Shirin ichimliklar iste'moli yurak kasalliklari rivoji xavfini oshiradi

Light 17:35 / 09.04.2019 14590

Inson ratsionida qandning me'yordan yuqori miqdorda bo‘lishi sog‘liq uchun zarardir. Darhaqiqat, gazli ichimliklar, konfetlar va qandolatchilik mahsulotlari nafaqat tishlarga ziyon yetkazadi, balki ortiqcha vaznning paydo bo‘lishiga ham sababchi bo‘ladi. Amerika kardiologlar assotsiatsiyasi jurnali esa yangi tadqiqot natijalarini taqdim etdi, unga ko‘ra, shirin ichimliklarni iste'mol qilgan kishilarda yurak-qon tomir kasalliklari va saratonning ba'zi turlari rivojlanishi xavfi yuqori bo‘ladi.

“Qanday ichimlik ichishingizdan qat'i nazar - u shakar qo‘shilgan qahva bo‘ladimi yoki sharbat - yuqori miqdordagi qand semizlik hamda diabetga olib keladi va shu tariqa yurak xuruji va insult xavfi oshishiga sabab bo‘ladi”, - deydi Oranj-Koust Tibbiyot markazi qoshidagi Yurak va qon tomirlari instituti kardiologi Sanjiv Patel Healthline’ga bergan intervyusida.

Qand muqobillari ham zarar

Kuniga bir shirin ichimlikni sun'iy shirinlashtirilgan ichimlikka (masalan, parhezli gazirovkaga) almashtirish o‘lim xavfini biroz pasaytiradi. Biroq agar ayol kishi bir kunda to‘rt va undan ko‘p shirinlashtirilgan ichimlikni iste'mol qilsa, u yanada yuqori xavf guruhida bo‘ladi.

Qanday ichimliklar zararli?

Shirinlashtirilgan gazli ichimlik – shirinlik miqdori nuqtai nazaridan sog‘liq uchun ziyon hisoblangan ichimliklarga yaqqol misol bo‘la oladi. Bugunga kelib amerikaliklar so‘nggi o‘n yildagiga nisbatan ancha ko‘p shirin gazli ichimliklarni iste'mol qilishmoqda.

“Qandning har qanday suyuq manbasi salomatlikka salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Barcha variantlarda ham qondagi qand va insulin miqdori keskin oshadi, so‘ng pasayadi. Siz ichimlikka 10 grammdan ortiqroq qand qo‘shishingiz mumkin, biroq oxir-oqibat bu ham qand hisoblanadi”, - deydi Klivlend salomatlik instituti qoshidagi klinika davolash dasturining menejyeri Kristin Kirkpatrik.

Mahsulot etiketkasida qandni anglatuvchi 60 dan ortiq so‘z kelishi mumkin. Meva sharbati konsentrati tabiiydir, lekin bu - qandning bir shakli. Lavlagi sog‘liq uchun foydali, uning sharbati-chi? U ham qand.

Biroq bu eslatmalarni yodda saqlab qolishni istamasangiz, bir universal qoidani unutmang: ichimlik suvi yaxshiroq.

Qand iste'molidan qanday voz kechish mumkin?

“Shirin ichimliklar o‘rniga ichimlik suvi – uzoq umr ko‘rishga turtki beruvchi sog‘lom tanlov demakdir”, - deydi Harvard jamoatchilik salomatligi maktabining (Massachusets, AQSh) oziqlanish bo‘limi ilmiy xodimi doktor Vasanti Malik.

“Amerika kardiologlar assotsiatsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, erkaklar bir kunda iste'mol qilishi kerak bo‘lgan qand miqdori 9 choy qoshiqdan oshmasligi kerak (36 gr), - deydi Patel.

Ma'lumot uchun: bir banka gazli ichimlik 8 choy qoshiqqa teng.

Uning ta'kidlashicha, qand iste'molini qisqartirish qiyin. Cheklov borasida “bola qadamlari” metodikasiga amal qilishni tavsiya qiladi:

“O‘zingiz o‘ylab ko‘ring - qanday mahsulotlar iste'molidan darhol voz kecha olasiz? Shirinlik yegingiz kelgan taqdirda sarxil mevalardan iste'mol qilishingiz mumkin. Agar kolani yaxshi ko‘rsangiz, uni parhez variantiga almashtirmay to‘liq voz kechishga urinib ko‘ring”.

Bu oson bo‘lmaydi, albatta, tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, qand tobe'likni keltirib chiqaradi. Shunday bo‘lsa-da, sog‘lig‘ingiz aziz bo‘lsa, shirinliklardan tiyilishga harakat qiling.

Ko‘proq yangiliklar: