Superligada ilk iste'fo. Sergey Lushan lavozimini tark etdi

Sport 22:15 / 07.04.2019 15731

O‘zbekiston Superligasining 3-turida «Surxon»ga qarshi Jizzaxda kechgan va 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yindan keyin «So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Sergey Lushan iste'foga chiqarildi.

«Bu o‘yin uchun jizzaxlik barcha muxlislardan uzr so‘rayman. Mag‘lubiyat uchun javobgarlikni zimmamga olaman.

Hech kimga ham e'tirozim yo‘q, nima bo‘lgan bo‘lsa o‘yingacha bo‘lgan. Men taktika tanlashda ham, tarkib tanlashda ham xato qildim.

Yana bir bor barchadan uzr so‘rayman. Men klub rahbariyatining har qanday qarorini qabul qilaman. Ko‘rishguncha», degan murabbiy.

Tribuna.uz muxbiri xabar berishicha, klub rahbariyati bosh murabbiyni qoniqarsiz natijalar tufayli iste'foga chiqarishga qaror qilgan.

Jizzaxliklar Superliganing 1-turida «Bunyodkor»ni yengishgandi (2:1), 2-turda esa jamoa «Nasaf»ga qarshi safar o‘yinida mag‘lub bo‘ldi (1:3). «Surxon»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin «So‘g‘diyona» 3 ochko bilan turnir jadvalida 10-o‘rinda joylashgan.

2011-17 yillarda «Bunyodkor» klubida ishlagan Sergey Lushan 2018 yilning aprelida «So‘g‘diyona» boshqaruviga kelgandi. Jizzaxliklar jamoasi rahbariyati 2018 yilning dekabrida ushbu murabbiy shtabi bilan hamkorlikni uzaytirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: