Forbes 30 U 30 Osiyo: shoirdan tortib oshpazgacha

Light 22:01 / 07.04.2019 26505

Forbes nashri Osiyo bo‘yicha 30 yoshgacha bo‘lgan umidli yoshlar ro‘yxatini e'lon qildi. 30 under 30 rukni ostida e'lon qilinuvchi bu ro‘yxatdan o‘zbekistonlik yoshlar o‘rin olishmagan. Qo‘shni Qozog‘istondan 4 nafar, Afg‘onistondan 4 nafar va Qirg‘izistondan bir nafar yosh Forbes ’ning ushbu nufuzli ro‘yxatidan joy olgan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Quyida ro‘yxatning san'at yo‘nalishi bo‘yicha saralangan yoshlari bilan tanishishingiz mumkin.

Abhinav Agraval, 26 yoshda. Hindiston. – Anahad jamg‘armasi asoschisi. 2013 yilda Berkli kollejini bitirgan Abhinav hind folklor musiqa merosini yozib olish uchun Anahad nodavlat tashkilotini tuzadi. Ovoz yozish leybli Hindiston bo‘ylab hali quloqqa chalinmagan folklor ijod namunalarini qayd etib keladi va o‘sha hududlarning madaniyati orqali iqtisodiy jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Shantanu Anand va Nandini Varma, 26 yoshda. Hindiston. – Airplane she'riyat harakati asoschilari. Asli huquqshunos bo‘lgan bu ikki yosh Hindistonda she'riyat rivoji uchun 125ta she'riyat to‘garagini ochishga ulgurgan.

Jorjia Brench, 29 yoshda. Avstraliya. – Trichomia kompaniyasi asoschilaridan biri. Kompaniya ikki brend – Hemple va Soul Seed brendlarini o‘z ichiga oladi. Kompaniya 500 do‘kon va yiliga 1,2 million dollar miqdoridagi daromadga ega.

Viktoriya Chou, 29 yoshda. Hongkong. – The Woods maxsus kokteyliga ega barlar tizimi asoschisi.

Anahita Dondi, 28 yoshda. Hindiston. – Anahita Londondagi Cordon Bleu Grand Diplome kurslarini tamomlagach, Hindistonga qaytgan. Hindistonning umidli va taniqli restoratorlaridan biriga aylangan yosh oshpaz Nyu-Delidagi SodaBottleOpenerWala restorani aksiyalariga egalik qiladi.

Gao Ludi, 28 yoshda, Xitoy. – Bu yosh rassomning asarlari Xitoyning uch shahri – Pekin, Shanxay, Tyanjindagi muzeylarda saqlanadi.

Go Ijantyan, 27 yoshda, Xitoy. – London moda kollejini bitirgan Go 2014 yilda Yirantan brendiga asos soladi. Dizayner brendi Xitoydagi 35 riteylerlar bilan aloqa o‘rnatgan.

 

Hyun Min Han, 17 yoshda, Janubiy Koreya. – Otasi nigeriyalik, onasi koreyalik bo‘lgan model mamlakatdagi mashhur modellardan biriga aylanib ulgurgan.

Shota Itoi, 26 yoshda, Yaponiya. – 2018 yilning noyabr oyida Shota Yaponiyadagi eng mashhur oshpazlar musobaqasi – RED U-35 g‘olibiga aylandi va hozirda Taka Ashiya restoranining taniqli oshpazlaridan sanaladi.

Szyuy Syaoven, 29 yoshda, Xitoy. – Mark Jacobs, Prada, Louis Vuitton, DKNY brendlari to‘plamlari taqdimotida turli moda haftaliklarida qatnashgan Szyuy Vogue, Elle kabi nashrlar muqovasida ham ko‘p bora ko‘zga tashlangan.

Ke Ke, 26 yoshda, Xitoy. – Pechenelar ishlab chiqaruvchi Akoko brendi asoschisi. Brend 2018 yil boshida budjetini 7 million dollargacha ko‘tarib olgan.

San Hyon Kim, 24 yoshda, Janubiy Koreya. – Xanoy shahrida o‘z novvoyxona brendi ochgan. Yosh novvoyning Bread Factory brendi vetnamlik yoshlarni ish bilan ta'minlamoqda.

Jumpei Komashita, 25 yoshda, Yaponiya. – Lovegraph fotostudiyasi asoschilaridan biri o‘z hobbisi ortidan 3 million dollarlik katta suratga olish brendiga ega bo‘lib olgan.

Persi Lau, 29 yoshda, Hongkong. – Dizayner Persi Lau 2013 yilda Hongkongda ko‘zoynak brendiga asos solgan. Uning ko‘zoynaklarini Nyu-York, Sidney va Pekindagi do‘konlardan topish mumkin.

Cha Von Lim, 29 yoshda, Janubiy Koreya. – GOPIZZA brendi asoschisi. Kichik fudtrakdan boshlangan faoliyat hozirga kelib, oyiga 500 ming dollar daromad keltiruvchi katta tarmoqqa aylandi.

Lyu Va, 24 yoshda, Xitoy. – Yyel universitetida antropologiyani o‘rgangan Lyuning asarlari AQSh, Daniya, Xitoy va Fransiyada namoyish etilgan.

Sahil Naik, 26 yoshda, Hindiston. – Goada o‘sib-ulg‘aygan Naik haykaltaroshlik asarlarida siyosat, nasr, hayot falsafasini aks ettirishga harakat qiladi. Uning ijod namunalari Nyu-York va Londonda namoyish qilingan.

Dastan Omuraliyev, 29 yoshda, Qirg‘iziston. – Omuraliyevning Ecoproduct Asia sharbat ishlab chiqaruvchi kompaniyasi 2022 yilga kelib mahalliy bozorning 50 foizlik qismini qamrab olishi kutilmoqda.

Ha Yun Pak, 27 yoshda, Janubiy Koreya. – Animatsiya va illyustratsiya ustasi Disney va FOX studiyalari bilan faoliyat olib boradi.

Sharmen Po, 28 yoshda, Singapur. – ijtimoiy muammolarni fotosuratlarida aks ettiruvchi ijodkorning ishlari The New York Times sahifalarida bosilib chiqqan.

Abhay Rangan, 21 yoshda, Hindiston. – Goodymilk laktomahsulotlar brendining asoschisi mamlakat bo‘ylab minglab oilalarni oziq-ovqat bilan ta'minlaydi.

Pongcharn Rassel, 28 yoshda, Tailand. – Restorator Londonda olgan bilim va tajribasi evaziga 2019 yilda Ter’ra tamaddixonalar konseptiga asos solgan.

Palak Shoh, 27 yoshda, Hindiston. – Ekaya zamonaviy sari brendi asoschilaridan biri. U Salvatore Ferragamo, Missoni brendlari bilan kollaboratsiya to‘plamlarini yaratgan.

Ishvaraj va Prabhtej Singh Bhatia, 24 va 27 yosh, Hindiston. – 2016 yilda chanqoqbosdi ichimliklar brendiga asos solgan aka-ukalar 2018 yilda 20 million dollar miqdoridagi savdo aylanmasiga ega bo‘ldi.

Sun Ityan, 27 yosh, Xitoy. – Asarlari Nyu-Yorkdagi Metropolitan paviloni, Makao san'at muzeyida va Berlindagi ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.

Florens Van Dayk, 29 yosh, Yangi Zelandiya. – Chia Sisters brendi asoschisi. Energetik ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniyaning ayni vaqtdagi direktori.

Ven Yang, 29 yosh, Hongkong. – NOSH oziq-ovqat yetkazib berish xizmati bosh boshqaruvchisi.

Shoxei Yasuda, 27 yosh, Yaponiya. – Kabi restorani asoschisi. Fransiya va Daniyada oshpazlik bo‘yicha mahoratini oshirib Osakaga qaytgan Shoxei bugun nordik-yapon uslubidagi oshxona taomlarini tayyorlaydi.

Jang Szipiao, 25 yoshda, Xitoy. – 1993 yilda rassomlar oilasida tug‘ilgan Jangning san'at asarlari Chikago va Los-Anjyelesdagi kolleksiya yig‘uvchilar tomonidan xarid qilingan.

Chjou Szyun, 29 yoshda, Xitoy. – Milan va Londondagi dizayn maktablarini tamomlagan Chjou hozirda Pronounce brendida erkaklar kiyimi dizayneri bo‘lib ishlaydi. Uning ishlari Milan, Shanxay va London shaharlaridagi moda haftaliklarida namoyish etiladi.

Forbes nashrining 30 under 30 ro‘yxatlaridan turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan yoshlar o‘rin oladi. Ushbu ro‘yxatdan 2017 yildagina o‘zbekistonlik, moliya startapi direktori – Dilmurod (Rod) Asqarov o‘rin olgandi, xolos.

Ko‘proq yangiliklar: