Urganchda Jaloliddin Manguberdi xiyoboni tashkil etiladi

O‘zbekiston 13:07 / 25.03.2019 12559

Vazirlar Mahkamasi Xorazm viloyatining Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi xiyobonini tashkil etish va uning yangi haykalini o‘rnatish, yodgorlik bilan butunjahon sayyohlarini keng tanishtirish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, xiyobon hududini an'anaviy qurilish uslubi bilan uyg‘unlashtirilgan holda barpo etish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida farmoyish qabul qildi.

Hujjat bilan Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Xorazm viloyati Urganch shahrining Al-Xorazmiy, Pahlavon Mahmud, Sheroziy va O‘zbekiston ko‘chalari oralig‘ida Jaloliddin Manguberdi xiyobonini tashkil etish va uning yangi haykalini o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Belgilab qo‘yilishicha, loyiha doirasida:

Jaloliddin Manguberdi haykalini yaratish, unga tegishli loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ularni ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar 2019 yil uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan;

Jaloliddin Manguberdi xiyobonini tashkil qilish, haykal postamentini yaratish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, tashqi yoritish tizimlari, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, hududning sug‘orish tizimlarini yaxshilash va yer osti suvlari sathini pasaytirish ishlari bilan bog‘liq xarajatlar Xorazm viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan;

elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va ko‘chirish ishlari tegishligiga ko‘ra “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ va “O‘zbektelekom” AKning o‘z mablag‘lari hisobidan;

xiyobon hududida Jaloliddin Manguberdining yangi haykalini yaratish va o‘rnatish ishlari natijasida buziladigan turar joylar uchun kompensatsiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi ko‘rsatilgan tartibda amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur bandda nazarda tutilgan ishlar homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Xorazm viloyati Urganch shahrining markaziy qismidagi Al-Xorazmiy, Pahlavon Mahmud, Sheroziy va O‘zbekiston ko‘chalari oralig‘ida barpo etilayotgan Jaloliddin Manguberdi xiyobonining yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 apreliga kadar loyihani Jaloliddin Manguberdi yashab o‘tgan davr tarixiga uyg‘unlashtirgan holda takliflarni tanlov asosida va xorijiy davlatlardan malakali mutaxassislarning ishtirokini ta'minlagan holda ishlab chiqadi hamda loyiha ishlarining amalga oshirilishi monitoringini olib boradi. Bunda Jaloliddin Manguberdi haykalini yaratish, unga tegishli loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ularni ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: