«Surxondaryocha tomosha». Tuman hokimi o‘zini portalga yozgan deputatdan «qutuldi», u qonunlardan bexabarmi?

Jamiyat 15:10 / 25.03.2019 123217

Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidan xalq deputatlari kengashi tuman deputati Shoberdi Suyunov murojaat qildi. U o‘z murojaatida tuman hokimi — mahalliy kengash raisi Normo‘min Choriyev uni nohaq va noqonuniy asoslar bilan muddatidan avval deputatlikdan chaqirib olganini bayon qilgandi. Murojaatni batafsil o‘rganish uchun sayt muxbirlari jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Shoberdi Suyunov bir necha yillardan beri tumanda deputat sifatida faoliyat yuritib kelgan. U keyingi vaqtlarda tuman hokimi tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, aholi noroziliklari kuchayishi va boshqa muammolar to‘g‘risida prezident portaliga murojaat yo‘llagan. Murojaatda tuman hokimining ayrim qilmishlari, jumladan, tumandagi «Neftchilar» mahallasi hududida joylashgan maktabgacha ta'lim muassasasidan kesib ketilgan isitish trubalari, ularning o‘rniga qo‘yilgan qo‘lbola isitish moslamalari va boshqa muammolar bayon etilgan. Murojaatdan keyin o‘zini Prezident administratsiyasi xodimi sifatida tanishtirgan Olim ismli shaxs tekshiruvga kelgan. Deputat undan familiyasini so‘raganida «bilishi shart emasligi»ni aytib ma'lumot bermagan. U qo‘lbola isitish moslamasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Lekin prezident administratsiyasi xodimi ham, tuman prokurori ham bu holatga hech qanday munosabat bildirmagan.

Sobiq deputat Shoberdi Suyunov

Voqeadan keyin xalq deputatlari kengashi raisi hisoblanadigan hokim zudlik bilan navbatdan tashqari sessiya chaqirgan. Sessiya kun tartibi ham aytilmagan. Tumandagi barcha deputatlarga qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Ertasiga taxminan soat 8larda deputat Shoberdi Suyunovga tuman hokimligidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, tezda sessiyaga yetib kelishini aytishgan. Deputat sessiyaga borgan va tuman hokimi sessiyani boshqarishiga e'tiroz bildirgan. Boshqa bir deputat esa sessiya o‘tkazilishini talab qilgan. Asos sifatida o‘rtadagi nizoni aytadi va xolislik ta'minlanishini so‘ragan.

Hokim deputatning e'tiroziga qaramay, sessiyani boshqarishda davom etgan, birin-ketin u haqida salbiy fikr bildiradigan shaxslarga so‘z navbati berilgan. Biroq Shoberdi Suyunovga o‘z asoslarini aytishi uchun so‘z berilmagan. Deputatlikdan chaqirib olishga asos sifatida fuqaro Nodirabegim Rustamovaning manfaatlarini ko‘zlab sudda vakil sifatida qatnashgani va boshqa sabablar ko‘rsatilgan.

Shundan so‘ng, Adolat sotsial demokratik partiyasi tuman kengashi rahbari Shuhrat Yo‘ldoshevga yuzlandik. U chaqirib olish haqidagi qarorga nima asos bo‘lgani haqidagi savolga quyidagicha javob qaytardi.

Partiya tuman kengashi raisi Shuhrat Yo‘ldoshev

«Hurmatli hokim buva davolanishga kirgan ekan... Order masalasida deputat Toshkentga borib davolanganda o‘sha yerda... Xullas, o‘zining faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ekan. Hamma hujjatlar hokimiyatda. Bundan tashqari yana bir deputatni chaqirib olganmiz...», — deya tushunarsiz izohlar berdi partiya rahbari.

Undan deputatni chaqirib olish tartibiga oid qonun hujjatlariga qay darajada rioya qilingani haqidagi savollarga javob ololmadik.

«Borib hokimlikdan hujjatlarni olib kelaman»,-deganicha ketgan partiya rahbarini qaytib ko‘rmadik.

Keyin tumandagi deputat Shuhrat Jumayev va boshqa deputatlar bilan suhbatlashdik. Ular ham holatni shunday tasvirlashdi. Chindan ham sessiya bir kun avval chaqirilganini tasdiqlashdi.

Tuman deputati Shuhrat Jumayev

Shoberdi Suyunovning ayrim saylovchilari esa deputat amalga oshirayotgan ishlarni ijobiy baholashib, uning fidoyiligini e'tirof etishdi. Ular tegishli tashkilotlar Suyunovni deputatlikka qayta tiklashida amaliy yordam ko‘rsatishini so‘rashdi.

Tuman hokimligining mazkur sessiyani tashkil qilishga bevosita mas'ul bo‘lgan xodimi bilan bog‘langanimizda, u ham yetarli ma'lumotlar taqdim eta olmadi. Nima sababdan sessiya zudlik bilan o‘tkazilgani, nima uchun sessiya bo‘lib o‘tishi haqida juda kech xabar berilgani haqidagi savollarimizga hokimlik vakili «deputatlarni topa olishmagani»ni vaj qilib ko‘rsatdi.

Deputatning prezident portaliga yozilgan shikoyati taqdiri bilan qiziqib, tumandagi maktabgacha ta'lim muassasasiga bordik. U yerda o‘rnatilgan isitish moslamalarini o‘rgandik. Ahvol juda achinarli. Isitish moslamalari o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri isitiladigan qo‘lbola isitish moslamalarida xonalar isitilmoqda. Isitish tizimi yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydi. Ichkarida esa bolalar tarbiyalanmoqda. Biror sabab bo‘lib olov o‘chib qolgudek bo‘lsa, xonaga gaz to‘planib,  yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Tuman yong‘in xavfsizligi mutasaddilari va boshqa vakolatli organlar esa bunga befarq qarashmoqda.

Deputat Shoberdi Suyunovning prezident portaliga yo‘llagan shikoyati natijasi bilan qiziqib, tuman prokuraturasiga yo‘l oldik. Biroq tuman prokurori qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi, bizga u o‘z sektoridagi vaziyatni o‘rganish uchun chiqib ketganini aytishdi va o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob topa olmay ortga qaytishga majbur bo‘ldik.

Darvoqe, Suyunovning ma'lum qilishicha, uning tuman hokimining xatti-harakatlariga e'tiroz bildirilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti portaliga yo‘llangan shikoyatiga javob xati qaytarilmagan.

Surishtiruvlar so‘ngida tuman hokimi Normo‘min Choriyev qabulida bo‘lib, holat yuzasidan izoh oldik.

«Deputat ko‘p yillardan beri ariza yozish bilan shug‘ullanadi. Ariza bilan arizaning farqi ham bo‘ladi. Kimdir o‘z manfaatini, kimdir xalq manfaatini ko‘zlaydi. Bu inson rahbarlarga nisbatan ko‘proq shunday ariza yozadi. Oxirgi murojaatini prezident administratsiyasidan kelib ko‘rishdi. Isbotini topmadi. Shundan so‘ng, tuman partiya rahbari chaqirib olish to‘g‘risida odob-axloq komissiyasiga ma'lumot kiritdi. Keyin ish sessiyada ko‘rildi. 30 deputatdan 22 nafari qatnashdi. Kvorum bor. Hammasi ko‘rib chiqildi. Kamida 10 deputat so‘zga chiqdi. Ko‘pchilik Suyunovning vakolatini oldindan tugatish kerak dedi. U bo‘lsa sessiya boshida sessiyani ochishni boshqa bir deputat ko‘rishi kerak dedi. Men unamadim. Men vakolatli kengash raisi ekanimni aytdim.

Bunday hollarda navbatdan tashqari sessiya chaqiriladi. Bu yerda qonun buzilishi holati bo‘lmagan. Mendan kengash raisi vakolati olinmagan. Uning masalasini bitta men hal qilmadim. O‘sha yerdagi deputatlar hal qildi. Men rais bo‘lib qatnashdim, xolos», — deydi hokim.

Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Normo‘min Choriyev

Aslida deputatni chaqirib olish tartibi qanday?

«Xalq deputatlari mahalliy kengashi deputatini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zosini chaqirib olish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, deputatni chaqirib olish uchun qator asoslar mavjud bo‘lishi talab etiladi.

Tegishli asoslarni ko‘rib chiqish uchun kengash tashkil qilinadi. Kengash deputatni chaqirib olish asosligi yoki asossizligi to‘g‘risida qaror chiqaradi. Undan keyin asosli qaror chaqirib olishni tashkil etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga yuboriladi.

Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, deputatni chaqirib olish u saylangan okrug saylovchilarining yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Markaziy saylov komissiyasi qarorni olgan kundan boshlab 10 kun ichida ovoz berish joyi va vaqtini tayinlaydi. Qonunning ko‘rsatilgan asoslar yetarli bo‘lgan taqdirda 3 kunlik muddatdan kechiktirmay deputatga hujjatlardan namunalar yozma tarzda yuboriladi.

Chaqirib olish haqidagi masalasi qo‘yilgan deputat saylovchilar bilan uchrashishga, saylovchilarning yig‘ilishlarida, davlat hokimiyati vakillik organlarining sessiyalari va majlislarida chaqirib olinishi haqidagi masala ko‘rib chiqilayotganda ishtirok etishga hamda o‘zini himoya qilib so‘zga chiqishga haqlidir. Deputatni chaqirib olish ishlarini tashkil etish tegishli okrug komissiyasi zimmasiga yuklanadi.

Deputatni chaqirib olish bo‘yicha ovoz berish jarayonini o‘tkazish uchun ovoz berishga kechi bilan 25 kun qolganda ovoz berish uchastkalari va kechi bilan 20 kun qolganda uchastka komissiyalari tuziladi. Tegishli saylov okrugi saylovchilarining ro‘yxatlari ovoz berish kuniga kechi bilan 10 kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim qilinadi.

Deputatning chaqirib olinishini «yoqlayman» yoki «yoqlamayman» degan mazmunda yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylov o‘tkaziladi. Saylovchilarning yarmidan ko‘pi chaqirib olinishini yoqlab ovoz bersa, keyin deputat chaqirib olingan hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, qonun hujjatlariga ko‘ra xalq deputatlari tuman kengashi deputatni chaqirib olishga vakolatli emasdek ko‘rinadi. Tasavvur qilib ko‘ring, siz fuqaro sifatida deputatni saylasangiz-u, boshqa saylov uchastkalaridan saylangan deputatlar sessiyada ovoz berib siz saylagan deputatni vakolatlaridan mahrum etsa. Tumanda hokim Kengash raisi bo‘lsa, biror deputat unga qarshi borishi mumkinmi? Partiya tuman kengashi rahbarining shaxsan o‘zi «hokim buvamiz» deb turganda, boshqa deputatlar nima qilsin?..

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil dekabr oyida Qashqadaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda «Bir rahbar odam ham hokim, ham kengash raisi bo‘lolmaydi. Kerak bo‘lsa, hokim kengashga hisobot beradi. Viloyat va tuman deputatlariga ham vakolatlar beriladi» degan so‘zlari bejiz aytilmaganiga yuqorida tilga olingan voqea tafsilotlarida yana bir bor guvoh bo‘lib turibmiz.

Prezident o‘tgan yil yakunida parlamentga murojaatnomasida ham shu mavzuga to‘xtalgandi va hokimning mahalliy kengashlarga raislik qilishi amaliyotini bekor qilishni taklif etgandi. «Hokim hokimligini qilsin, lekin kengash oldida hisobot bersin», — degandi Shavkat Mirziyoyev.

Yuqoridagi holatga Markaziy saylov komissiyasi, Adolat sotsial demokratik partiyasi Markaziy kengashi va qonunlar aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni ta'minlovchi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, qolaversa, Surxondaryo viloyat hokimligi tegishli munosabat bildiradi, deb ishonch bildiramiz.

Kun.uz muxbiri Zafarbek Solijonov,
tasvirchi Sherzodbek Egamberdiyev

Ko‘proq yangiliklar: