Odamlar «sud» so‘zini «adolat» so‘zi bilan bog‘lamay qo‘yishsa nima bo‘ladi?

Jamiyat 21:30 / 01.04.2019 38113

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta'minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin. (Sh.Mirziyoyev, 2016 yil 21 oktyabrdagi farmondan)

Zamonaviy ijtimoiy hayotning ajralmas qismi – vujudga keladigan kelishmovchiliklarni sud orqali hal qilish. Fuqarolik jamiyatini busiz tasavvur etib bo‘lmaydi. «Nimadandir norozimisiz – sudga murojat qiling» – mazkur qoida barcha, ma'lum miqdorda barqaror bo‘lgan jamiyatlar uchun oddiy, hammaga ma'lum qoida. 

Jamiyat barqarorligi ba'zi o‘rinlarda qat'iy tamoyillarga amal qilishni taqozo qiladi. Ayni shunday tamoyillardan biri – jamiyatda samarali sud tizimining mavjudligi. Ya'ni, sud kishilarga qay darajada adolatni ta'minlab berolsa, mazkur jamiyat shunchalik barqaror hisoblanadi. Aksincha, odamlar «sud» so‘zini «adolat» so‘zi bilan bog‘lamay qo‘yishsa, unday jamiyat barqaror bo‘lmaydi. Bunday jamiyatda ijtimoiy munosabatlarda yuzaga keladigan ziddiyatlar boshqa yo‘llar bilan hal qilinadi, sud vositasida emas. Natijada jamiyat tom ma'nodagi jamiyatga – kishilarning irodasi mevasiga aylanolmaydi.

Tarixga teranroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, aynan sud tizimi fundamental inson huquqlarini ta'minlab berolmagan tuzumlar tezda ijtimoiy inqirozga yuz tutgan. Bunday tuzumlarning ayrimlari sudlarga mustaqillik bermay, ularni «qo‘g‘irchoq»qa aylantirib, sud obro‘sini yo‘qqa chiqargan bo‘lsa, boshqa birlari sudlarning faoliyatini totalitar mafkura qoliplariga solgan, natijada kishilar sudlarga Yaratgan ularga ato etgan fundamental huquqlarini ta'minlab bera oladigan joy sifatida qaramay qo‘yishgan. Fundamental huquqlarning ta'minlanmasligi esa oxir-oqibat ichki norozilik ortib borishiga va odamlarning ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lgan. Sobiq sovet ittifoqi inqirozining chuqur sababi aslida shu – tub huquqlarning buzilishi, huquqlarning ta'minlanmaganidir.

O‘zbekiston fuqarolik jamiyati qurish yo‘liga tushdi deb bemalol ayta olamiz. Buning yaqqol belgisi – yaqin o‘tmishda hali bir marta ham ochiq sud doirasida ko‘rilmagan ishlar sud idoralarida ko‘rila boshlaganidir. Bu O‘zbekistonning yangi rahbariyati o‘zgarishlar yo‘lida sodiqligidan darak.                                  

Kuni kecha Toshkent shahrida Xalqaro Islom akademiyasi ustidan berilgan, mazkur akademiya binosi ichida kiyinish tartibi yuzasidan akademiya ma'muriyati hamda o‘quvchisi o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat bo‘yicha berilgan ariza bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi. Bunday ziddiyatning sudda hal bo‘lishi fuqarolik jamiyati uchun mutlaqo normal holat. Mazkur sud ishi jarayonida taraflarning ziddiyatga sabab bo‘lgan masala yuzasidan dalillar keltirishi, ya'ni dalillar bellashuvi va oxir-oqibat sudning amaldagi qonunchilik me'yorlariga asoslangan qarori mamlakatimizda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarning isboti bo‘la oladi.  

Biroq...

Mazkur sud ishi hali o‘z yakuniga yetgani yo‘q, zero da'vogar tomonning advokati keyingi instansiya – Oliy sudga murojaat etishini bildirdi, sud hali davom etadi. Biroq quyi va o‘rta instansiya sudlari davomida va suddan keyin bo‘lib o‘tgan ba'zi xunuk holatlar kishini taajjubga soldi. Qanday holatlar? 

  1. Sud ochiq sud bo‘lgani sabab unda ishtirok etmoqchi bo‘lib kelgan kishilar avvalboshda sud zaliga qo‘yilmadi. Natijada sud idorasi eshigi oldida birmuncha odam yig‘ildi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi – ba'zi kishilar o‘z noroziliklarini baland ovozda namoyon qilishdi. Bu manzara chetdan turib suratga olindi va keyinchalik mazkur suratlar go‘yo tartibsizlik manzarasi sifatida Xalqaro Islom akademiyasi saytida namoyish qilindi. Bu menga atayin – sudga tashrif buyurgan raqib tarafning sha'nini qoralash uchun qilingan, sud idorasi xodimlari bilan birga tuzilgan rejali tadbirdek ko‘rindi.
  2. Sudni o‘tkazish uchun negadir kichik xona tanlandi. Buning ustiga sudda ishtirok etish istagida kelganlar xonaga kirganda bu, aytish mumkin bo‘lsa, sud zali qandaydir qoraga burkangan, buning ustiga niqob taqib olgan, sud binosida o‘zlarini namoyishkorona axloqsiz tutayotgan ayollar bilan qisman band qilingan edi. Bu ham da'vogar tarafni qo‘llab-quvvatlash uchun kelganlarning sha'nini yerga urish uchun qilingan tadbirga o‘xshardi.
  3. Sudda ishtirok etish istagida bo‘lgan ba'zi kishilarga mazkur ochiq sudda ishtirok etishga yo‘l qo‘yilmadi.
  4. Xalqaro Islom akademiyasi saytida qisqa davr ichida birin-ketin to‘rtta, qarshi tarafning sha'nini pastlatuvchi hamda ichida ochiqdan-ochiq, voqelikda bo‘lmagan ma'lumotlar bilan «bezatilgan» maqolalar e'lon qilindi. Buning ustiga mazkur maqolalar o‘tgan asrning 30-40-yillarida yuz bergan qatag‘onlar davri uslubida – odamlarni «xalq dushmani»ga chiqarish kampaniyasi uslubida yozilgan bo‘lib, sud jarayonida o‘z vazifasini bajarayotgan advokatni «xalq dushmani»ga aylantirish maqsad qilingani yaqqol ko‘rinib qoldi.    

Modomiki, fuqarolik jamiyatini barpo etishni ko‘zlagan ekanmiz, «sud» degan so‘z biz uchun o‘ta yaqin, yoqimli, ijobiy hislarimizni uyg‘otuvchi, «adolat» so‘zi bilan bir qatorda turadigan so‘z bo‘lmog‘i lozim. Sudga murojaat etish oson bo‘lmog‘iga, sud jarayoni esa barcha yuksak tamoyil va tartiblarga muvofiq olib borilmog‘iga jamiyat o‘laroq urinmog‘imiz lozim. Sud aynan mana shunday ijobiy, ko‘rkam maskanga aylanmasa fuqarolik jamiyati qurib bo‘lmaydi. Ta'bir joiz bo‘lsa, odamlar sud idorasini yaxshi ko‘rib qolishlari kerak.      

Yuqorida tilga olingan holatda esa bizga go‘yo kimdir sudni qora ranglarga bo‘yab, nizolarni sud orqali hal qilishdan qaytarayotgandek. Bu ham yetmagandek qonunga muvofiq o‘z arzi bilan sudga murojaat qilgan fuqaroni, uning advokatini hamda ular tarafida bo‘lganlarni qip-qizil «xalq dushmani» qilib ko‘rsatishga urinilmoqda. Ko‘rimsiz «teatrlashtirilgan» sahnalar, ba'zi fuqarolarning «sudda qatnashishining oldini olishlar», qatag‘on davriga mos maqolalar – bular «sud» kabi yuksak tushuncha bilan bog‘lanib qolmasligi kerak. 

Qolaversa, sudning yuzi davlatchilikning, jamiyatning yuzi. Bu yuzni xunuk qilib ko‘rsatish og‘ir ma'naviy jinoyatdir. Suddek jamiyatning barqarorligi uchun favqulodda ahamiyatli joyni ko‘rimsiz qilib ko‘rsatishga bo‘lgan urinishlarni og‘ir xiyonat deb tasniflash lozim. 

Maqola so‘ngida o‘rtaga bir nechta savol qo‘ygim keldi: nizolar sudda hal qilinmasa, qayerda hal qilinadi? Prezident adolat tiklamoq va dunyoga O‘zbekistonning yangi qiyofasini namoyish etishga urinayotgan bir paytda kommunistik tafakkur va yondashuv bilan 1937 yil qatag‘oni davriga qaytish hissiyotini Davlatning istagi sifatida ko‘rsatishdan, Prezident islohotlariga qarshi ish ko‘rishdan kim manfaatdor? 

Xalq, millat bugun o‘z Prezidenti qiyofasini ham, orzu-istaklarini ham yaxshi taniydi, uning maqsadlari ro‘yobi uchun yelkama-yelka bo‘lib kurashmoqda. Qiziq bu aynan kimlarga yoqmayapti ekan? Nahotki ular shunchalik qo‘rqmas degan savol xayolga keladi. Islom akademiyasi tomonidan yuqorida tilga olganimiz tuhmat ma'lumotlar o‘z-o‘zidan ularning saytidan bugun g‘oyib bo‘lib qolganini ko‘rib amin bo‘lish mumkinki ular kuchli emas. Chunki, faqatgina Davlati va Prezidentga chin yurakdan sodiqlargina, orqadan ish qilmaydiganlargina qo‘rqmas va kuchli bo‘lishadi!

Shokir Sharipov

 

Ko‘proq yangiliklar: