Keynning jarohati va Gvardiolaning xavotiri. «Siti» YeChLsiz qoladimi?

Sport 15:00 / 10.04.2019 16580

Chempionlar ligasining chorak finalida Angliyaning eng yaxshi ikki jamoasi turlicha o‘yin ko‘rsatdi: «Liverpul» «Portu» maydonida xotirjamlik bilan g‘alabaga erishgan bo‘lsa (2:0), «Manchester Siti» «Tottenhem» maydonidan mag‘lubiyat bilan qaytdi (0:1).

Chempionlar ligasi, 1/4 final. Birinchi o‘yinlar
«Tottenhem» (Angliya) - «Manchester Siti» (Angliya) - 1:0 (0:0) 
Gol: Son Xin Min, 78.
Aniq ijro etilmagan penalti: Aguero, 13 (darvozabon)
«Tottenhem»: Lloris, Tripper, Alderveyreld, Fertongen, Rouz, Eriksen, Uinks (Vanyama, 81), Son Xin Min, Sissoko, Keyn (Lukas Moura, 58), Alli (Lorente, 87). 
«Manchester Siti» (Angliya): Ederson, Uoker, Lyaport, Otamendi, Delf, Fernandinyu, Gundo‘g‘an, Silva (Sane, 89), Sterling, Mahrez (De Breyne, 89), Aguero (Gabriel Jyezus, 71). 
Ogohlantirishlar: Rouz, 12. Lyaport, 28. Mahrez, 59. 
Hakam: Kaypers (Niderlandiya).
9 aprel. London. «Uayt Hart Leyn» stadioni.
Javob o‘yini - 17 aprel

Uydagi debyut
«Tottenhem» va «Manchester Siti» o‘zaro o‘nlab o‘yinlar o‘tkazishgan, Maurisio Pochettino va Xosep Gvardiola futbolchilik vaqtidayoq «Espanol» va «Barselona»da ko‘p marta bir-biriga qarshi to‘p tepgan. Navbatdagi qarama-qarshilik arafasida esa eng ko‘p muhokama qilingan mavzu murabbiylar va jamoalar emas, mezbonlarning yangi stadioni bo‘ldi. O‘yindan oldin «shaharliklar» yetakchisi Kevin de Bryuyne bu mavzuga bepisandlik bilan qarab, «barchaning ham o‘z stadioni borligini, shu tufayli o‘yin qanday stadionda bo‘lishi ahamiyatsizligi»ni qayd etib o‘tdi. Londonliklar esa yangi stadiondagi debyutda g‘alaba qozonishlariga ishonishayotgandi.

«Ehtimol, «Siti» futbolchilari bizning hissiyotlarimizni tushunishmayotgandir, chunki ular hamisha o‘z uylarida o‘ynab kelishgan. Biz esa qariyb ikki yil davomida o‘zimizga begona stadionda to‘p surdik», dedi hayajon bilan Son Xin Min. Keyingi kuni esa «Tottenhem» sayti Keynning so‘zlarini keltirdi: «Uembli»da bir qancha o‘yinlar ajoyib o‘tgan, ammo hech qachon biz o‘z uy stadionimizda o‘ynayotganimizni his qilmaganmiz. Biz bunday energiyadan foydalanishimiz va g‘alaba qozonishga harakat qilishimiz zarur».

«Siti»ga qarshi bu o‘yinni faoliyatidagi eng muhimlaridan biri sifatida hisoblagan Pochettino futbolchilaridan aynan shunday kayfiyatda o‘yinga tayyorlanishni talab qilgandi. 

Loris metin qoya

O‘yin debyutida maydon egalari oldinga tashlanishdi, Sissoko jarima maydoniga kirib bordi va Allining uzun pasini darvoza tomon yo‘lladi, to‘p darvoza to‘sini yuqorisidan o‘tib ketdi. Keyin esa arena tarixiga kirgulik voqea sodir bo‘ldi. Avvaliga burchak zarbasi belgilagan hakam Bern Kaypers videohakamdan bildirgi olgach, videotakrorni mustaqil ko‘rib chiqdi va Sterlingning zarbasi Rouzning qo‘liga tekkan deb topib, 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi.

Tribuna jim bo‘lib qoldi, ammo Loris Agueroning zarbasini bartaraf etganidan keyin barcha oyoqqa turdi.

Bu yerda stadion bosimi argentinalik hujumchiga ta'sir ko‘rsatmadimi? Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, gap faqat bunda emasligini ko‘rishimiz mumkin. Joriy yilda Loris qo‘riqlayotgan darvoza tomon uch marta penalti qo‘yilgan va fransiyalik darvozabon Vardi, Obameyang hamda Aguero kabi top hujumchilarning zarbalarini qaytargan. Loris 2006 yilda Yevropaga kelgan Kun Agueroga ikki marta penaltidan gol urishga yo‘l qo‘ymagan yagona darvozabon. Loris chapga sakradi, Aguero keyingi ikki mavsum davomida asosan shu tomonga tepgan va biror marta adashmagandi.

Keynning jarohati
Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, hujumchilarni gipnoz qilish Edersonning ham qo‘lidan kelarkan. Braziliyalik darvozabon birinchi bo‘lim o‘rtalarida Keyn oddiy vaziyatda gol urishiga yo‘l qo‘ymadi. Bu Aguero penalti urolmagan vaziyatdan kam emasdi. Keyn qaror qabul qilishda biroz kechikkandi. «Tottenhem»ning hujum chizig‘i baxsiz hodisalar tufayli kuchsizlandi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida qanotda harakatlanayotgan Delfni qarshi olgan Keyn oyog‘iga kuchli zarba qabul qilib oldi. Natijada Pochettino uni maydondan oldi, angliyalik futbolchi endi hassalarga tayanib yurishga majbur.

Murabbiylarning futbolchi almashtirishlari o‘yinga turlicha ta'sir ko‘rsatdi. Gvardiola Aguero o‘rniga Gabriel Jyezusni tushirdi. Oxirgi ikki transfer oynasida yangi futbolchi sotib olmagan londonliklar safidagi eng kuchli zaxira esa Lukas Moura edi va u Keynning o‘rniga tushirilgach, jamoa 4-4-2 sxemasida o‘ynay boshladi. «Tottenhem» raqib jarima maydoniga bosimni oshirdi, vaziyatlardan birida to‘pni o‘ziga bo‘ysundirish chog‘ida o‘ta ishonchsiz harakat qilgan Son Xin Min alaloqibat o‘sha hujumni o‘zi gol bilan yakunladi.

O‘yinning oxirgi daqiqalarida «shporlar» Allidan ham ayrilishdi, ammo hozir Londonda bayram, bir haftadan keyin yangi o‘yin bo‘ladi.

Tishsiz ajdarlar. «Liverpul» bir oyog‘i bilan yarimfinalda

«Liverpul» (Angliya) - «Portu» (Portugaliya) - 2:0 (2:0)
Gollar: Keyta, 5 (1:0), Roberto Firmino, 26 (2:0)
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold, Lovren, van Deyk, Milner, Henderson, Fabinyu, Keyta, Saloh, Roberto Firmino (Starrij, 82), Mane (Origi, 73). 
«Portu»: Kasilyas, Maksi Pereyra (Fernandu, 77), Felipe, Eder Militau, Telles, Korona, Danilu Pereyra, Oliver Torres (Brunu Koshta, 73), Otaviu, Marega, Soares (Braximi, 62). 
Ogohlantirishlar: Soares, 17. Felipe, 61. 
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya).
9 aprel. Liverpul. «Enfild» stadioni.
Javob o‘yini - 17 aprel.

Yarimfinalsiz 15 yil
YeChLning chorak finalidagi «Liverpul» - «Portu» juftligi bu bosqichdagi eng intrigasiz juftlik edi. O‘tgan mavsum nimchorak finalida «ajdarlar» o‘z maydonida 0:5 hisobida yutqazgan (javob o‘yinida 0:0), shundan kelib chiqqan holda bu juftlik taqdiri oldindan ma'lum deb hisoblanilayotgandi. 

Bu safar ham portugallar uchun chorak final armon bo‘lib qoladigan bo‘ldi - jamoa 15 yildan buyon YeChLning bu bosqichiga chiqa olmayapti. 15 yil muqaddam Joze Mourino «Portu» bilan nafaqat yarimfinalda, balki finalda ham o‘ynab, «Monako»ni mag‘lub etgan holda bosh sovrinni yutib olgandi. «Liverpul» raqibning bu omadsiz seriyasini yakunlashga rozi emasdi.

APLning o‘tgan turida «Sauthempton»ni mag‘lub etib (3:1), turnir peshqadamligini qaytarib olgan bo‘lsa-da zaxirasida bir o‘yin bor «Siti»dan uzoqlashib ketolmayotgan «Liverpul» YeChLda yarimfinalni bir o‘yindayoq hal qilib, keyin yana bor e'tiborini ichki chempionatga qaratish uchun maydonga tushdi.

O‘z navbatida, «Portu» ham javob o‘yini rasmiyatchilikka aylanib qolmasligi uchun bor kuchi bilan harakat qildi. Ayniqsa mehmonlarning malilik hujumchisi, YeChLning joriy mavsumida 6 gol urishga erishgan Marega bu o‘yinda ham hammadan ko‘proq harakat qildi. Uning birinchi zarbasi darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi, keyingi hujumda uning zarbasi yo‘liga van Deyk to‘g‘anoq bo‘ldi. Tanaffus arafasida Marega yana oldinga tashlandi, bu vaziyatda mersisaydliklar goldan qutulib qola olmaydigandek ko‘ringandi, ammo Bekker bunga qarshi bo‘ldi: braziliyalik darvozabon avvaliga Mareganing zarbasini oyoqlari bilan to‘sdi, Mareganing qaytgan to‘pga bergan zarbasi ham darvozabondan o‘tmadi.

Keyta va Firminoning gollari

«Portu»ning birinchi bo‘lim oxiridagi faolligi tushunarli edi - bungacha mezbonlar ikki bor Kasilyas qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qilishga ulgurishgandi. Birinchi gol o‘yinning 5-daqiqasidayoq urildi - Mane chap qanotdan jarima maydoniga kirib, Firminoga pas uzatdi, u esa Keytaga. Keytaning zarbasi mehmonlar himoyachisi Torresning oyoqlariga tegib, rikoshet orqali darvoza to‘riga borib tushdi. Bu gol gvineyalik futbolchining «Liverpul»dagi ikkinchi golidir, u bir necha kun oldin «Sauthempton»ga qarshi o‘yinda debyut golini nishonlagandi.

Bo‘lim o‘rtalarida Firmino mezbonlarning ikkinchi golini urdi - Henderson o‘ng qanotda yugurgan Aleksandr-Arnoldni to‘p bilan ta'minladi, vinger esa darvozabon hududiga to‘pni aniq tashlab berdi, bo‘sh darvoza qarshisida bo‘sh qolgan braziliyalik futbolchi osonlik bilan darvozani ishg‘ol qildi.

O‘yin davomida Saloh hisobni yiriklashtirish uchun urindi, ammo misrlik futbolchi Kasilyasni dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘lolmadi - ispaniyalik posbon bir safar uning zarbasini ushlab oldi, boshqa safar Saloh yakkama-yakka vaziyatda to‘pni olis burchakka to‘g‘ri yo‘naltirolmadi. 

Serji Konseysau «Portu»ni keyingi 15 yillikda ilk marta yarimfinalga olib chiqish uchun hech narsa qilolmadi. Ikkinchi bo‘limda Bekker birinchi bo‘limdagidan kamroq ishladi, kerakli hisobga erishib bo‘lgan «Liverpul» to‘pni ishonch bilan nazorat qildi, mehmonlar raqib mudofaasidan o‘ta olishmadi. Yurgen Klopp gol o‘tkazmasdan erishilgan g‘alabadan keyin yarimfinal sari katta qadam tashladi. 

Inglizlarda imkoniyat qanday?

Premer liga klublari transferlar uchun «vagon-vagon» pul sarflaydi, telekanallar bilan rekord darajadagi shartnomalar tuzadi va o‘z stadionlaridagi tomoshabop o‘yinlar bilan mag‘rurlanadi.

Ammo ingliz klublari xalqaro maydonda katta g‘alabalarga erisha olishmayapti. 10 yildan buyon YeChLning yarimfinaliga birdaniga ikki ingliz jamoasi chiqqani kuzatilmadi. Umuman, 2009-10 yilgi mavsumdan buyon yarimfinalga faqat 5 britan klubi yo‘l olgan.

Ammo keyingi yillarda ingliz klublarida ham o‘sish kuzatila boshlandi. Bu «Manchester Siti» evaziga bo‘lmoqda. Gvardiola jamoasi o‘tgan mavsumda 100 ochko to‘pladi va kamida bitta raqibini o‘z boshidan baland sakrashga majbur qila oldi. Bu mavsumda «Liverpul» «Manchester Siti» darajasiga deyarli tenglashib oldi. «Deyarli», chunki qizillar bu mavsumda «shaharliklar»dan farqli ravishda 4ta emas, 2ta turnirda kurash olib bormoqda. Angliya Ligasi Kubogi va Angliya Kubogini erta tark etgan Klopp allaqachon tanbeh olib bo‘ldi va qolgan ikki turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun intilmoqda. 

Qizillar YeChL yarimfinali masalasini amalda hal qilishdi. Nisbatan oson raqibga qarshi o‘ynagan jamoa kuch ham tejadi va shu hafta oxirida APL doirasida «Chelsi»ga qarshi kechadigan o‘yinga yo‘qotishlarsiz boradi. 

Angliyada hamisha «Tottenhem» ustidan sovrinsizligini pesh qilib kulib kelishgan. Eng oxirgi hazillardan biri Kapu va Gomes «Uotford» bilan sobiq jamoasi «Tottenhem»dan oldinroq Angliya Kubogiga chiqqani haqidadir. Bu haqdagi eng mashhur hazillardan birida «Bryugge tubidagi pistirma» filmidan iqtibos keltiriladi: «Sen cho‘kib ketmading, ammo cho‘qqiga ham chiqolmading. Xuddi «Tottenhem» kabi».

Londonliklar «Manchester Siti»ni ham pastga tortmoqda. Jamoa Angliyada chempionlik poygasini tark etdi, ammo martga qadar ko‘klar va qizillar bilan bir darajada o‘yin ko‘rsatib kelishgandi. Albatta, agar bu jamoada «Siti» kabi mo‘ljal bo‘lmaganida bunday saviyada o‘yin ko‘rsatilishi amrimahol edi.

Endi esa Gvardiola o‘z buyukligiga asir tushgan - u boshqa jamoalarni ham kuchaytirib, o‘zi bilan cho‘qqiga olib chiqmoqda va bu jamoalar uni chalish payidan bo‘lmoqda. O‘tgan yilgi «Tottenhem» «Manchester Siti»ni mag‘lub etolmagan bo‘lardi. «Shporlar» 2017-18 yilgi mavsumdagi ikki o‘yinda jami 2:7 hisobida yutqazgandi.

Albatta, Loris Agueroning penaltidan bergan zarbasini qaytarganida matnda boshqa sarlavha bo‘lishi mumkin edi. Agar bu o‘yinda videotakrorlardan foydalanmaganida va hakam penalti belgilamaganida o‘yinda voqealar rivoji butunlay boshqacha kechishi mumkin edi. Lekin «Siti» gol urolmadi va darvozaga zarbalar berish bo‘yicha ko‘rsatkichda ham ortda qoldi. 

Hali oldinda javob o‘yini bor, ammo Gvardiola asabiylashishni boshladi. U futbol dahosi bo‘lgani uchungina to‘rtta sovrinni berib qo‘yaverishmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: