«Bunyodkor» akademiyasi ko‘chirib yuborilishi haqidagi xabar rad etildi

Sport 17:41 / 10.04.2019 6234

O‘zbek futbolida yangi mavsum boshlanishidan oldin O‘FAning Vazirlar Mahkamasiga kiritgan taklifi matni internetda tarqalgandi. 12 ta banddan iborat taklifda ba'zi klublar uchun homiy ajratish, futbolni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar qatorida «Bunyodkor» akademiyasini boshqa yerga ko‘chirish haqida ham gap borgandi.

Xususan 9-bandda shunday deyiladi: «O‘zbekneftgaz» AJ o‘n kun muddatda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshidagi Respublika bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasi Toshkent shahar, Bunyodkor shoh ko‘chasi 47-uy manziliga joylashtirilishi hamda «Bunyodkor» bolalar-o‘smirlar futbol maktabini boshqa manzilga ko‘chirish ta'minlansin». Tarjima qilamiz: «Bunyodkor» futbol akademiyasi hujjat imzolanganidan 10 kun o‘tib hozir joylashib turgan yeridan chiqib ketishi kerak. Qayerga ketishi esa aytilmagan.

Bu hujjat imzolanmay qolayotgandi. Tribuna.uz’ga ma'lum bo‘lishicha, 30 mart kuni hujjat imzolangan. Ayni damda O‘FA qoshidagi Respublika bolalar-o‘smirlar futbol maktabi «Bunyodkor» akademiyasiga joyni bo‘shatib qo‘yishini aytgan. Oldinroq Respublika bolalar-o‘smirlar futbol maktabi «Bunyodkor» akademiyasiga ko‘chmaydigan bo‘lgani va «qaldirg‘ochlar» akademiyasi bemalol faoliyatini davom ettirishi mumkinligi aytilgandi. Biroq ushbu hujjat imzolangach, yana akademiya ko‘chirib yuborilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Klub akademiyasi elektr tarmog‘i va issiqlik tizimidan uzib qo‘yilgan. Shu sabab yosh «qaldirg‘ochlar» mashg‘ulotlarni kech bo‘lmay tugatishga majbur bo‘lishmoqda. Chunki kechasi chiroq yo‘qligi sabab mashg‘ulot o‘tkazib bo‘lmaydi. O‘zbek futboliga eng ko‘p futbolchi yetakazib berayotgan akademiyalardan birining o‘quvchilari mashg‘ulotlardan so‘ng sovuq suvda yuvinishga majbur bo‘lishmoqda. Asosiy tarkib futbolchilarida ham shunday muammo.

Tayin joy ajratilmagan holda akademiyani ko‘chirib yuborish degani uning tarqalib ketishi bilan bir xil gap aslida. Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘FA vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan bog‘landik. Ahmadjonovning aytishicha, «Bunyodkor» akademiyasi hech qayerga ko‘chirilmaydi va o‘z faoliyatini davom ettiradi. Respublika bolalar-o‘smirlar futbol maktabi Toshkent shahar bolalar-o‘smirlar futbol maktabi bilan bir yerda tashkil qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: