London derbisida Azarning dubli evaziga g‘alaba qozongan «Chelsi» 3-o‘ringa chiqib oldi

Sport 08:13 / 09.04.2019 10361

«Chelsi» APLning 33-turida «Vest Hem»ni mag‘lub etib, 4 oy ichida ilk marta jadvalning yuqori uchligiga qayta oldi.

«Stemford Brij»da kechgan o‘yinda mezbonlar vingeri Eden Azar asosiy qahramonga aylandi. Uning 24- va 90-daqiqalardagi gollariga «Vest Hem» javob qaytara olmadi. Vingerning dastlabki goliga Ruben Loftus-Chik uzatma bergan bo‘lsa, ikkinchisiga Loftus-Chikning o‘rniga tushgan Ross Barkli assistentlik qildi.

Shu tariqa, «ko‘klar» ochkolari sonini 66taga yetkazib, o‘zlaridan bitta kam o‘yin o‘tkazgan hamshaharlari - «Tottenhem»dan ikki, «Arsenal»dan uch ochkoga o‘zib ketishdi. Kechagi derbida yutqazgan Londonning boshqa bir klubi «Vest Hem» esa 11-o‘rinda qolmoqda.

«Chelsi» APLdagi navbatdagi o‘yinini 14 aprel, yakshanba kuni «Liverpul» maydonida o‘tkazadi. Aprelda «aristokratlar»ni «Bernli» (23 aprel) va «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinlar (28 aprel) ham kutib turibdi. Shuningdek, Mauritsio Sarri jamoasi 11 va 18 aprel kunlari Yevropa ligasi chorak finalida «Slaviya»ga qarshi dastlab safarda, so‘ng o‘z maydonida o‘yin o‘tkazadi.

Angliya chempionati, 33-tur
Chelsi – Vest Hem 2:0 (1:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 24 Azar, 2:0 – 90 Azar.
Chelsi – Arrisabalaga, Aspilikueta, Ryudiger, David Luiz, Emerson, Kante, Jorjino, Loftus-Chik (Barkli, 70), Xadson-Odoi (Pedro, 85), Iguain (Jiru, 76), Azar.
Vest Hem – Fabianski, Frederiks, Balbuena, Ogbonna, Kressuell, Rays, Nobl (Obiang, 70), Arnautovich, Lansini, Felipe Anderson, Ernandes (Snodgrass, 46).
Ogohlantirishlar: Ogbonna (11), Aspilikueta (82), Arrisabalaga (84).

Qayd etish kerak, Azar ushbu gollapri orqali chempionatning ushbu mavsumidagi gollari sonini 16taga yetkazib qo‘ydi va bu bilan Premer-ligadagi o‘zining eng yaxshi natijasini takrorladi. 2012 yildan buyon APLda o‘ynayotgan 28 yoshli belgiyalik 2016/17 mavsumida ham 16ta gol muallifi bo‘lgandi.

Qolaversa, kechagi dubl Edenni «gol+pas» tizimi bo‘yicha Angliya chempionatining joriy mavsumdagi yetakchisiga ham aylantirdi. U 31ta o‘yinda 16ta gol va 12ta assist bilan 28 ochko to‘play olgan. Bu borada Azar 26 ochkoga ega Serxio Aguero, 25 ochko to‘plagan Muhammad Saloh va 24 ochko sohibi Rahim Sterlingni ortda qoldirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: