, “Latsio” 49 ochko jamg‘argan bo‘lsa-da, u boshqalardan bir o‘yin kam o‘tkazgan. Demak, juda zich joylashgan mana shu 4 jamoa birgina YeChL yo‘llanmasi uchun so‘nggi turlargacha kurash olib borishsa kerak. Bu o‘yin esa, mana shu poyga nuqtayi nazaridan juda muhimdir. Ya'ni, mag‘lubiyat “Milan”ni amaliy tarafdan 7 o‘ringa tushib ketishi mumkin.

Jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar doimo qizg‘in va teng kurashlar ostida kechganiga ahamiyat berish kerak. Masalan, so‘nggi 22 o‘yinning 11 tasi durang bilan yakunlangan, 6 o‘yinda “Milan” g‘alaba qozongan. Oxirgi to‘rt o‘yin ham durang bilan yakunlangan. Qizig‘i, bu o‘yinlarning uchtasida hisob ochilmagan ham ekan.

SeVILYa – BeTIS (13 aprel, 23:45)

Ispaniyada bu hafta ikkita qiziqarli derbi bo‘lib o‘tadi. “Sanches Pisxuan”da bo‘lib o‘tadigan Andalusiya derbisi doimgidek keskin va kurashlarga boy o‘tishi shubhasiz. Xuddi shu stadionda bo‘lib o‘tgan oldingi derbi ham ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. O‘shanda “Betis” ancha nomdor raqibidan hayiqmay, 5:3 hisobida g‘alaba qozongandi. Umuman olganda, oxirgi uch Andalus derbisiyada “Sevilya” g‘alaba qozona olmay kelmoqda. Ungacha qatorasiga besh o‘yinda sevilyaliklarning qo‘li baland kelgandi.

Bu o‘yin turnir e'tibori bilan ham juda ahamiyatlidir. “Betis” xavfli zonadan ancha uzoqlashib, dastlabki o‘nlikda joylashib olgan va balkim, yevrokuboklar uchun harakat qilib ko‘rish imkoniyatiga ega. Jamoani oltinchi o‘rin bilan atigi 3 ochko ajratib turganini ta'kidlash lozim. Ammo busiz ham Kike Seten shogirdlari qo‘shnilarning orzusini chippakka chiqarishga urinib ko‘rishi tabiiy. “Sevilya” Chempionlar ligasi yo‘llanmasini beruvchi 4-o‘rin uchun “Xetafe” va “Valensiya” bilan ayovsiz kurash olib bormoqda. Hozirda jamoa “Xetafe”dan bir ochko kam jamg‘argan holda, beshinchi o‘rinda turibdi.

“Betis” raqibiga yetarlicha qarshilik ko‘rsatishi shubhasiz. Zero aynan yuqori o‘rinlardagi jamoalarga qarshi Kike jamoasini yaxshi tayyorlay olmoqda. Bu mavsumda “Betis” “Barselona”ni ham (safarda), “Atletiko”ni ham mag‘lubiyatga uchrata olgani ko‘p narsadan darak beradi.

Tarkiblar borasida sezilarli muammolar yo‘q. Mezbonlar safida Uyeber, Nolito hamda Mesalar maydonga tusha olishmasa, “Betis” Guarero va Firponing xizmatidan foydalana olmaydi. Firpo so‘nggi haftalarda mashg‘ulotlarni boshlaganini ta'kidlab o‘tamiz. 

LIVeRPUL – CheLSI (14 aprel, 20:30)

APL tarixida “Liverpul” hali biror marta ham chempion bo‘la olmagan. Ammo bu sovringa ular qachon eng yaqin kelganliklarini ham yaxshi bilasiz. Agar “Liverpul” 2014 yilning so‘nggi 4 o‘yinida g‘alaba qozonganida, chempionga aylanardi. O‘sha o‘yinlarning dastlabkisi “Chelsi”ga qarshi “Enfild”da bo‘lib o‘tgani esingizga tushdimi? Jyerardning kutilmaganda yiqilib tushishi va Demba Baning hisobni ochishi bilan boshlangan o‘yin 2:0 hisobida mehmonlarning g‘alabasi bilan yakunlangan va “Liverpul” chempionlikdan quruq qolgandi. O‘shanda “Chelsi” YeChL yarim finalida “Atletiko”ga qarshi o‘ynashi kerak bo‘lgan va Joze Mourino “Enfild”da aralash tarkibni tushirishga majbur bo‘lgandi.

Bu safargi holat biroz teskari – ha, yana “Liverpul” bu o‘yinda ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q, ammo Chempionlar ligasida aynan Klopp shogirdlari qatnashishmoqda. Bu o‘yindan uch kun o‘tib ham, “Liverpul” Portugaliyaga safar qiladi va “Portu” bilan yarim finalga chiqish uchun ikkinchi o‘yinini o‘tkazadi. O‘z navbatida, “Chelsi” ham yevrokuboklardan xoli emas, londonliklar “Slaviya” maydonidan minimal hisobdagi g‘alaba bilan qaytdilar.

Umuman, yuqorida eslangan besh yil oldingi uchrashuvdan farqli ravishda, bu safar har ikki jamoa ham ochko yo‘qota olmaydi. “Chelsi” YeChL yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlar uchun qattiq kurash olib bormoqda va bu o‘yin mavsum so‘ngidagi eng qiyin vazifalardan biridir. Demak, yevrokuboklardagi muhim chorak finallar o‘rtasida turgan har ikkala jamoa ham bu o‘yinda o‘ta jiddiy qarashga majbur, ikkinchi tarkiblar haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

5 o‘yindan beri “Liverpul” “Chelsi” ustidan g‘alaba qozona olmayotganini aytib o‘tish lozim. Bu o‘yinlarning uchtasida, jumladan, ushbu mavsumning birinchi davrasidagi o‘yinda ham, bir xil – 1:1 hisobi qayd etilgan.  Shuningdek, Klopp va Sarri bu mavsumda Liga kubogi o‘yinlarida ham to‘qnash kelishdi, bu o‘yinda “Chelsi” safarda 2:1 hisobida ustun keldi. Londonliklar yakunda ushbu turnir finaligacha borganliklarini va “Manchester Siti”ga imkoniyatni boy berganliklarini bilasiz.

Raqiblarning sport formasiga qarasak, “Liverpul” yanvar oyida APLda va Angliya kubogida ikki marta qatorasiga mag‘lubiyatga uchragandi – shundan buyon Klopp jamoasi mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Jumladan, oxirgi olti o‘yinda qatorasiga g‘alaba qozonildi. “Chelsi”da ham 4 o‘yindan iborat g‘alabali seriya bor va bu o‘yinlarda jamoa atigi 1 marta gol o‘tkazib yubordi xolos. Qizig‘i, har ikki jamoaning ham ochko yo‘qotgan so‘nggi o‘yini “Gudison Park”dagi “Everton”ga qarshi bahs bo‘lib turibdi.

VALeNSIYa – LeVANTe (14 aprel, 23:45)

Bu turdagi ikkinchi derbi “Mestalya”da bo‘lib o‘tadi. Chempionlar ligasi o‘rinlari uchun kurash olib borayotgan “Valensiya” o‘z maydonida ashaddiy raqibi “Levante”ni qabul qiladi. Bu safargisi yanada qizg‘in bo‘lishi shubhasiz, chunki har ikki jamoa turnir vazifalarini bajarish uchun g‘alaba qozonishlari shart.

“Valensiya” Ispaniya chempionatida 12, barcha musobaqalarda esa, 17 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyani o‘tkazdi va natijada kuchli to‘rtlikka yaqinlashib olishga muvaffaq bo‘lgandi. Bu o‘yinlar ichida “Sevilya” bilan safarda, “Real” bilan o‘z maydonida erishilgan ajoyib g‘alabalar ham bor edi. Ammo kutilmaganda “Rayo Valekano” maydonidagi mag‘lubiyat seriyani ham to‘xtatdi, “Valensiya”ning kuchli to‘rtlik uchun imkoniyatini ham biroz pasaytirdi. Endi “ko‘rshapalaklar” “Xetafe”dan 4, “Sevilya”dan 3 ochko kam ochko jamg‘argan holda, 6-o‘rinda bormoqdalar.

“Levante”ning ham o‘z kurashi bor. Pako Lopes shogirdlari 33 ochko jamg‘argan holda, 16-o‘rinni egallab turishibdi va ularni xavfli zonadan atigi 3 ochko ajratib turibdi xolos. Pastki o‘rinlardagi “Selta”, “Valyadolid” va “Vilyareal” “o‘lik” emas, ligada qolish uchun bor imkoniyatni ishga solayotganliklarini e'tiborga olsak, “Levante”ning ham bo‘shashishga haqqi yo‘q. So‘nggi yetti o‘yinda g‘alaba nashidasini surmagan “Levante” uchun endi ortga yo‘l yo‘q.

Valensiya derbilari mezbonlarning yaqqol ustunligi bilan ajralib turadi. Masalan, “Valensiya” o‘z maydonidagi so‘nggi to‘rt o‘yinni barchasini ishonchli g‘alaba bilan yakunlagan bo‘lsa, “Levante” ham uy o‘yinlarida “Valensiya”ni qiynagan – 4 g‘alaba va 2 durang. Shu tomondan o‘yinda “Valensiya”ning imkoniyatini yuqoriroq baholash mumkindir, ammo yuqorida aytilganidek, “Levante”ga ham qolgan har bir o‘yin finalga tengdir. Buning ustiga “Valensiya” bu mavsumda uy uchrashuvlarida u qadar ishonchli ko‘rinmayapti – 16 o‘yindan atigi 5tasida g‘alaba qozonilgan, 10 o‘yin durang bilan nihoyalangan.

UOTFORD – ARSeNAL (15 aprel, 23:55)

Baribir, UYeFAga qoyil qolish kerak. Yevropa Chempionlar ligasi degan shunday bir ajoyib turnir o‘ylab topilganki, aynan shu tufayli, ligalarda mavsum oxirigacha intrigalar saqlanib kelmoqda. Mana bugun hikoya qilinayotgan beshinchi uchrashuvda ham aynan YeChL yo‘llanmasi diqqat markazida bo‘lib turibdi.

Bir paytlar o‘zi juda yoqtirgan to‘rtinchi uchun kurashda “Arsenal” navbatdagi qiyin uchrashuvlaridan birini o‘tkazadi. Londonliklar mart oyi boshlarida o‘z maydonida “Manchester Yunayted” ustidan g‘alaba qozongach, ko‘pchilik, to‘rtlik uchun kurashda Emeri jamoasi boshqalarga qaraganda favorit ekanini ayta boshlagandi. Buning asosiy sababi, o‘sha o‘yin “Arsenal” uchun so‘nggi top-uchrashuv bo‘lgandi. Lekin vaziyatga chuqurroq qarasak, “Arsenal” biz o‘ylagandan ancha qiyinroq va noqulay taqvimga ega ekanini ko‘ramiz. Birinchidan, qolgan o‘yinlarning aksariyat qismini jamoa safarda o‘tkazadi. Raqiblar ham “Uotford”, “Vulverhempton”, “Lester”, “Byornli” kabi murosasiz jamoalardir.

Ikkinchidan, “Arsenal” aynan safardagi o‘yinlarda juda yomon natijalar ko‘rsatmoqda. O‘z maydonidagi o‘yinlar bo‘yicha “Liverpul” bilan bir xil natija ko‘rsatgan Emeri jamoasi safar o‘yinlarida “Liverpul”dan ikki barobar kam – atigi 19 ochko jamg‘argan. Safardagi 15 o‘yindan faqat 5tasi g‘alaba bilan yakunlangan, to‘plar nisbati bo‘yicha ham minus ko‘rsatkich. Bu borada “Arsenal” ligada 10-o‘rinda bormoqda va bu safargi raqibi “Uotford”dan ham yomonroq ko‘rsatkich qayd etgan. Shuningdek, barcha safar o‘yinlarida gol o‘tkazib yuborgan APL dagi yagona klub ham aynan “Arsenal”dir.

Bu statistikalar, hamda “Everton”ga qarshi so‘nggi o‘yindagi mag‘lubiyat ham, Emeri jamoasining muammolarini tasdiqlaydi va “Uotford”da g‘alaba qozonish uchun imkoniyat yetarli ekanidan dalolat qiladi. Xususan, bu raqiblarning “Uotford”da o‘tgan so‘nggi o‘yinida ham mezbonlar 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishgandilar.

Bundan tashqari, “Arsenal” payshanba oqshomida “Napoli”ga qarshi Yevropa Ligasi o‘yinida ham maydonga tushdi. Kuchli to‘rtlik uchun kurash o‘z yo‘liga, ammo bu musobaqaga ham qo‘l siltash yaramaydi. Chunki Yevropa Ligasida g‘olib chiqish orqali ham YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘lish mumkinligini bilamiz. “Arsenal” o‘tgan yili ham shu yo‘ldan borib ko‘rgan, lekin yarim finalda “Atletiko”ga imkoniyatni boy bergandi. Bu uchrashuv dushanba oqshomida bo‘lib o‘tadi, Emeri shogirdlarida tiklanib olish uchun uch kun vaqt bor, lekin shunday bo‘lsa-da, raqiblarning jismoniy holati bu o‘yinda teng bo‘lmasligi tayin.

“OLTIN” UChRAShUVLAR

Asosan Chempionlar ligasi yo‘llanmalarini hal qiladigan o‘yinlar haqida gaplashdik. Shu bilan birga, ikki chempionatda aynan shu turda chempionlik masalasi rasman hal bo‘lishini ham eslatib o‘tishimiz darkor. Italiyada “Yuventus”, Fransiyada esa “PSJ” aprel oyining o‘rtasidayoq mamlakat chempionlariga aylanishlari mumkin.

Shanba kuni soat 18:00da “Yuventus” safarda A Seriyada qolish uchun kurashayotgan SPAL bilan o‘ynaydi va bu o‘yin Italiyada tur o‘yinlarini ochib beradi. Bu o‘yinda agar “Yuventus” g‘alaba qozonadigan yoki durang qayd etadigan bo‘lsa, qatorasiga sakkizinchi marta Italiya chempioniga aylanadi. Mag‘lubiyat ham turinliklarni shu turda chempionga aylantirishi mumkin, faqat bu holatda “Napoli” ham ochko yo‘qotishi kerak bo‘ladi.

Parijliklar esa, aslida o‘tgan turdayoq masalani uzil-kesil hal qilishlari mumkin edi. “PSJ” “Strasbur” bilan 2:2 durang o‘ynadi, Erik Shupo-Motting esa, ochiq darvozaga ura olmay, internet tarmoqlarida hammaning kulgisiga sabab bo‘ldi. O‘sha gol parijliklarni chempionga aylantirar edi.

“PSJ” bu turda eng yaqin ta'qibchisi “Lill” mehmoni bo‘ladi va bu o‘yindagi durang ham jamoani rasman chempionga aylantiradi. O‘yin yakshanba kuni 23:55da boshlanadi.  

BOShQA O‘YINLAR

13 aprel. TOTTeNHEM – HADDeRSFILD (16:30), Ueska – BARSeLONA (19:15), ROMA – Udineze (21:00), MANCheSTeR YuNAYTeD – Vest Hem (21:30), BORUSSIYa D – Mayns (21:30), ATLeTIKO – Selta (21:30)

14 aprel. Kristal Pelas – MANCheSTeR SITI (18:05), Fortuna – BAVARIYa (18:30), Kevo – NAPOLI (21:00), Frozinone – INTeR (23:30)

Ko‘proq yangiliklar: