Kanada provinsiyasida o‘qituvchilarga diniy atributlar taqiqlanishi mumkin

Jahon 08:37 / 10.04.2019 10051

7 aprel, yakshanba kuni Kanadaning ikkinchi eng yirik shahri Monrealda «Davlatning dunyoviyligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga qarshi tinch norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu ommaviy aksiya hujjat loyihasi e'lon qilinganidan buyon o‘tkazilgan namoyishlarning eng yirigi bo‘ldi.

Hududiy jihatdan Kanadadagi eng yirik provinsiya hisoblanuvchi Kvebekda 21-sonli qonun loyihasi (Bill 21) 28 martda muhokamaga qo‘yildi va u katta ehtimol bilan yozgacha tasdiqdan o‘tib, amal qila boshlashi kutilmoqda. Qonun belgilangan toifadagi davlat xizmatchilariga, jumladan maktab o‘qituvchilariga ham ish vaqtida diniy libosda bo‘lish va diniy mansublikni bildiruvchi atributlar taqishni taqiqlaydi.

Kimga va nimani man etishmoqchi?

Kvebek Immigratsiya vazirligi rahbari, qonun loyihasining asosiy tashabbuskorlaridan biri Simon Jolin-Barrettning so‘zlariga ko‘ra, agar qonun kuchga kirsa, diniy atributlarning barcha turlari – musulmon ayollarning niqob va hijoblari, nasroniylar uchun xochlar, sikxlarning dastorlari (salla) va shu kabilar – ularning o‘lchamidan qat'i nazar, ma'lum toifa vakillari uchun man etiladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, taklif etilayotgan cheklovlar soch turmaklari va tatuirovkalarga daxldor emas.

Bosh vazir Fransua Lego va parlamentariylar 21-sonli qonun loyihasi tashabbuskori immigratsiya vaziri Simon Jolin-Barretni olqishlamoqda (28 mart)
Foto: Jacques Boissinot/Canadian Press

Hujjatda taqiq tegishli bo‘lgan kasb xodimlarining quyidagicha ro‘yxati keltirilgan:

– qurollangan davlat xizmatchilarining barcha toifalari, xususan politsiya ofitserlari, sud konstebllari, tansoqchilar, qamoqxona soqchilari va yovvoyi tabiat qo‘riqchilari;

– prokurorlar, hukumat yuristlari va sudyalar;

– maktab direktorlari, ularning o‘rinbosarlari va o‘qituvchilar.

Nega maktab rahbarlari va o‘qituvchilar?

Ro‘yxatning so‘nggi bandi eng ko‘p e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda, minglab namoyishchilar ham ayni shu band tufayli ko‘chalarga chiqishgan. Qonunda ilgari surilayotgan taqiqlov tarafdorlarining fikricha, bu yerda gap erkaklar va ayollarning teng huquqliligi ustida ketyapti. G‘oya mualliflari: «Barcha dinlarda ham ayollar erkaklar bilan teng ko‘rilavermaydi, o‘qituvchi ayolda ana shunday diniy mansublikni ko‘rgan bolalar esa gender tengsizligi tushunchasi bilan ulg‘ayadilar. Masalan, bola ustozidagi niqob yoki hijobni ayollarning erkaklardan pastroq darajada turishini anglatuvchi ramz sifatida qabul qilishi mumkin», deb hisoblashmoqda. Jumladan, Kvebek bosh vaziri Fransua Lego ham shunday fikrda:

Fransua Lego
Foto: The Canadian Press Images/Ghyslain Bergeron

«Bu ayollar erkaklar bilan teng huquqli emas, degan g‘oyani bolalar ongiga singdirishi mumkin. Buni o‘quvchilar ba'zi dinlar boshqalaridan ustun turadi, deb tushunishlari ham mumkin. Men Kvebekdagi hozirgi davrda bu qaror asosli va adolatli qabul qilinmoqda, deb hisoblayman.

Biz farzandlarimiz uchun eng yaxshisini tanlashimiz kerak. Odatda 5, 6 yoki 7 yoshli qizcha uchun uning o‘qituvchisi namuna bo‘lib ko‘rinadi. Biz davlat va dinni ajratish to‘g‘risida qarorlar qabul qildik, endi bu qarorlar lavozimdagi shaxslarda ham o‘z aksini topishi kerak», – degan provinsiya hukumati rahbari.

Fransua Legoning qo‘shimcha qilishicha, qonun amal qila boshlagan vaqtda o‘z lavozimida ishlab turgan ba'zi toifa vakillariga hujjatda ko‘zda tutilgan majburiyatlar daxldor bo‘lmaydi. Bu toifada maktab o‘qituvchilari ham bor, ya'ni ular boshqa maktabga ishga o‘tmagunlariga qadar yoki lavozimlari o‘zgarmaguncha diniy libos va atributlarda ishga kelishlari mumkin. Boshqacha aytganda, qonun talablari faqat yangi ishga joylashayotgan o‘qituvchilarga taalluqlidir. Bu esa muallima yoki yana ayrim turdagi kasblardan birining egasi bo‘lishni istayotgan fuqarolarni tanlov oldida qoldiradi: ular yo diniy e'tiqodini, yoki sevimli kasbini tanlashga majbur bo‘ladilar.

Sud va Kanada federal hukumati nima deydi?

21-sonli qonun loyihasi – Kvebekda sekulyar jamiyatni qaror toptirish yo‘lidagi huquqiy choralarning dastlabkisi emas. Provinsiyada o‘n yildan ko‘proq vaqtdan buyon musulmon ayollarning niqob va hijobi masalasi doimiy muhokamalar mavzusiga aylangan.

2017 yil oktabr oyida Kvebekda davlat xizmatlaridan foydalanayotgan fuqarolar va bu xizmatlarni taqdim etayotgan xodimlar jarayon vaqtida yuzlari to‘la yopilgan holda bo‘lishlarini taqiqlovchi qonun (Bill 62, «Diniy neytrallik to‘g‘risida») qabul qilingandi, ammo oradan ikki oy o‘tgach, mazkur qonun ustidan shikoyat qilgan Kanada musulmonlari milliy kengashi va Kanada inson huquqlari assotsiatsiyasi sudda yutib chiqdi. Sud qonunda ko‘zda tutilgan taqiqlarni Kanada Huquq va erkinliklar xartiyasiga zid, deb topdi va uning ma'lum qismlarini amaldan to‘xtatib qo‘ydi.

2018 yil oktyabrida Kvebekda Milliy Assambleyaga saylov bo‘lib o‘tdi va unda «Kvebek kelajagi uchun koalitsiya» partiyasi ilk marta parlamentdagi ko‘pchilik o‘rin bilan g‘alaba qozondi hamda hukumatni shakllantirish huquqini qo‘lga kiritdi – partiya asoschisi Fransua Lego bosh vazirga aylandi. Bundan avvalgi hukumat tepasida turib, ikki yil oldingi 62-sonli qonun tashabbuskori bo‘lgan Kvebek liberal partiyasi esa 2018 yilgi saylovda Legoning tarafdorlaridan ikki barobarga kam o‘ringa ega bo‘ldi va parlamentda rasmiy muxolifatchiga aylandi.

Shunday bo‘lsa-da, har ikkala partiyaning ijtimoiy-diniy sohadagi siyosati bir-biridan aytarli farq qilmaydi. Aksincha, «Kvebek kelajagi uchun koalitsiya» sekulyarizm o‘rnatishda o‘zidan avvalgi hukumatdan-da qat'iyroq kurashga kirishdi. 2017 yildagi «Diniy neytrallik to‘g‘risida»gi qonundan farqli o‘laroq, 28 martda e'lon qilingan «Davlatning dunyoviyligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini sud orqali to‘xtatib qo‘yishning imkoni yo‘q. Boisi Fransua Lego tarafdorlari qonunni ishlab chiqishda Kanada yurisdiksiyasida kamdan kam hollarda qo‘llanuvchi, Huquq va erkinliklar xartiyasini vaqtincha chetlab o‘tish imkonini beradigan huquqiy banddan (notwithstanding clause) foydalanganlar. Kanada Huquq va erkinliklar xartiyasiga binoan, mamlakat federal parlamenti va provinsiyalarning qonun chiqaruvchi hokimiyatlari xartiyaning muayyan bandlariga (ular orasida vijdon erkinligi bandi ham bor) zid keluvchi qonunlarni besh yilgacha muddatga vaqtincha amal qilish uchun qabul qilish huquqiga ega. Bunday holatda parlament tasdiqlagan qonunni sud hokimiyati cheklab qo‘ya olmaydi.

Darvoqe, taklif etilayotgan qonun (Bill 21) qabul qilingan taqdirda (Lego iyun oyigacha bunga erishish niyatida ekanini ma'lum qilgan), unga asosan Kvebek Inson huquqlari va erkinliklari xartiyasiga ham o‘zgartirish kiritiladi. Hujjatdagi: «Shaxs o‘zining eng asosiy huquq va erkinliklaridan foydalanar ekan, demokratik qadriyatlar, jamoat tartibi va Kvebek fuqarolarining umumiy farovonligiga nisbatan hurmat saqlashi lozim», jumlasida «demokratik qadriyatlar» so‘zlaridan keyin «davlatning dunyoviyligi» birikmasi qo‘shiladi.

Shunga muvofiq, parlament majlislar zalida spikerning o‘rindig‘i («taxti») yuqorisiga ilingan ulkan xoch ramzi ham boshqa joyga ko‘chirilishi kutilmoqda. U 1936 yilda o‘rnatilgan.

Foto: Mathieu Belanger/Reuters

E'tiborlisi, qonun loyihasiga qarshi chiqayotganlar qatorida Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ham bor. U loyiha e'lon qilingan kuniyoq: «Men erkin jamiyatda fuqarolar qonun asosida diniy e'tiqodiga qarab ajratilishini tasavvur ham qila olmayman», deya munosabat bildirgandi.

Ma'lumot uchun, Kvebek – maydoni jihatidan Kanadaning eng yirik hududiy birligidir. Kanada konstitutsiyasiga asosan, ushbu provinsiya ko‘plab sohalarda qonunlarni mustaqil tarzda qabul qiladi. Vaqti-vaqti bilan separatistlar mustaqillik da'vosi bilan chiqib turishadi, bu masala ikki marotaba referendumda ovozga ham qo‘yilgan.

Nega aynan Kvebekda shunday bo‘lmoqda?

Diniy libos masalasi mamlakatning ayni shu qismida eng ko‘p muhokama qilinishiga bir qator sabablar bor.

Birinchidan, provinsiyaga kelayotgan migrantlarning aksariyati Shimoliy Afrika mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchidan, Kvebek aholisining 80 foizdan ortig‘i provinsiyaning rasmiy tili – fransuzchada so‘zlashadi. Shu boisdan ham Fransiya 2004 yilda maktabga diniy ramzlar taqqan holda kelishni, 2010 yilda esa barcha jamoat joylarida musulmon ayollarning yuzni deyarli to‘liq to‘sib turuvchi niqobida bo‘lishni qonun bilan taqiqlagani kvebekliklarga ta'sir o‘tkazmay qolmagan. Uchinchidan esa, hududda islomofobiya darajasi yuqori. 2017 yilda Kvebek shahridagi Islom madaniyat markaziga namoz vaqtida ro‘y bergan qurolli hujum oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan, 19 kishi jarohatlangan edi. O‘sha yili boshqa shaxsga uning o‘zgacha e'tiqodi yoki tana rangi sababli sodir etilgan jinoyatlar (hate crimes) soni ham rekord darajagi yuqori ko‘rsatkichni qayd etgandi.

Shu va boshqa faktorlar hisobiga, Kvebekda diniy libos va atributlar masalasi eng ko‘p muhokama qilinuvchi mavzulardan biriga aylangan. Milliy Assambleyadagi 125 deputatdan 75 nafari o‘ng-markazchi partiya – «Kvebek kelajagi uchun koalitsiya» a'zosidir. 2017 yildagi «Diniy neytrallik to‘g‘risida»gi qonun bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashgan kvebekliklarning 76 foizi qonunni ma'qullagan, 24 foizi esa unga qarshiligini bildirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: