Xitoylik darbadar shaxs Konfutsiydan iqtibos keltirdi va ijtimoiy tarmoq yulduziga aylandi

Jahon 11:14 / 25.03.2019 13863

Xitoyda yashovchi Shen Vey ismli uysiz shaxs kutilmaganda internetda o‘zining intellektual monologlari bilan mashhur bo‘lib ketdi - uning ishtirokidagi roliklar ijtimoiy tarmoqlar va axborot portallarida tarqaldi. «Bi-bi-si» xabariga ko‘ra, internet foydalanuvchilari uning falsafa va adabiyot bo‘yicha bilimidan hayratga tushishgan.

Mashhur bo‘lib borayotgan videoyozuvlarda Vey, ko‘chada ko‘plab odamlar bilan o‘rab olingan holda, Konfutsiydan iqtibos keltiradi va Lyao Fanning XVI asrda yaratilgan ishlari haqida fikr yuritadi. O‘tkinchilar uning monologlarini videoga olishgan.

Roliklar millionlab marta ko‘rildi, Veyning ismiga bog‘langan xeshteglar esa Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida topga ko‘tarildi. Tarmoqda aniq turar joyi yo‘q zukko shaxsni Xitoy adabiyoti ustasi, deb nomlashdi.

Xabar qilinishicha, Vey 10 yildan ziyod vaqt mobaynida mamlakat bo‘ylab kezadi. Ilgari erkak Shanxaydagi audit idorasida davlat xizmatchisi bo‘lgan. Mahalliy amaldorlarning tasdiqlashicha, Vey so‘nggi 26 yil davomida kasallik ta'tilida bo‘lib turibdi. Biroq, ularning so‘zlariga ko‘ra, unga hamon ba'zi to‘lovlar to‘lab berilyapti.

Xitoylik foydalanuvchilar darbadar shaxsning hayotini muhokama qilishmoqda hamda uning mahalliy ijtimoiy ta'minot tizimidan hafsalasi pir bo‘lgani bo‘yicha bahslashishmoqda. «Bu Shanxay uchun sharmandalik - u haqida g‘amxo‘rlik qilishmayapti», - deyiladi izohlardan birida.

Veyning o‘zi kelgan mashhurlikdan juda ham xursand bo‘lmadi. «Men mashhur bo‘lishni xohlamayman, men tinch hayotni yoqtiraman», - dedi u.

 

Ko‘proq yangiliklar: