Yangi tashkil etilgan agentlikka bosh direktor tayinlandi

O‘zbekiston 12:40 / 25.03.2019 15896

Hukumat qaroriga muvofiq Nasriddin Ergashevich Najimov Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligining bosh direktori etib tayinlandi.

Joriy yilning 22 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qaror bilan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta'minlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qo‘llagan holda intensiv bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarini kengaytirish, shuningdek, bozor kon'yunkturasi tahlilini hisobga olgan holda meva mahsulotlari turlarini ko‘paytirish choralarini ko‘rish;

hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligida ilmiy yutuqlar, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va intensiv agrotexnologiyalardan keng foydalanishni tashkil etish;

“O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklariga xalqaro sertifikatlash standartlarini joriy etishda ko‘maklashish;

meva mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash va sotishning butun zanjirini o‘z ichiga olgan klaster shaklini tashkil qilish va kooperatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish;

bozorlar kon'yunkturasi bo‘yicha chuqur marketing tadqiqotlarini o‘tkazish yo‘li bilan raqobatbardosh mahsulot yetishtirish, uni sotishni tashkil qilish, eksport salohiyatini oshirish maqsadida investitsiyalarni, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashish;

tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan meva navlarini joylashtirish va yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari sohasida mutaxassislarni o‘qitish, ularning malakasini oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish va joriy etish masalalari bo‘yicha mahalliy va xorijiy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, sohaga ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarining elektron reyestrini yuritish.

Ko‘proq yangiliklar: