Soliq solish obektlari to‘g‘risidagi axborotni aniqlashtirish tartibi belgilanadi

Iqtisodiyot 13:53 / 04.04.2019 7126

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Soliq solish obektlari va soliq solish bilan bog‘liq obektlar to‘g‘risidagi axborotni aniqlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, tadbir davlat soliq xizmati organlari tomonidan aniq grafik asosida barcha soliq to‘lovchilarda (tuman, shahar, mahalla, ko‘cha kesimida) har yili, lekin bir soliq to‘lovchida yiliga ko‘pi bilan bir marta o‘tkaziladi.

Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari tomonidan soliq to‘lovchilardan tadbir jarayoniga aloqasi bo‘lmagan hujjatlarni talab qilishga, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilishga yoxud ularning moliya-xo‘jalik faoliyatiga boshqacha tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
 
Tadbir o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbarning o‘rinbosari tomonidan qabul qilinadi.

Buyruqda, tadbir o‘tkaziladigan joy (shahar, tuman, mahalla, qishloq, daha, mavze, ko‘cha va h.k.) va muddati, shuningdek, tadbirda ishtirok etuvchi davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatiladi.

Davlat soliq xizmati organlari tadbirda ishtirok etish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat idoralaridan vakillarni jalb etishi mumkin.

Bunda, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan maxfiy obektlarda tadbir o‘tkazish uchun tegishli organlardan ruxsat olinishi lozim.

Tadbir samaradorligini oshirish maqsadida davlat soliq xizmati organlari tadbir o‘tkazish to‘g‘risida oldindan soliq to‘lovchini xabardor etishi mumkin.

Tadbir o‘tkazish jarayonida soliq to‘lovchilar quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:

a) soliq to‘lovchining huquqlari:

davlat soliq xizmati organining soliq to‘lovchida tadbir o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan tanishish;

tadbir o‘tkazish ma'lumotnomasi bilan tanishish va natijasi bo‘yicha ma'lumotlardan nusxa olish;

tadbir o‘tkazishni amalga oshirayotgan davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining mazkur nizom doirasidan tashqari talablarini bajarmaslik;

soliq solish obektini hisobga olishda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lashda o‘zlari yo‘l qo‘ygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish;

tadbir o‘tkazishni amalga oshirayotgan davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;

tadbirga o‘zining vakillarini taklif etish.

b) soliq to‘lovchining majburiyatlari:

davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari tomonidan so‘ralgan, tadbir o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjat va ma'lumotlarni taqdim etish;

davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslarini soliq to‘lovchida tadbir o‘tkazish uchun o‘ziga tegishli savdo va ishlab chiqarish obektlariga, omborxonalariga, boshqa bino va inshootlarga, shu jumladan daromadlar olish uchun foydalanilayotgan yoki soliqqa tortish obektlarini saqlash bilan bog‘liq joylariga kiritish;

davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining tadbir o‘tkazish bilan bog‘liq qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik.

Soliq to‘lovchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.

Tadbir o‘tkazish jarayonida davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:

a) davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining huquqlari:

tadbir o‘tkazish jarayonida soliq to‘lovchining soliq solish obektlari va soliq solish bilan bog‘liq obektlarining barcha hujjatlarini ko‘zdan kechirish va zarur hollarda tegishli hujjatlardan nusxalar olish;

soliq to‘lovchiga tegishli savdo va ishlab chiqarish obektlarini, omborxonalarini, boshqa bino va inshootlarni, shu jumladan daromadlar olish uchun foydalanilayotgan yoki soliq solish obektlarini saqlash bilan bog‘liq joylarni, soliq solish bilan bog‘liq obektlarni hamda ularning hujjatlarini ko‘zdan kechirish, zarur hollarda ushbu obektlarni foto va video tasvirga olish;

mutaxassislar, ekspertlar va tarjimonlarni tadbir jarayoniga jalb etish va ulardan xulosa olish;

tadbir o‘tkazilayotgan soliq to‘lovchining xodimlari ro‘yxatini bevosita xodim bilan so‘rov o‘tkazish asosida shakllantirib, ularning soniga (yollanma xodimlariga) aniqlik kiritish;

tadbir o‘tkazilayotgan obektda ijarada turgan boshqa soliq to‘lovchilar bilan tuzilgan ijara shartnomalarini ko‘zdan kechirish va nusxa olish;

tadbirkorlarning amaldagi faoliyat turlarini davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomasidagi faoliyat turiga muvofiqligini ko‘zdan kechirish;

nazorat kassa mashinasi hamda to‘lov terminali sub'yektning o‘ziga tegishli ekanligini hamda soz holatda ekanini ko‘zdan kechirish;

soliq to‘lovchida o‘tkazilgan tadbir jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ogohlantirish xati berish;

soliq to‘lovchi tomonidan tadbir o‘tkazishga to‘sqinlik qilinganda yoki so‘ralgan hujjatlarni taqdim etish rad etilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organida mavjud ma'lumotlar asosida xulosa tayyorlab, to‘plangan hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish va ma'lumotlarni Davlat soliq qo‘mitasining “xavfni tahlil etish” tizimiga kiritish.

b) davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining majburiyatlari:

soliq to‘lovchini davlat soliq xizmati organining tadbir o‘tkazish tayinlanganligi to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan tanishtirish hamda o‘zining xizmat guvohnomasini ko‘rsatish;

o‘tkazilgan tadbir natijalari bilan soliq to‘lovchini tanishtirish, ma'lumotnoma rasmiylashtirish va nusxasini soliq to‘lovchi yoki uning vakiliga topshirish;

soliq to‘lovchi va uning faoliyatiga aloqador axborotlarni boshqa shaxslarga oshkor etmaslik.

Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: