Video: «PSJ» hujumchisi noyob xatosi bilan o‘z jamoasini goldan mahrum qildi

Sport 10:24 / 08.04.2019 16997

«PSJ» hujumchisi Erik Maksim Shupo-Moting Fransiya chempionatining 31-turida «Strasburg»ga qarshi bahsda (2:2) ishonib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ydi.

O‘yinning 28-daqiqasida mezbonlar yarimhimoyachisi Kristofer Nkunku to‘pni darvozabondan oshirib, darvoza tomon aniq yo‘lladi, ammo darvoza chizig‘i ustida turgan jamoadoshi Shupo-Moting himoyachidan o‘tib, darvoza to‘riga yo‘nalgan to‘pni to‘xtatib qoldi.

30 yoshli kamerunlik hujumchi bunga qadar 13-daqiqada hisobni ochgandi. Yuqoridagi vaziyat ro‘y berishidan ikki daqiqa oldin esa «Strasburg» hujumchisi Nunu da Koshta muvozanatni tiklagandi.

Image

Shupo-Motingning xatosi shunisi bilan ham ahamiyatliki, ushbu bahsda «PSJ» g‘alaba qozongan taqdirda rasman chempionlik masalasini hal etgan bo‘lardi. Biroq uning xatosidan 10 daqiqa o‘tib, mehmonlar hisobda oldinga chiqib olishdi (Golsalves, 38-daqiqa). Shu bilan parijliklar 82-daqiqaga kelibgina hisobni tenglashtirishga erishdilar (Kerer, 82-daqiqa). Bungacha esa Shupo-Moting 60-daqiqada Kilian Mbappega almashtirildi.

Vaziyat qahramoni o‘yindan keyin  Canal+ efirida ushbu xatosiga quyidagicha munosabat bildirdi:

«Dastavval balki Nkunku menga pas uzatmoqchidir, deb o‘yladim. U darvoza tomon zarba yo‘llaganda himoyachi to‘pni to‘sib qolishi mumkin, degan fikrda edim. Shundan keyin to‘pga tegsammikan yoki yo‘qmi deb ikkalandim, chunki ofsaydda bo‘lishim mumkinligidan qo‘rqdim.

Hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Men to‘pga tegindim, u esa ustunga borib tegdi. Haqiqatan uyatga qoldim. Nkunkuning zarbasidan keyin to‘p o‘zi darvozaga kiradi, deb o‘ylagandim. Buning uchun uzr so‘rayman. Biz boshimizni baland ko‘tarib, mana shu ruhda o‘ynashda davom etishimiz kerak», – dedi Shupo-Moting.

Ma'lumot uchun, Erik «PSJ»ga 2018 yil yozida erkin agent sifatida qo‘shilgan. U bunga qadar «Stok Siti», «Shalke-04», «Mayns» va «Hamburg» klublarida o‘ynagan. Parijliklar safida birinchi divizionning 18ta o‘yinida maydonga tushdi, ularning 6tasini asosiy tarkibda boshladi. Bu bahslarda 3 marotaba raqiblar darvozasini ishg‘ol etdi.

Ko‘proq yangiliklar: