Jalaquduqlik qirq qiz va xitoylik investor hasrati: «Biz ishlashni xohlaymiz!» 

Iqtisodiyot 18:52 / 06.04.2019 46002

 Kun.uz saytiga kuniga turli masalalarda murojaat qilishadi. Biroq, Andijon viloyati, Jalaquduq tumani, Oyim qishlog‘idagi chet el korxonasida faoliyat yuritayotgan qiz-juvonlarning arzi avvalgilaridan boshqacharoq edi.

Jalaquduqning Oyim qishlog‘i, shoira Nodirabegim (Mohlaroyim) sharafiga shunday nomlangan. Qarangki, shu qishloqdagi mumtoz shoiramiz avlodlari mushkul holatga tushib qolishibdi.

Muammo nimada?

2018 yili tuman markazidan 25 kilometr uzoqdagi (vodiyda bu uzoq hudud deb nomlanadi) Oyim qishlog‘ining Ko‘kalam mahallasida xitoylik investorlarga qarashli JIA EN korxonasi ish boshlaydi. Ayollar uchun oyoq kiyimlari tayyorlashga ixtisoslashgan fabrikaning ochilishi mahalliy qiz-ayollar uchun yaxshi yangilik edi. Bungacha bu atrofda ayollar ishlashi uchun birorta korxona yo‘q edi.

Bir vaqtlar faoliyat yuritgan va qo‘ldan-qo‘lga o‘tib bankrot bo‘lgan sochiq fabrikasi binosi o‘rnida ish boshlagan yangi korxona sababli qishloqdagi 40 nafar qiz-juvon ishli bo‘lishadi.

Qishloq ayollari mahsulot tayyorlash, tikishni tez o‘rganishdi. Va ular chiqarayotgan shippaklar bozorgir tovarga aylandi.

Qarangki, endigina ishli bo‘lib, jamoaga aralashib, ko‘ngli to‘lgan qiz-ayollarga korxona tuman markaziga ko‘chishi aytiladi. Ular sevimli ishlaridan ayrilishni istamaganlari uchun turli joylarga murojaat qila boshlaydi.

Yuqorida aytganimizdek, bir paytlar sochiq ishlab chiqarib insonlarni ish bilan ta'minlagan 1 gektar joyda besh-o‘n binolarga ega korxona, «ishbilarmonlar» o‘rtasida qo‘lma-qo‘l bo‘laverib, oxiri «Ipak yo‘li» banki tasarrufiga o‘tib ketgan. Bunga korxonani oxirgi bo‘lib yuritgan rahbarlari «Ipak yo‘l» bankidan kredit olgani sabab bo‘lgan, kredit evaziga binolar garovga qo‘yilgan. Shunday qilib, ayni paytda hudud egasi - bank.

Biz Oyimdagi korxonaga yetib borib, ichkariga kirmoqchi bo‘lganimizda ruxsat berishmadi. O‘zini, qo‘riqchilar boshlig‘i deb tanishtirgan yigit, «Toshkentdan, «Ipak yo‘li» bankidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, muxbirlarni kirgizmaysan», deyishganini bildirdi.

Shundan keyin, binolarda ishlayotgan ayollar biz bilan suhbatlashish uchun tashqariga chiqadigan bo‘lishdi.

 «Qisindi» investor va ishchi ayollar

Ko‘p vaqt o‘tmasdan ichkaridan 40 nafarga yaqin qiz-ayollar chiqib kelishdi. Ular birin-ketin biz muxbirlarga va hamrohimiz Jalaquduq tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Zokirjon Davronovga savollar yomg‘irini yog‘dirishdi.

«Qishlog‘imiz va uning atrofida nafaqat ayollar balki erkaklar uchun ish joyining o‘zi yo‘q. Erlarimiz Rossiyaga borib ishlaydi. Mana shu shippak sexi ochilib, 50ga yaqin ayollarga ish o‘rni ochilganidan qanchalik xursand bo‘lgandik. Qarangki, endi o‘rganganimizda sex egalariga binoni bo‘shatib, tuman markaziga ko‘chish kerakligini aytishgan. Axir qishloq joylar bo‘lsa. 25 kilometr yo‘l bosib, ishga borib kela olmaymiz. O‘zi maoshimiz 400 mingdan 600 ming so‘mgacha atrofida, axir! Iltimos, korxona ko‘chmasin», deydi ishchilardan biri Sohiba Rahmonova.

Ko‘rib turganingizdek, shu kungacha eri bilan Rossiyaga borib ishlagan ayol o‘z yurtida nima qilib bo‘lsa ham ozgina oylikka shukr qilib yashashga rozi.

Ayollar biri qo‘ymay, ikkinchisi gapirar edi. Ularning aytishicha, korxona egalariga yana qo‘shimcha 50 nafar ishchi kerak, lekin ko‘chishlari sababli yangi ishchilarni ishga olishmayapti.

Qizig‘i, ishchi ayollar fabrika hududida erkin yura olmas ekan. «Ipak yo‘li» banki tomonidan qo‘yilgan qo‘riqchilar ular istalgan vaqtda korxona hududiga kirib chiqishiga ruxsat berishmas ekan. Bu holatga o‘sha yerda turganimizda o‘zimiz guvoh bo‘ldik.

Investor hatto, mahsulot olish uchun kelgan mijozlarning avtomashinalarini ham bank tomonidan tayinlangan qo‘riqchilar haydab yuborayotganini aytdi.

Ayollarning dardini eshitgach, voqeani tahlil qila boshladik. Biroq vaziyat biroz chigal va yechim topish uchun tuman, viloyat hokimi aralashishi kerakligi aniqlandi.

Muammo ildizi

Doimgidek, juda ko‘p uchraydigan hodisa. Turli «ishbilarmonlar» o‘rtasida qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan bir paytlar sochiq fabrikasi bo‘lgan korxona, oxir-oqibat yana bir noshudning qo‘liga qolib, bankdan olingan kredit to‘lanmagach, bank mulkiga aylanib ketgan. Tuman hokimi o‘rinbosari Zokirjon Davronov bino va inshootlar yuzasidan bank bilan sudda ishtirok etganini aytib o‘tdi.

Hokim o‘rinbosari shu bilan birgalikda, investorlarga boshqa joy berilayotganini tushuntirdi.

Bank bu joyni xitoylik investorga foydalanish uchun bir yarim yil muddatga bergan ekan. Bu muddatning bir yilu ikki oyi o‘tib bo‘lgan. Endi chiqib ketishini talab qilmoqda. Bunga bo‘ysunish kerak. Chunki mulk egasi bank.

Bunday holatlar deyarli barcha tumanlarda uchraydi. Bir paytlar gullab-yashnagan binolar hozir tashlandiq holatda yotibdi.

«Ipak yo‘li» banki Oyim qishlog‘idagi korxonani 6-7 milliard so‘m atrofidagi narx bilan sotuvga qo‘ygan. Shuning uchun, biz hozir ishlab turgan xitoylik investorlarni boshqa joyga ko‘chirishga majburmiz. Qizlarga boshqa ish joyi topib beramiz», deydi Zokirjon Davronov.

Lekin chekka tumanning chekka bir qishlog‘idagi korxonani 6-7 milliard so‘mga sotib oluvchi xaridor topilishi qiyin masala bo‘lsa kerak, nazarimizda.

400 ming so‘m oylikka ko‘nib ishlayotgan ayollarning tuman markaziga kuniga pul sarflab borib kelishi esa bundan-da qiyin holat.

Investor nima deydi?

Jalaquduq tumaniga 5 million dollar investitsiya olib kirishni niyat qilib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yayotgan xitoylik tadbirkor, JIA EN korxonasi rahbari Lin Yen Ju bilan suhbatlashdik.

"Menga tuman hokimligi Oyim qishlog‘idagi mana shu joyni bo‘sh degani uchun kelib ish boshladim. Tumanga 5 million AQSh dollarida investitsiya kiritmoqchimiz. Tashlandiq joyni epaqaga keltirishning o‘zi bo‘lgani yo‘q. Ishchilarning ishlashi uchun sharoit yaratdik. Bunga 50 ming dollarga yaqin mablag‘ ketdi. Ayollar, qizlar mahsulot tayyorlashni tez o‘rganishdi. Juda ko‘p mijozlar orttirdik. Vaqt o‘tgach bilsak, bu joy bankka qarashli ekan. Men ham ishchilarimga o‘rganib qolganman. Yangi joyda yana yangi ishchilar olish va ularga ham ish o‘rgatish kerak. Axir bu o‘ziga xos muammo. Sharoitlarga ham ko‘nikdim. Qish bo‘yi elektrda ko‘p uzilishlar bo‘lib turdi. O‘chadi-yonadi, o‘chadi-yonadi. Kechqurunlari besh soatcha berilar ekan. Qani edi Oyimda qolsak. Biroq, bizga taalluqli bo‘lmagan muammo sabab, tuman markaziga bino qurib ishni o‘sha yerda boshlaydigan bo‘lib turibmiz. Bundan tashqari, hudud egasi «Ipak yo‘li» banki qo‘riqchilari ham qiynab yubordi. Mahsulot sotib olgani kelgan mijozlarning avtomashinalarini ataylab kirgizmaydi. Ishchi ayollarimizga tinimsiz ravishda «Bu senlarning joying emas», deya zug‘um o‘tkazishadi.

Shunday bo‘lsa ham sharoitlar yaratilsa, Oyimda korxonani saqlab qolgan bo‘lardik. Chunki, malakali ishchilarga egamiz», deydi Lin Yen Ju.

 Oyim muammosi barcha qishloq ayollari muammosidir

O‘zbekiston aholisining nisbatan ko‘proq qismi qishloqlarda yashaydi. Oxirgi yillarda chet elga ketayotgan erkaklar ortidan ayollarning xorijga ketishi ko‘rsatkichlari ham sezilarli darajada ko‘paygan. Sabab esa aniq - ishsizlik.

Qishloqda sanoatni yurgizish uchun esa turli to‘siqlarni yengish lozim. Eng avvalo, elektr energiyasi va tabiiy gaz yo‘qligi. Yo‘llar masalasi ham bor.

Ayol kishining ham ishlagisi, ro‘zg‘origa yordam bergisi keladi. Jamiyat, jamoa ichida faoliyat yuritishi uning oilasi farovonligi va bolalar tarbiyasiga ijobiy ta'sir qilishi bor gap.

Qani edi, qishloqlarda ham kichik biznes va tadbirkorlik gurkirab rivojlansa... «Rossiyada o‘zbek ishchisi tomdan tushib halok bo‘ldi», «Turkiyada o‘zbek migrant ayoli qo‘lga tushdi», degan xabarlar ozaygan, qishloq aholisi hayoti farovonligi oshgan bo‘lar edi.

Qisqacha xulosa qiladigan bo‘lsak, shunday holat yuzaga kelishiga «Ipak yo‘li» banki sababchi emas, asl muammo tuman hokimligining investor uchun nizoli bo‘lgan binodan joy ajratib berganida bo‘lmoqda. Umid qilamizki, har qanday muammoga befarq bo‘lmagan Andijon viloyati hokimi hamda Jalaquduq tuman hokimligi Oyim qishlog‘idagi qiz-juvonlarning muammosini jiddiy ko‘rib chiqib, chekka bir qishloqdagi qora qozonlarning qaynab turishiga oz bo‘lsa-da sababchi bo‘layotgan korxona aynan shu hududning o‘zida saqlab qolinishiga va shuning barobarida investor ham o‘z biznesini xotirjam davom ettirishiga zarur barcha imkoniyatlarni yaratib beradi.

Tez kunlarda oyimqishloqlik qirq qiz va investor uchun yaxshi yangilik bo‘lib qolsa ajab emas.

(Ish jarayoni aks etgan suratlar murojaat qilgan ayollar tomonidan taqdim qilingan)

Elmurod Ermatov, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: