Past Darg‘omda baliqchi fermerlardan yerlar tortib olinmoqda: ularning vaj-karsonlariga «vatanparvar hokim» nima deydi?

Jamiyat 12:45 / 06.04.2019 117013

Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor davomida tadbirkorlar muammolariga ham to‘xtalib, shunday dedi:

«Hozir bizdan tadbirkorlar norozi bo‘layotgan ikkita masala bor. Yer berish masalasi va qurilishga ruxsat berish masalasi.

Biz tepadagilarni olib tashlayapmiz, lekin pastda o‘tirganlar odamlarni juda norozi qilyapti. Ular hali yuqorida bo‘layotgan jarayondan bexabar. Ular hali o‘n yil oldingi gap bilan yuribdi: «Menga bermasang, men qo‘l qo‘ymayman», deydi. Mana shunday tizim haliyam bor O‘zbekistonda. Bu tizimni qanday bo‘lmasin sindirish kerak. Sindirish esa oson bo‘lmayapti. Chunki hammasi shunday ishlashga o‘rgangan. Agar shu balodan ham qutulib olsak, tadbirkorlarga ko‘p yengillik bo‘lardi».

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Kun.uz’ga Past Darg‘om tumanida baliqchilik sohasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bir guruh tadbirkorlar aynan prezident tilga olib o‘tgan masala bo‘yicha murojaat qilishdi va biz mazkur murojaat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazdik.

Ularning ba'zilari qariyb 10 yildan beri «Shombuloq» qishlog‘i yaqinida, Zarafshon daryosining eski o‘zani o‘rnida baliqchilik bilan shug‘ullanishgan bo‘lsa, ayrimlari o‘tgan yili may oyidan bu faoliyatni boshlashgan.

Chunonchi, 2018 yil may oyida bosh vazirning (sobiq) o‘rinbosari Zoir Mirzayev baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha selektor yig‘ilishi o‘tkazgach, O. Normurodov, M.Hamraqulov, D.Bekov, S.Ro‘ziyev, D.Qarshiyev va «Shombuloq sazan baliqlari» (rahbari — A.Yakubov) hamda «Anhor suvi» fermer xo‘jaliklariga «O‘zbekiston mustaqilligi» MMTP hududidan jami 100 gektar yer, tuman hokimligi tomonidan tanlov asosida ajratib beriladi.

Tadbirkorlar bu yerga baliq tashlab, hovuzlarni kengaytirib, baliq boqishni prezident qaroriga ko‘ra intensiv usulga o‘tkazish uchun harakatni boshlashgan bir chog‘da, tumanda ikki bor hokim almashadi va so‘nggisi — shu yilning 12 yanvarida tayinlangan yangi hokim Shunqor Xudoyberdiyev tomonidan to‘siqlar yuzaga kelayotganini bayon etishdi.

Voqea guvohlarining ko‘rsatmalariga ko‘ra, prokuror sektoriga mansub mazkur hududga tuman hokimi va sektor rahbari kelib, shaxsan o‘zlarining buyrug‘i bilan zovurdan hovuzlarga o‘tuvchi quvurlar kavlatilib, sindirib olib tashlangan.

Buning oqibatida, havzalarda suv asta-sekin kamayib, baliqlar suvsizlikdan qiynalishmoqda. Boz ustiga, yangi mavsum uchun hovuzlarga chavoq tashlash muddati o‘tib bormoqda. Ular yana 15–20 kun kechikishsa — 2019 yilgi butun mavsum boy beriladi. Yil so‘ngiga qadar bu joyda hech narsa yetishtirib bo‘lmaydi.

Baliqchilardan berkitib quyilgan suv nariroqda bekorga zovurga tushib, Zarafshon daryosi tomon oqib ketmoqda. Ariqlarga suv bormayapti, suv sathi pasayib hovuzlar qurimoqda…

«O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi, «Samarqand baliqsanoat» MChJ direktori o‘rinbosari Murodjon Mamatqulovning aytishicha, o‘rganish natijasida atrofdagi yer maydonlariga sizot suvi sizib o‘tishi, yoki yerlarning sho‘rlanish darajasi ortishiga asos bo‘luvchi holat ko‘zga tashlanmagan. Barcha texnik shartlarga rioya qilingan. Chunki, baliq havzalari atrofidan chuqurligi 5-6 metr bo‘lgan zovurlar qazilgan. Sizot suvlari pasayishiga zamin yaratilgan. Tuman hokimligining hovuzlar osti va atroflarini betonlash haqidagi talabi ham noto‘g‘ri, chunki baliqlar tabiiy sharoitda yetishtirilishi kerak, beton havzada ular oziqlanmaydi».

Eng hayratlanarlisi, bu ishlarning barchasi tadbirkorlarga biror hujjat taqdim etilmasdan, hokimning og‘zaki ko‘rsatmasi bilan qilinyapti. Bu talabning qonuniyligini tekshirishga mas'ul bo‘lgan tuman prokurori esa boshboshdoqliklarga o‘zi bosh.

Guvohlar hattoki hovuz va zovur qazishda ishlatiladigan, bir chetda hech kimga xalaqit qilmasdan turgan ekskovatorni tuman huquq-tartibot idoralari xodimlari jarima maydonchasiga kiritib qo‘yishga urinish bo‘lganini gapirib berishdi.

Tadbirkorlarning bizga bildirishicha, havzalar ball boniteti baland bo‘lgan unumdor yerlardan berilgani va atrofdagi yerning meliorativ holatini buzayotgani vaj qilinib, tortib olinishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng bu yerlar kimgadir berib yuboriladi.

Bu hududdagi ilk baliqchilik hovuzi 1978 yilda tashkil etilgan. 2001 yildan beri fermerlik qilib kelib, bugungi kunda yerlari tortib olinib boshqa fermerga berilgan Rabbim Husanov shunday dedi:

— Bu yerda g‘alla bo‘lardi. Ammo paxta ekib bo‘lmaydi. Chunki yer daryoga yaqin, sathi past, paxta yuqoriga nisbatan bir oy kech yetiladi. Sobiq ittifoq davrida ham bu yerlar chorvachilikka ixtisoslashgan xo‘jalik edi. Bizga shuncha yil majburlab paxta ektirib kelishdi. Ana endi bizdan tortib olib, chortutlik Hamza Hojimamatov ismli boshqa fermerga berishmoqchi. U chorvachilik uchun ekinlar ekarkan. Biz shuncha yil «ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylantiring», deya qattiq iltimos qilganimizda ham bu talabimiz bajarilmasdan kelgan edi. Endi hokim po‘pisa qilib, «kerak bo‘lsa hammang shuning (Hamzaning) qo‘lida qul bo‘lib ishlaysan», dedi. Quldorlik tuzumimi hozir? Yuqorida joylashgan bog‘lar ham buzilmoqda, aholi qon yig‘lab yuribdi.

«O‘zbekiston mustaqilligi» MMTPning sobiq raisi Otamurod Normurodovning aytishicha, bu yerlar azaldan buloqlarga boy joylar bo‘lgan, shu sababli ekin maydonlarini qamish bosib ketgan.

— Azaldan bu yerda biror ekin bo‘lmagan. Hududda uchta buloq bor. Daryoga yaqin hudud bo‘lgani sababli yer osti suvlari baland. Buloqlarning yer osti yo‘li bo‘ylab qamish o‘sib ketardi. Shuning uchun 40 yil muqaddam ham bu yerlarni baliqchilik xo‘jaligi qilishga urinish bo‘lgan. O‘sha payt barpo etilgan havza hozirgacha bor.

O‘tgan yili selektor majlisi bo‘lib o‘tgach, bu yerda 100 gektar joy baliqchilikni rivojlantirish uchun ajratildi. Kerakli mutasaddilar kelib yerning ahvolini ko‘rishdi. Viloyat hokimlari ham kelib ko‘rgan. Paxta ekib ko‘rganmiz. Bo‘lmagan bu yerlarda. O‘tgan yili bu yerda baliqchilik xo‘jaligi tashkil etishga qaror qilindi. Mutaxassislar kelib yerni ko‘rishdi, o‘rganishdi, o‘z xulosalarini berishdi. Tender orqali fermerlarga bo‘lib berildi.

Tadbirkorlarga qaror chiqarib berilgach, kadastr hujjatlarini tayyorlash uchun, suv sarfiga shartnoma tuzish uchun hujjatlarni tayyorlab topshirishgan, mana oylar o‘tyapti hamki, tuman hokimi uni imzolab bermayapti. Fermerlarning bizga bildirishlaricha, barchasi faqatgina hokimning imzosiga qarab qolgan. Hokim esa hujjatlarga qo‘l qo‘ymoqchi emas. Aksincha, xo‘jaliklarni butunlay yo‘q qilmoqchi.

Biz mazkur masala yuzasidan tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev bilan ham uchrashdik. Tuman hokimi va hokimning qishloq ho‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Husan Bo‘riyev savollarimizga javob berdi. Sh.Xudoyberdiyev aynan bizni kutayotganini, bu holat Kun.uz orqali yoritilsa ularga ham katta yordam bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi.

Tuman hokimi gapni uzoqdan boshladi. Yerlar va yerosti suvlari tobora sho‘rlanib borayotgani, bir paytlar Navoiy viloyati chegarasida bo‘lgan tuzlashish, hozirda Kattaqo‘rg‘ongacha kelib qolgan, mana shunday hovuzlar yerning sho‘rlashishiga olib kelishi, ikki-uch yilda atrof atom bomba tushgandek hech narsa o‘smaydigan hududga aylanishi, o‘zi vatanparvarligi, fermerlar esa vatanparvar emas, «o‘z cho‘ntagini o‘ylaydigan insonlar ekanligi»ni, hokim shu elni sevadigan inson sifatida bunga aslo yo‘l qo‘yib bera olmasligi haqida uzoq gapirdi.

Ammo baliqchilikka ajratilgan yer maydonlarning hammasi ham hokim da'vo qilayotganidek unumdor yerlar emas. Umuman, hech narsa ekib bo‘lmaydigan toshloq yerlarda ham havza barpo etilgan va u hovuzlarning ham suvi berkitilgan.

Hokim o‘rinbosari Husan Bo‘riyev endilikda ushbu joylar chorvachilikka ajratilganini ta'kidladi. Uning aytishicha, bu yerlarga ortiq g‘alla va paxta ekilmaydi, faqat ozuqabop chorva ekinlari ekilar ekan. Chorva ekinini «Chortut» fermer xo‘jaligi raisi ayni paytda 1500dan 1900 gektargacha yerga egalik qilayotgan (buning uchun qoidaga ko‘ra kamida 4500 tuyoq qoramol bo‘lishi kerak) Hamza Hojimamatovga beriladi.

«Hamza Hojimamatovni bu yerlarni olishga ko‘ndirish uchun bor san'atimni ishga solishga majbur bo‘ldim», — deydi Sh.Xudoyberdiyev.

Qiziq, «shu yerni menda qoldiring, jon-jahdim bilan mehnat qilaman», deb turgan R.Husanovdek fermerlar turganda san'atni ishga solishga ne hojat bor ekan?

Yer baliqchilikni rivojlantirish uchun tumanning avvalgi hokimi va mutasaddilari xulosasiga ko‘ra berilganini aytganimizda, hokim bu ishlarning barchasi noqonuniy amalga oshirilganini aytib o‘tdi.

Endi e'tibor bering, qiziq holat yuzaga kelyapti.

Past Darg‘om tumani hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiyaning 2018 yil 17 maydagi xulosasiga ko‘ra, «O‘zbekiston mustaqilligi» massivi hududidagi jami 51,1 ga sug‘orib haydaladigan maydonlari baliqchilik yo‘nalishi bo‘yicha tanlovga qo‘yilgan. Bu yer maydonlari meliorativ holati yomonlashib, paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekib olishning imkoniyati bo‘lmaganligi hamda sizot suvlari ko‘tarilib ketishi natijasida sho‘rlanib, zaxkash holatga kelib qolgani inobatga olinib, bu yerda baliqchilik fermer xo‘jaligi tashkil etish maqsadga muvofiq, deb topilgan.

Endi, Past Darg‘om tumani yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi 2019 yilning 25 martida tuman hokimi Sh.Xudoyberdiyevga yo‘llagan xatida baliqchilik uchun ajratib berilgan yer maydonlari tuproq unumdorligi yuqori, ya'ni 72 ball bonitetidan iborat maydonlaridan ajratilgani, 1200 gektargacha bo‘lgan maydonlarning sho‘rlanib ketishiga sababchi bo‘lishi hamda sizot suvlari yaqinlashib, yerning meliorativ holati yomonlashishiga olib kelayotgani yozilmoqda. Ya'ni, maqsadga muvofiq emas, deb topilmoqda.

Tumanda hokim almashib, maqsadlar va uning muvofiqligi o‘zgarmoqda. Bu nimadan dalolat?

«Ot — kimniki, minganniki!» degan gap bor. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘zi yerning meliorativ holati buzilganmidi, yo endi buzilmoqchimi? Kimdir shunga aniqlik kirita oladimi?

Haytovur, baliqchilik uchun yer ajratilishidan oldin tumonat odam o‘rganib, hujjatlarga qo‘l qo‘ygan ekan. Endi bitta Sh.Xudoyberdiyevning imzosi bilan barchasi qartadan qurilgan uychadek to‘kilib tushmoqda. Qani ekspertlar xulosasi? Qani hujjatlar?

Xullas, «vatanparvar hokim»ga ko‘ra, milliardlab mablag‘ sarflangan baliqchilik xo‘jaliklari buziladi, yer tekislanib chortutlik fermer Hamzaboy Hojimamatovga beriladi va u makkajo‘xori ekadi!

Sh.Xudoyberdiyevni ham Past Darg‘omga bog‘lab bermagan. Aytaylik, 3 oy, 3 yil, 30 yildan keyin boshqa ishga ko‘tarilib, o‘tib ketsa yoki ishdan olinsa-yu, mazkur hududdan yana boshqa maqsadlarda foydalanilsa nima bo‘ladi?

Xulosa chiqarish o‘zingizdan, hurmatli mushtariy. Reportajimizni buyuk rus yozuvchisi Saltikov-Shedrinning bir fikri bilan yakunlaymiz: «Rahbarlar vatanparvarlik haqida gap ocha boshlashdimi, demak kimdir qayerdadir nimanidir o‘g‘irlamoqda». Sinalgan…

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: