Messi «MYu»ga qarshi, Ronaldu «Real»ni xafa qilganlar bilan «hisob-kitob qiladi»

Sport 13:00 / 09.04.2019 33228

9-10 aprel kunlarida Chempionlar ligasining 1/4 finali doirasidagi ilk uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

«Tottenhem»ning yangi stadionidagi debyut
«Tottenhem» - «Manchester Siti»
9 aprel. London. «Uayt Hart Leyn» stadioni. 00:00

«Shporlar» uchun Yevropaning eng yaxshi 8 jamoasi ichida bo‘lish - yangi bosqich emas. 8 yil muqaddam Harri Rednapp «Tottenhem» uchun o‘sha vaqtda imkonsiz bo‘lgan ishning uddasidan chiqib, jamoani YeChL chorak finaliga olib chiqqandi. Bu o‘sha vaqtda gipersensatsiya sifatida ko‘rilgandi, 2010 yilga qadar londonliklar biror marta ham YeChLda ishtirok etishmagandi. Ammo chorak finalda Joze Mourino boshqaruvidagi «Real»ga ro‘baru kelgan «shporlar» ilojsiz ahvolda qolishgandi - Madridda 0:4, Londonda 0:1.

Hozir «Tottenhem»ning raqibi yanada jiddiyroq jamoa - Xosep Gvardiolaning «Manchester Siti»si. Angliya chempionlari ikkinchi mavsumda ham YeChL chorak finalida o‘z vatandoshlariga duch kelishdi. Ammo bu safar jamoa o‘ziga ishonmoqda: bu qarama-qarshilikni o‘tgan mavsumda «Liverpul»ga qarshi kechgan o‘yinlar bilan solishtirish o‘rinsiz.

«Tottenhem»ga qarshi o‘yin «Liverpul»ga qarshi o‘yinlarni eslatmaydi. Boshqa mavsum, boshqa klub, boshqa futbolchilar. O‘tgan mavsum ham ajoyib edi, ammo Chempionlar ligasida chorak finaldan o‘ta olmagandik», dedi o‘yin arafasida «shaharliklar» yetakchisi Kevin de Bryuyne.

«Liverpul»ga qarshi o‘yinlar o‘tgan mavsumning eng yorqin ikki epizodi edi. Bu mavsumda Angliyaning ikki eng kuchli jamoasi faqat finalda o‘zaro to‘qnashishi mumkin, ammo «Tottenhem» bugun bunga to‘sqinlik qilishga urinadi. «Shporlar» uchun qo‘shimcha motivatsiya - o‘yin jamoaning yangi stadionida o‘tkazilishidir. «Tottenhem»ning yangi stadioni foydalanishga topshirilishi muddati bir necha bor ortga surildi va nihoyat o‘tgan haftada nihoyat stadion ochildi. Seshanba kuni bu o‘yingohda YeChLdagi debyut bo‘lib o‘tadi, mahalliy fanatlar bu o‘yinni intizorlik bilan kutishmoqda.

De Bryuyne stadion atrofidagi gaplarga kulimsiragancha munosabat bildirdi: «Hamma stadion haqida gapirmoqda, xuddi bu boshqalariga o‘xshamaydigandek. Barchaning ham o‘z stadioni bor va barchaning ham muxlislari bor. Ikki jamoa muxlislari ham stadionda bo‘lishadi».

Belgiyalik futbolchining skeptikligi tushunarli hol, ammo agar bu o‘yinda «Tottenhem» g‘alaba qozonsa nima derkin?..

Klopp va o‘zgargan maqsadlar
«Liverpul» - «Portu» 
9 aprel. Liverpul. «Enfild» stadioni. 00:00

Nimchorak finalda «Bavariya»ga qarshi javob uchrashuvidan oldin «Liverpul» ustozi Yurgen Klopp jamoa oldidagi maqsadlar haqida gapira turib, jamoa muxlislari uchun Premer-liga g‘olibligi Chempionlar ligasidan afzalroq ekanini tan olgandi. Buni shunday izohlash mumkin: «Liverpul»ning oxirgi chempionligidan keyin tug‘ilgan bolalar maktabni bitirib, oila qurishmoqda. Qizillarning barcha muxlislari Angliyaning asosiy sovrinini orzu qilib yashashadi. Ular buning uchun Chempionlar ligasining ulkan «quloqli kubogi»dan voz kechishga ham tayyorlar.

Pley-offning birinchi o‘yinida «Liverpul» «Bavariya»ni o‘z uyida yenga olmagandi, hozir esa jamoaning raqibi bu bosqichdagi eng kuchsiz jamoa hisoblanilayotgan «Portu»dir. Bu jamoa nimchorak finalda «Roma»ga qarshi o‘yinda mo‘jiza ko‘rsatib, turnirdagi ishtirokini davom ettirdi va Kloppni xavfsirashga majbur eta olmoqda. O‘tgan mavsumda «Liverpul» «Portu»ga qarshi nimchorak finalda o‘ynagan va safarda 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, masalani birinchi o‘yindayoq hal qilgandi. 

O‘yindan oldin Yurgen Klopp shunday hazil qildi: «Portudagi o‘tgan yilgi o‘yindan keyin biz bu yerga yana qaytamiz deb o‘ylamagandim. Ammo biz yana uchrashamiz. Men biroz hayajondaman. Barcha «Portu»ga qarshi o‘yinni boshlamagunicha bu jamoaning raqibi bo‘lishni istaydi. Axir ular «Liverpul» o‘zining raqibi bo‘lishini istamaydida».

Mersisaydliklar ushbu qarama-qarshilikda yaqqol favorit sanalishadi. Yarimfinalda esa «Liverpul»ni jiddiy sinov kutib turgani aniq: «Barselona» yoki «Manchester Yunayted».

Sulsher - yangi Zidanmi?
«Manchester Yunayted» - «Barselona»
10 aprel. Manchester. «Old Trafford» stadioni. 00:00

«Barselona» va «MYu» o‘rtasidagi qarama-qarshilik yorqin tarixga ega: Kubok egalari kubogidagi bir final, Chempionlar ligasidagi ikki final va bir yarim final, 1998-99 yilgi mavsumda guruh bosqichdagi ikkita o‘yinda ham bir xilda - 3:3 hisobidagi duranglar - O‘sha mavsumda «MYu» finalga chiqib borib, «Bavariya»ni qo‘shimcha daqiqalarda urilgan gollar evaziga yengib, tarixiy chempionlikka erishgandi. 

Hozirda o‘sha final o‘yinida gol urgan Ole Gunnar Sulsher - «MYu»da bosh murabbiy. O‘tgan oy oxirida jamoa rahbariyati undan «vaqtinchalik bosh murabbiy» tamg‘asini olib tashlab, doimiy asosda bosh murabbiy etib tayinladi va u bilan yangi shartnoma imzoladi. Shunday ekan, keyingi mavsumda «Old Trafford»da kuchli jamoa bo‘lishi kafolatlangan. Lekin superklub bosh murabbiyi bo‘lish boshqa, YeChL g‘olibining bosh murabbiyi bo‘lish boshqa. 1/8 finalda Sulsher jamoasi mo‘jiza evaziga keyingi bosqichga o‘tdi. Ammo «Barselona»ga qarshi o‘yinda VAR yordam bera olmasligi mumkin. «Tog‘lar zabt etish uchun yo‘ldan chiqadi», deya Sulsherning «PSJ»ga qarshi javob o‘yinidan oldin aytgan so‘zlarini takrorladi «MYu» yarimhimoyachisi Xuan Mata.

Shanba kuni Sulsher va uning taniqli yordamchisi Mayk Fellan Kataloniyaga kelib, bo‘lajak raqib qanday qilib «Atletiko»ni «yer tishlatgani»ga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishdi. Ko‘k-anorranglilar Ispaniyada chempionlik masalasini amalda hal qilib bo‘lishdi va endi bor e'tiborlarini Chempionlar ligasiga qaratishlari mumkin. «Barselona» 2015 yildan buyon YeChL kubogini ko‘rganlari yo‘q, endi esa kubokni Kataloniyaga olib kelish uchun barcha sharoitlar muhayyo - qatorasiga 3 yil davomida «quloqli kubok»ka egalik qilgan «Real» allaqachon turnirni tark etgan va taxt bo‘sh qolgan. Boshqa tomondan esa, Sulsherning murabbiylik faoliyati «Real» bilan qatorasiga Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan, 2,5 yil ichida 9ta sovrin qo‘lga kiritgan Zidanning murabbiylik faoliyati boshlanishiga o‘xshaydi. Shunday ekan, «Barselona» ehtiyotkor bo‘lishi talab etiladi.

Ronaldu «Real» uchun qasos oladimi?
«Ayaks» - «Yuventus»
10 aprel. Amsterdam. «Yoxan Kroyf Arena» stadioni. 00:00

«Real» - «Yuventus» juftligi «Barselona» - «MYu» qarama-qarshiligini ham soyada qoldirgan bo‘lardi, ammo «Ayaks» Krishtianu Ronaldu «Santyago Bernabeu»ga qaytishiga yo‘l qo‘ymadi va portugaliyalik futbolchiga o‘zi peshvoz chiqdi.

Balki, Amsterdam Ronalduning o‘yinlariga guvoh bo‘la olmas. Ronaldu mart oyi oxirida Portugaliya terma jamoasi safida orttirib olgan jarohati tufayli qariyb ikki haftadan buyon futbol o‘ynamayapti. Matbuot ham, «Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri bot-bot uning «Ayaks»ga qarshi o‘yinga tayyor bo‘lishi haqida aytayotgan bo‘lsada, bu masala uzil-kesil hal bo‘lmagan. OAVning oxirgi xabarlarida Ronaldu birinchi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda tushmasa ham, oxirgi 20-30 daqiqalikda maydonda bo‘lishi haqida aytilmoqda.

«Biz «Real»ga qarshi o‘ynagandek o‘ynab, natijaga erishmoqchimiz. Endi butun Yevropa biz istalgan raqibni yenga olishimiz mumkinligini biladi. Biz hech kimdan qo‘rqmaymiz», dedi o‘yindan oldin «Ayaks» himoyachisi Nikolas Talyafiko.

Lekin unutmaslik kerakki, bu mavsumdagi «Yuventus» bu mavsumdagi «Real»dan kuchliroq. Qolaversa, argentinalik futbolchining bu oliftaligi uning bir necha kun oldin Niderlandiya chempionati doirasida «Emmen»ga qarshi o‘yin vaqtida hisob «Ayaks» foydasiga 5:0 hisobida hal bo‘lib turganida urgan avtogoli fonida biroz kulgili ko‘rinadi.

«Yuventus»ga qarshi o‘yinda har bir xato qimmatga tushishi mumkin. Bu o‘yinda Ronaldu maydonga tushish-tushmasligidan qat'i nazar xato qilmaslik kerak. Ronaldu bo‘lmasa, boshqa hujumchilar bor. Agar Ronaldu bo‘lsa yanada yaxshi, chiroyli gollar va «Real» uchun qasos. Bir yil muqaddam Ronaldu Chempionlar ligasi chorak finalida aynan «Yuventus»ga qarshi Turinda kechgan o‘yinda qaychi uslubidagi zarbasi bilan mezbon muxlislarning ham olqishlariga sazovor bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: