Padang - anomaliyami yoki optik illyuziya?

Light 22:39 / 09.04.2019 24068

Boysun tumanining Padang qishlog‘ida aqlingizni shoshirib qo‘yuvchi ajoyib joy mavjud bo‘lib, u yerda sirli tabiiy anomaliya hodisasiga guvoh bo‘lish mumkin. Mahalliy aholi "magnitli joy" deb atovchi bu tepalikka chiqishda fizika qonunlariga qarshi o‘laroq, mo‘jiza ro‘y beradi. Uzbekistan.travel ushbu maskandan fotoreportaj bilan bo‘lishdi.

Yuzlab yillar avval mahalliy xalq tepalikda qoldirilgan buyum pastga tushish o‘rniga yuqoriga qarab harakatlanishiga guvoh bo‘lgan. G‘aroyib, shunday emasmi?

Mutlaqo tushunarsiz sabablarga ko‘ra, muayyan hududda suv yuqoriga qarab oqadi, undagi to‘plar ham yuqoriga qarab harakatlanadi, dvigateli yoqilgan avtomobil esa pastga qarab tushish o‘rniga tepalikka qarab ko‘tariladi.

Asrlar davomida bu hodisa keng omma orasida tarqalmagan va viloyat doirasidagina ma'lum bo‘lgan. So‘nggi yillarda esa bu hudud ko‘pchilikni o‘ziga jalb qilib kelmoqda.

Padang qishlog‘iga tashrif buyurgan sayyohlar ushbu tepalikni e'tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qilishadi va gidlarning bu joy haqidagi hikoyasini diqqat bilan tinglashadi.

Boysun gravitatsion anomaliyasidan tashqari, bu maskanning betakror tabiati - tog‘ cho‘qqilari hamda bog‘-rog‘lari hech kimni befarq qoldirmaydi.

Ta'kidlash joizki, bu kabi noyob hodisalarga Isroil (Beyt-Shemesh), Iordaniya (Iblis darasi), Hindiston (Ladxak), O‘rta Ural (Nevyan tumani) va Janubiy Koreya (Chejudo)da ham guvoh bo‘lish mumkin.

O‘tgan yili Kun.uz'da ham ushbu mavzuga oid foto- hamda video-reportaj taqdim etilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: