Facebook kompaniyasi "Hindiston milliy kongressi" muxolifatchi partiyasining IT-departamenti bilan bog‘liq 687ta sahifa va akkauntni o‘chirib tashladi. Bu haqda Facebook kiberxavfsizlik bo‘limi rahbari Nataniel Gleyxer ma'lum qildi.
"Ushbu internet-jamiyatlardagi sahifalarni o‘chirishimizning sababi – ularning umumiy harakati: ular o‘z shaxslarini yashirish uchun soxta nomlardan foydalanishadi va ortlarida kim turganini yashirishadi", - deya Gleyxerdan iqtibos keltiradi NDTV telekanali. Gleyxerning qayd etishicha, bu akkauntlar "Hindiston milliy kongressi" partiyasiga aloqador.
Hindistonda parlament quyi palatasiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda 900 mlnga yaqin kishi ishtirok etadi. Ovoz berish 11 apreldan 19 maygacha bo‘lib o‘tadi.