Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda biznes yuritishni soddalashtiradigan qonunni imzoladi

Business class 15:40 / 25.03.2019 36098

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 22 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda ma'qullangan.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 5 mayda qabul qilingan «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonuniga quyidagi o‘zgartishlar kiritildi:

2-moddaning (Bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari) ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Ushbu Qonunning amal qilishi davlat korxonalariga va notijorat tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish yuritayotgan yuridik shaxslar mustasno»;

19-modda (Sud boshqaruvchisining huquqlari va majburiyatlari) birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisidagi «iqtisodiy» degan so‘z chiqarib tashlandi;

35-moddaning (Bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish asoslari) birinchi qismidagi «joylashgan yerdagi (yashash joyidagi)» degan so‘zlar «davlat ro‘yxatidan o‘tgan yerdagi» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar kiritildi:

275-modda (Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish chog‘ida qonunlarning ijrosi ustidan prokuror nazorati) sakkizinchi xatboshisining o‘zbekcha matnidagi «hal qiluv qaroriga» degan so‘zlar «qarorga» degan so‘z bilan almashtirildi;

316-moddaning (Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat berish muddati) birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shu qarorning nusxasi olingan kundan e'tiboran o‘n kun ichida shikoyat berilishi mumkin, bundan sud qarori mustasno»;

324-7-modda (Sudning ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan hal qiluv qarori):

nomining o‘zbekcha matnidagi «hal qiluv» degan so‘zlar chiqarib tashlandi;

birinchi qismining o‘zbekcha matnidagi «hal qiluv qarorlaridan» degan so‘zlar «qarorlardan» degan so‘z bilan almashtirildi;

ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Sudning ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qarori ustidan berilgan shikoyat (protest) yuzasidan kassatsiya instansiyasi sudi qaror chiqaradi va bu qaror chiqarilgan paytdan e'tiboran kuchga kiradi».

O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan 163-1-sonli va 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan 256-1-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

151-moddaning (Maxsus da'vo muddatlari) birinchi qismidagi «qonunlarda» degan so‘z «qonun hujjatlarida» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

156-moddaning (Da'vo muddati o‘tishining to‘xtatilishi) birinchi qismi quyidagi mazmundagi 6-band bilan to‘ldirildi:

«6) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv tuzilgan taqdirda»;

163-moddaning (Da'vo muddati joriy qilinmaydigan talablar) oltinchi xatboshisidagi «shu jumladan egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan buzishlarni (ushbu Kodeksning 231-moddasi)» degan so‘zlar «garchi bu buzishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham (ushbu Kodeksning 231-moddasi)» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

480-moddaning (Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasining shakli) birinchi qismidagi «va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim» degan so‘zlar chiqarib tashlandi;

488-modda (Uy-joy binolarini sotishning xususiyatlari) quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Uyni, kvartirani, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim».

O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi 223-I-sonli Qonuniga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

3-moddaning (Aksiyadorlik jamiyatining huquqiy holati) oltinchi qismidagi «bo‘lishi lozim» degan so‘zlar «bo‘lishga haqli» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

10-moddaning (Jamiyatni ta'sis etish):

beshinchi qismi (Jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi kamida 15 foizni tashkil etishi lozim bo‘lgan chet ellik investorlar ishtirokida tashkil qilinadi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarida belgilangan hollar bundan mustasno) chiqarib tashlandi;

oltinchi - sakkizinchi qismlari tegishincha beshinchi - yettinchi qismlar deb hisoblanadi;

17-modda quyidagi tahrirda bayon etildi:

«17-modda. Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori

Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori jamiyat ustavida belgilanadi.

Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) jamiyat ustavida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirishning eng ko‘p muddati jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e'tiboran bir yildan oshmasligi kerak.

Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin»;

19-moddaning (Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish):

uchinchi qismi (Jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirishga, agar buning natijasida uning miqdori jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) jamiyat ustavidagi tegishli o‘zgartishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida aniqlanadigan, ushbu Qonunning 17-moddasida belgilangan eng kam miqdoridan kamayib ketsa, haqli emas) chiqarib tashlandi;

to‘rtinchi va beshinchi qismlari tegishincha uchinchi va to‘rtinchi qismlar deb hisoblanadi;

32-moddaning (Jamiyatning fondlari va sof aktivlari):

yettinchi qismi (Agar ikkinchi moliya yili va undan keyingi har bir moliya yili tugaganidan keyin aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishiga tasdiqlash uchun taqdim etilgan yillik buxgalteriya balansiga yoki auditorlik tekshiruvi natijasiga muvofiq jamiyat sof aktivlarining qiymati jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) ushbu Qonun 17-moddasida ko‘rsatilgan eng kam miqdoridan oz bo‘lib chiqsa, jamiyat o‘zining tugatilishi haqida qaror qabul qilishi shart) chiqarib tashlandi;

sakkizinchi qismi yettinchi qism deb hisoblanadi;

35-modda (Aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishda aksiyadorlarning huquqlarini ta'minlash):

birinchi qismining birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Jamiyat tomonidan aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan, haqi pul mablag‘lari bilan to‘lanadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishda ovoz beruvchi aksiyalarning egalari bo‘lgan aksiyadorlar ularni imtiyozli ravishda olish huquqiga ega».

59-moddaning (Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining vakolat doirasi) birinchi qismi:

quyidagi mazmundagi yigirma to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirildi:

«majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotini belgilash, ushbu tashkilotning xizmatlariga to‘lanadigan eng ko‘p haq miqdori va u bilan shartnoma tuzish (shartnomani bekor qilish) to‘g‘risida qaror qabul qilish».

62-moddaning (Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risidagi axborot) birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risidagi xabar aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladigan sanadan kamida yigirma bir kundan kechiktirmay, lekin uzog‘i bilan o‘ttiz kun oldin Korporativ axborotning yagona portalida, jamiyatning rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi, shuningdek aksiyadorlarga elektron pochta orqali yuboriladi».

74-modda (Jamiyatning kuzatuv kengashi) quyidagi mazmundagi to‘rtinchi - oltinchi qismlar bilan to‘ldirildi:

«Eng muhim masalalarni ko‘rib chiqish va jamiyatning kuzatuv kengashiga tavsiyalar tayyorlash uchun kuzatuv kengashi a'zolari orasidan qo‘mitalar tashkil etilishi mumkin.

Aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varag‘iga kiritilgan jamiyat faqat mazkur jamiyat kuzatuv kengashining a'zolaridan tarkib topgan audit qo‘mitasini tashkil etishi shart. Jamiyatning ichki audit xizmati, agar bunday xizmat mavjud bo‘lsa, o‘z faoliyatida audit qo‘mitasiga hisobdordir.

Qo‘mitalarni shakllantirish va ularning ishlash tartibi, soni va tarkibi jamiyatning kuzatuv kengashi to‘g‘risidagi nizomda belgilanadi»;

75-modda (Jamiyat kuzatuv kengashining vakolat doirasi) birinchi qismining o‘n to‘rtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«auditorlik tekshiruvini o‘tkazish (majburiy auditorlik tekshiruvi bundan mustasno), auditorlik tashkilotini belgilash, uning xizmatlariga to‘lanadigan eng ko‘p haq miqdori va u bilan shartnoma tuzish (shartnomani bekor qilish) to‘g‘risida qaror qabul qilish»;

76-modda (Jamiyat kuzatuv kengashining a'zolarini saylash):

quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi qismlar bilan to‘ldirildi:

«Aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varag‘iga kiritilgan jamiyat kuzatuv kengashi tarkibiga kamida bir nafar mustaqil a'zo kiritilishi kerak, ushbu a'zo har yili qayta saylanishi mumkin. Bunda davlat va (yoki) xo‘jalik birlashmasining ulushi ustun bo‘lgan jamiyatlarda nomzod ko‘rsatish hamda kuzatuv kengashining mustaqil a'zosi bo‘yicha ovoz berish davlat va (yoki) xo‘jalik birlashmasining vakillari tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagi shaxs kuzatuv kengashining mustaqil a'zosi deb e'tirof etiladi:

so‘nggi uch yil mobaynida jamiyatda va (yoki) uning affillangan shaxslarida ishlamagan shaxs;

jamiyatning aksiyadori va (yoki) uning affillangan shaxsining ta'sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lmagan shaxs;

jamiyatning va (yoki) uning affillangan shaxsining yirik mijozi va (yoki) yirik yetkazib beruvchisi bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda bo‘lmagan shaxs. Bunda qaysi mijoz va yetkazib beruvchi bilan eng kam ish haqining ikki ming baravaridan ko‘p bo‘lgan summaga teng amaldagi shartnoma mavjud bo‘lsa, o‘shalar yirik mijoz va yirik yetkazib beruvchi deb e'tirof etiladi;

jamiyat va (yoki) uning affillangan shaxslari bilan biror-bir kelishuvga ega bo‘lmagan shaxs, bundan kuzatuv kengashi a'zosining vazifalari va funksiyalari bajarilishini ta'minlash bilan bog‘liq bo‘lgan hollar mustasno;

jamiyatning boshqaruv va ichki nazorat organlarining va (yoki) uning affillangan shaxslarining a'zosi bo‘lgan shaxsning yoki so‘nggi uch yil ichida ularga a'zo bo‘lgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi (farzandlikka oluvchisi), farzandi (farzandlikka olingan bolasi), tug‘ishgan va o‘gay akasi (ukasi) hamda opasi (singlisi) bo‘lmagan shaxs;

davlat boshqaruvi organining yoki davlat korxonasining xodimi bo‘lmagan shaxs»;

81-modda (Jamiyat kuzatuv kengashi a'zolarining, jamiyat direktorining, boshqaruv a'zolarining, ishonchli boshqaruvchining javobgarligi) quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi qismlar bilan to‘ldirildi:

«Sud jamiyatning kuzatuv kengashi a'zosini, direktorini yoki boshqaruvi a'zosini jamiyatga mulkiy zarar yetkazganlikda aybdor deb topgan taqdirda, ushbu a'zoning, direktorning yoki boshqaruv a'zosining vakolatlari sudning qaroriga ko‘ra, ularning xo‘jalik jamiyatlarida rahbarlik lavozimini egallashi taqiqlangan holda, bir yildan kam bo‘lmagan muddatga tugatilishi mumkin.

Jamiyatning kuzatuv kengashi a'zosi, direktori yoki boshqaruvi a'zosi, shuningdek ishonchli boshqaruvchi jamiyatga chalg‘ituvchi axborot yoki bila turib yolg‘on axborot taqdim etganligi yoxud o‘zlari yoki o‘z affillangan shaxslari tomonidan foyda (daromad) olish maqsadida yirik bitim tuzishni va (yoki) yirik bitim tuzish va (yoki) affillangan shaxslar bilan bitimlar tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilishni taklif etganligi natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlikka tortilishi mumkin»;

104-modda (Aksiyadorlarga jamiyat hujjatlaridan foydalanish imkoniyatini berish) quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Aksiyador (aksiyadorlar) yirik bitimni yoki affillangan shaxs bilan tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da'vo arizasini sudda ko‘rib chiqish chog‘ida jamiyatdan va guvohlardan sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ishga taalluqli bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha hujjatlarni olishga haqli, bundan davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi hujjatlar mustasno»;

106-modda (Jamiyat to‘g‘risidagi axborot):

quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varag‘iga kiritilgan jamiyat Korporativ axborotning yagona portalida va jamiyatning rasmiy veb-saytida boshqa yuridik shaxslarning 5 va undan ortiq foiz aksiyalariga (ulushlariga, paylariga) egalik qilishi to‘g‘risidagi axborotni e'lon qilishi shart. Bunda mazkur axborot aksiyalar (ulushlar, paylar) olingan paytdan e'tiboran 72 soat ichida e'lon qilinishi kerak».

O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi 474-1-sonli Qonuni 5-moddasining (Davlat soliq xizmati organlarining huquqlari) birinchi qismiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi:

8-band quyidagi tahrirda bayon etildi:

«8) solik tekshiruvini o‘tkazishga solik to‘lovchi tomonidan to‘sqinlik qilingan yoki solik to‘lovchi daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obektini saqlash bilan bog‘liq hududlarni, binolarni, shu jumladan joylarni ko‘zdan kechirish uchun davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslarini kiritish rad etilgan hollarda, banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish yuzasidan sud tartibida choralar ko‘rish (bundan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish aniqlangan hollar mustasno)»;

quyidagi mazmundagi 8-2-band bilan to‘ldirildi:

«8-2) soliq to‘lovchi qayd etilgan manzilda bo‘lmagan, shuningdek soliq to‘lovchi tomonidan soliq hisoboti va (yoki) moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari bo‘yicha tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan hollarda banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish. Soliq to‘lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror vujudga kelguniga qadar banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilgan shart-sharoitlarni o‘z ichiga olishi kerak».

O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan «Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida»gi 600-1-sonli Qonuni 5-moddasining (Qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) tashkil etish) to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) mustaqil balansga, bank muassasasida hisob-kitob varaqlariga va boshqa hisobvaraqlarga ega bo‘ladi, shuningdek o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘lishga haqli».

O‘zbekiston Respublikasining 2000 yil 25 mayda qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuni 34-moddasining (Tadbirkorlik faoliyatiga aralashmaslik kafolatlari) uchinchi qismiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartish kiritildi:

quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldirildi:

«tadbirkorlik sub'yektlaridan hujjatlarga muhr bosishni talab qilish yoki hujjatlarni muhr bilan tasdiqlash to‘g‘risida talab qo‘yish»;

uchinchi xatboshi to‘rtinchi xatboshi deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2000 yil 15 dekabrda qabul qilingan «Davlat kadastrlari to‘g‘risida»gi Qonunining 13-moddasi (Kadastr obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish) quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Ko‘chmas mulk bo‘lgan kadastr obektlariga doir huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlar ko‘chmas mulk obekti bo‘yicha bitimni insofli ravishda tuzgan taraflar Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridagi noto‘g‘ri axborot oqibatida ko‘rgan zararlar uchun javobgar bo‘ladi. Zararning o‘rni sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida qoplanishi lozim».

O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 6 dekabrda qabul qilingan «Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida»gi Qonunining 3-moddasiga (Xo‘jalik shirkati) quyidagi o‘zgartishlar kiritildi:

to‘qqizinchi qism quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Xo‘jalik shirkati o‘zining to‘liq firma nomi davlat tilida ifodalangan va xo‘jalik shirkatining joylashgan yeri ko‘rsatilgan dumaloq muhrga ega bo‘lishga haqli. Xo‘jalik shirkatining muhrida uning firma nomi xo‘jalik shirkatining tanloviga ko‘ra boshqa tillarda ham ifodalanishi mumkin»;

O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 6 dekabrda qabul qilingan «Mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi Qonuniga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

5-modda (Mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlarning huquqiy holati):

to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Jamiyat o‘zining to‘liq firma nomi davlat tilida ifodalangan va jamiyatning joylashgan yeri ko‘rsatilgan dumaloq muhrga ega bo‘lishga haqli. Jamiyatning muhrida uning firma nomi jamiyatning tanloviga ko‘ra boshqa tillarda ham ifodalanishi mumkin»;

beshinchi qismining ikkinchi jumlasi chiqarib tashlandi;

14-moddaning (Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) tarkibi) birinchi va ikkinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Jamiyat ustav fondi (ustav kapitali) jamiyatning ustavida belgilanadi va uning ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatidan iborat bo‘ladi.

Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin»;

19-moddaning (Jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish):

birinchi — oltinchi qismlari tegishincha quyidagi mazmundagi birinchi - to‘rtinchi qismlar bilan almashtirildi:

«Jamiyat o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirishga haqli, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, jamiyat o‘z ishtirokchilarining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarining nominal qiymatini kamaytirish va (yoki) jamiyatga tegishli ulushlarning haqini to‘lash orqali o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirishi shart.

Jamiyatning barcha ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatini kamaytirish yo‘li bilan jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish jamiyatning barcha ishtirokchilari ulushlari miqdorlari saqlab qolingan holda amalga oshirilishi kerak.

Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e'tiboran bir yil ichida uning ustav fondi (ustav kapitali) to‘liq to‘lanmagan taqdirda, jamiyat o‘zining ustav fondini (ustav kapitalini) amalda to‘langan miqdorgacha kamaytirishini e'lon qilishi va uning kamaytirilganligini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi yoki jamiyatni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.

Agar ikkinchi va har bir keyingi moliya yili tugaganidan keyin jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan (ustav kapitalidan) kam bo‘lib qolsa, jamiyat o‘z ustav fondi (ustav kapitali) o‘zining sof aktivlari qiymatidan oshmaydigan miqdorgacha kamaytirilishini e'lon qilishi va bunday kamaytirishni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi shart»;

20-moddaning (Jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining (ulushi bir qismining) jamiyatning boshqa ishtirokchilariga va uchinchi shaxslarga o‘tishi) matni quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Jamiyat ishtirokchisi jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z ulushini yoki uning bir qismini jamiyatning bir yoxud bir necha ishtirokchisiga sotishga yoki boshqacha tarzda ularning foydasiga voz kechishga haqli. Bunday bitimni tuzish uchun, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, jamiyatning yoki jamiyat boshqa ishtirokchilarining roziligi talab qilinmaydi.

Jamiyat ishtirokchisi, agar jamiyatning ustavida taqiqlangan bo‘lmasa, o‘z ulushini (ulushining bir qismini) uchinchi shaxslarga sotishi yoki boshqacha tarzda ularning foydasiga voz kechishi mumkin.

Jamiyat ishtirokchisining ulushi to‘liq to‘languniga kadar bo‘lgan davrda u faqat to‘langan qismi bo‘yicha boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin.

Jamiyat ishtirokchilaridan birortasi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda jamiyat ishtirokchilari uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquqdan foydalanadi. Bunday huquqdan jamiyatning har bir ishtirokchisi foydalanishi mumkin. Agar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida imtiyozli huquqni amalga oshirish uchun ulushni sotib olishning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo‘lsa, jamiyat ishtirokchilari tomonidan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olish ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z ulushlari miqdorlariga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.

Agar jamiyatning boshqa ishtirokchilari jamiyatning ishtirokchisi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda o‘zining imtiyozli huquqidan foydalanmagan bo‘lsa, jamiyat mazkur ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.

O‘z ulushini (ulushining bir qismini) uchinchi shaxsga sotish niyatida bo‘lgan jamiyat ishtirokchisi ulushning (ulushning bir qismining) sotilish bahosini va boshqa shartlarni ko‘rsatgan holda, bu haqda jamiyatning qolgan ishtirokchilarini va jamiyatning o‘zini yozma shaklda xabardor qilishi shart. Jamiyatning ustavida xabarnoma jamiyat ishtirokchilariga jamiyat orqali yuborilishi nazarda tutilishi mumkin. Ulushni (ulushning bir qismini) imtiyozli sotib olish huquqini amalga oshirish istagida bo‘lgan jamiyat ishtirokchisi o‘z ulushini (ulushning bir qismini) sotishni taklif etayotgan jamiyat ishtirokchisini yetti kunlik muddatda bu haqda xabardor qilishi, bunda sotishga taklif etilayotgan ulushni to‘liq yoki uning muayyan qismini sotib olmoqchi ekanligini ko‘rsatishi kerak. Agar kelib tushgan takliflarning umumiy miqdori sotilayotgan ulushning miqdoridan oshmasa, ishtirokchilardan har biri ulushning o‘z xabarnomasida ko‘rsatgan qismini sotib oladi. Agar ulushning qolgan qismi uchinchi shaxs ixtiyoriga o‘tkazilguniga qadar jamiyat ishtirokchilaridan qo‘shimcha takliflar kelib tushmasa, bunday qism uchinchi shaxsga o‘tkazilishi mumkin. Agar kelib tushgan takliflarning umumiy miqdori sotilayotgan ulush (ulushning bir qismi) miqdoridan oshsa, ishtirokchilar, agar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida boshqacha taqsimlash nazarda tutilmagan bo‘lsa, ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z ulushlari miqdorlariga mutanosib ravishda sotib oladi.

 

Jamiyat ishtirokchilari va (yoki) jamiyat sotish uchun taklif qilinayotgan butun ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda imtiyozli huquqdan shunday xabar berilgan kundan e'tiboran bir oy ichida foydalanmagan taqdirda, agar jamiyat ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida boshqa muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa, ulush (ulushning bir qismi) jamiyatga va uning ishtirokchilariga ma'lum bo‘lgan bahoda va shartlarda uchinchi shaxsga sotilishi mumkin.

Ulushni (ulushning bir qismini) jamiyat ishtirokchilari ulushlarining miqdorlariga nomutanosib ravishda sotib olishning imtiyozli huquqini amalga oshirish tartibini belgilovchi qoidalar jamiyat ustavida uni ta'sis etish chog‘ida nazarda tutilishi, jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan umumiy yig‘ilish qaroriga binoan jamiyatning ustaviga kiritilishi, o‘zgartirilishi va jamiyatning ustavidan chiqarib tashlanishi mumkin.

Ulush (ulushning bir qismi) sotib olishning imtiyozli huquqi buzilgan holda sotilgan taqdirda, jamiyatning istalgan ishtirokchisi va (yoki) jamiyat, agar jamiyatning ustavida ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda jamiyat imtiyozli huquqqa ega ekanligi nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday buzilishni bilgan yoxud uni bilishi lozim bo‘lgan paytdan e'tiboran uch oy ichida sotuvchining huquqlari va majburiyatlarini o‘ziga o‘tkazishni sud tartibida talab qilishga haqli. Mazkur imtiyozli huquqdan boshqaning foydasiga voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jamiyatning ustavida jamiyat ishtirokchisining ulushini (ulushining bir qismini) sotishdan boshqacha tarzda uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish uchun jamiyatning yoki jamiyat ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilishi mumkin.

Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) boshqa shaxsning foydasiga voz kechish, agar uni notarial shaklda amalga oshirish to‘g‘risidagi talab jamiyatning ustavida nazarda tutilmagan bo‘lsa, oddiy yozma shaklda amalga oshirilishi kerak. Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) o‘zganing foydasiga voz kechishga doir bitimning ushbu moddada yoki jamiyatning ustavida belgilangan shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy emas deb topilishiga olib keladi.

Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) boshqa shaxsning foydasiga voz kechilganligi haqida jamiyat bunday voz kechishning dalillari taqdim etilgan holda yozma ravishda xabardor qilinishi kerak. Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) oluvchi mazkur voz kechish to‘g‘risida jamiyat yozma ravishda xabardor qilingan paytdan e'tiboran jamiyat ishtirokchisining huquqlarini amalga oshiradi va uning majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.

Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) oluvchiga jamiyat ishtirokchisining mazkur ulushdan (ulushning bir qismidan) boshqa shaxsning foydasiga voz kechguniga qadar yuzaga kelgan barcha huquqlari va majburiyatlari o‘tadi.

Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlar jismoniy shaxslarning merosxo‘rlariga va jamiyatning ishtirokchilari bo‘lgan yuridik shaxslarning huquqiy vorislariga o‘tadi.

Jamiyatning ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxs tugatilgan taqdirda, uning kreditorlari bilan hisob-kitob tugallanganidan so‘ng qolgan unga qarashli ulush, agar qonun hujjatlarida yoki tugatilayotgan yuridik shaxsning ta'sis hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tugatilayotgan yuridik shaxsning ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi.

Jamiyatning ustavida ushbu moddaning o‘n to‘rtinchi va o‘n beshinchi qismlarida belgilangan ulushning (ulushning bir qismining) o‘tishi va taqsimlanishiga faqat jamiyatning qolgan ishtirokchilari roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi nazarda tutilishi mumkin.

Jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining merosxo‘ri tomonidan meros qabul qilinguniga qadar jamiyatning vafot etgan ishtirokchisining huquqlari vasiyatnomada ko‘rsatilgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi, uning majburiyatlari esa shu shaxs tomonidan bajariladi, bunday shaxs bo‘lmagan taqdirda esa notarius tayinlagan boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Jamiyatning ustavida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) jamiyatning ishtirokchilari yoki uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish, ulushning (ulushning bir qismining) merosxo‘rlarga yoki huquqiy vorislarga o‘tishi yoxud tugatilayotgan yuridik shaxsning ishtirokchilari o‘rtasida ulushning (ulushning bir qismining) taqsimlanishi uchun jamiyat ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan taqdirda, agar jamiyat ishtirokchilariga murojaat etilgan paytdan e'tiboran o‘ttiz kun ichida yoki jamiyatning ustavida belgilangan boshqa muddat ichida jamiyatning barcha ishtirokchilarining yozma roziligi olingan bo‘lsa yoxud jamiyat ishtirokchilarining birortasidan ham rozilik berishga yozma raddiya olinmagan bo‘lsa, bunday rozilik olingan deb hisoblanadi.

Jamiyatning ustavida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushdan (ulushning bir qismidan) jamiyatning ishtirokchilari yoki uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish uchun jamiyatning roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan taqdirda, agar jamiyatga murojaat etilgan paytdan e'tiboran o‘ttiz kun ichida yoki jamiyat ustavida belgilangan boshqa muddat ichida jamiyatning yozma roziligi olingan bo‘lsa yoxud jamiyatdan rozilik berishga yozma raddiya olinmagan bo‘lsa, bunday rozilik olingan deb hisoblanadi.

Ushbu Qonunda yoki boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulush (ulushning bir qismi) ochiq kimoshdi savdosi orqali sotilganda, mazkur ulushning (ulushning bir qismining) oluvchisi jamiyatning yoki uning ishtirokchilarining roziligidan qat'i nazar, jamiyatning ishtirokchisiga aylanadi.

Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning 50 va undan ortiq foizi egasiga aylangan shaxs (bundan davlat mustasno), agar shaxs bungacha jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga egalik qilmagan yoki ulushning 50 foizidan kamrog‘iga egalik qilgan bo‘lsa, minoritar ishtirokchilarga ulushlarini bozor qiymati bo‘yicha o‘ziga sotishni o‘ttiz kun ichida taklif etishi shart. Jamiyatning ustavida ushbu taklif jamiyat ishtirokchilariga jamiyat orqali yuborilishi nazarda tutilishi mumkin.

Agar jamiyat ishtirokchisining o‘ziga tegishli ulushini sotishi to‘g‘risida o‘ttiz kun ichida yozma roziligi olinsa, jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning 50 va undan ortiq foizi egasi taklif etilgan ulushni sotib olishi shart»;

22-moddaning (Jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) jamiyat tomonidan olinishi) oltinchi qismidagi «o‘n ikkinchi, o‘n uchinchi va o‘n to‘rtinchi» degan so‘zlar «o‘n to‘rtinchi, o‘n beshinchi va o‘n oltinchi» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

25-modda (Jamiyatning foydasini jamiyat ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash):

ikkinchi qismi «mo‘ljallangan qismi» degan so‘zlardan keyin «(dividendlar)» degan so‘z bilan to‘ldirildi;

quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Dividendlarni to‘lash muddati va tartibi jamiyatning ustavida yoki ishtirokchilarning umumiy yig‘ilishi qarorida belgilanadi. Bunda dividendlarni to‘lash muddati jamiyat ishtirokchilari o‘rtasida foydani taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e'tiboran oltmish kundan oshmasligi kerak».

O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 11 dekabrda qabul qilingan «Xususiy korxona to‘g‘risida»gi Qonuni 6-moddasining (Xususiy korxonaning muhri) matni quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Xususiy korxona o‘zining to‘liq firma nomi davlat tilida ifodalangan va xususiy korxonaning joylashgan yeri ko‘rsatilgan muhrga ega bo‘lishga haqli. Muhrda bir vaqtning o‘zida uning firma nomi boshqa tilda ham ko‘rsatilishi mumkin».

O‘zbekiston Respublikasining «Hakamlik sudlari to‘g‘risida»gi O‘RQ-64-sonli Qonuniga quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritildi:

quyidagi mazmundagi 37-1-modda bilan to‘ldirildi:

«37-1-modda. Hakamlik muhokamasida mediatsiyaning qo‘llanilishi

Hakamlik muhokamasida mediatsiya nizoni ko‘rib chiqish jarayonida hakamlik sudining qarori qabul qilinguniga qadar qo‘llanilishi mumkin.

Hakamlik muhokamasining taraflari tomonidan mediatsiya tartib-taomillarini amalga oshirish haqida kelishuv tuzilgan taqdirda, hakamlik sudi mediatsiya tartib-taomili tugaguniga qadar hakamlik muhokamasini qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.

Agar taraflar mediativ kelishuvni tuzsa, hakamlik sudi hakamlik muhokamasini tugatadi».

O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 25 dekabrda qabul qilingan O‘RQ-136-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

96-moddaning (Soliq to‘lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish):

ikkinchi - to‘rtinchi qismlari quyidagi mazmundagi ikkinchi - beshinchi qismlar bilan almashtirildi:

«Soliq tekshiruvini o‘tkazishga soliq to‘lovchi tomonidan to‘sqinlik qilingan yoki soliq to‘lovchi daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obektini saqlash bilan bog‘liq hududlarni, binolarni, shu jumladan joylarni ko‘zdan kechirish uchun davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslarini kiritish soliq to‘lovchi tomonidan rad etilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi soliq to‘lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Davlat soliq xizmati organi quyidagi hollarda soliq to‘lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishga haqli:

soliq to‘lovchi qayd etilgan manzilda bo‘lmaganda;

soliq to‘lovchi tomonidan soliq hisoboti va (yoki) moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari bo‘yicha tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmaganda.

Davlat soliq xizmati organining soliq to‘lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori vujudga kelguniga qadar banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilgan shart-sharoitlarni o‘z ichiga olishi kerak.

Davlat soliq xizmati organi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishni kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini besh bank kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtincha to‘xtatib turishga ham haqli»;

beshinchi qismi oltinchi qism deb hisoblanadi;

342-moddaning (Davlat bojini qaytarish tartibi) birinchi qismi quyidagi mazmundagi 5-1, 5-2 va 5-3-bandlar bilan to‘ldirildi:

«5-1) sudning yoki hakamlik sudining ish yurituvida ayni bir taraflar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan ish mavjud bo‘lsa, ariza ko‘rmasdan qoldirilganda;

5-2) agar taraflar o‘rtasida nizoni hal qilish uchun hakamlik sudiga topshirish to‘g‘risida hakamlik bitimi tuzilgan bo‘lsa, ariza ko‘rmasdan qoldirilganda;

5-3) agar taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilgan bo‘lsa, ariza ko‘rmasdan qoldirilganda».

O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 22 iyulda qabul qilingan «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi O‘RQ-163-sonli Qonuniga quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi:

40-modda (Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining huquq va majburiyatlari) beshinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar bilan almashtirildi:

«qimmatli qog‘ozlar egalarining reyestrlaridagi mavjud axborotning maxfiyligini ta'minlashi;

bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi faktlari ko‘rib chiqilgan taqdirda, tijorat banklari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar egalarining shakllantirilgan reyestridagi mavjud axborotni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining yozma so‘roviga ko‘ra taqdim etishi shart»;

44-modda (Axborotning emitent tomonidan oshkor qilinishi):

to‘rtinchi qismi quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirildi:

«boshqa yuridik shaxslarning 5 va undan ortiq foiz aksiyalariga (ulushlariga, paylariga) egaligi to‘g‘risidagi axborot, agar emitentning aksiyalari fond birjasining birja kotirovkalash varag‘iga kiritilgan bo‘lsa».

53-modda (Qimmatli qog‘ozlar bozoridagi cheklovlar) birinchi qismining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«chiqarilishi ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan yoxud to‘xtatib qo‘yilgan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va ularning muomalasi».

O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 4 oktyabrda qabul qilingan «Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida»gi O‘RQ-301-sonli Qonuni 7-moddasiga (Kredit byurosi) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:

uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Kichik tadbirkorlik sub'yekti bo‘lmagan kredit byurosi o‘zining firma nomi davlat tilida to‘liq yozilgan hamda joylashgan yeri ko‘rsatilgan yumaloq muhrga eta bo‘lishga haqli. Muhrda bir vaqtning o‘zida firmaning nomi boshqa istalgan tilda ham ko‘rsatilishi mumkin»;

O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 26 aprelda qabul qilingan «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi O‘RQ-327-sonli Qonuni 11-moddasining (Oilaviy korxonaning ustav fondi) uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Oilaviy korxona ustav fondining eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin».

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 22 yanvarda qabul qilingan O‘RQ-460-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

44-moddaning (Taraflarning protsessual huquq va majburiyatlari) to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Da'vo ishini yuritishda taraflar sud protsessining har qanday bosqichida ishni kelishuv bitimi tuzish yoki birinchi instansiya sudida sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun chiqquniga qadar mediativ kelishuv tuzish orqali tugallashga haqli»;

56-modda (Guvoh) ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«vakil, himoyachi, advokat yoki mediator vazifalarini bajarishi munosabati bilan o‘ziga ma'lum bo‘lib qolgan holatlar to‘g‘risida - fuqarolik, iqtisodiy, ma'muriy ish bo‘yicha vakillar yoki jinoyat ishi bo‘yicha himoyachilar, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha advokatlar, mediatorlar»;

70-modda (Sudda vakillik qilishi mumkin bo‘lmagan shaxslar) quyidagi mazmundagi 4-1-band bilan to‘ldirildi:

«4-1) shu nizo bilan bog‘liq mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediator sifatida ishtirok etganlar, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan va mediatorning ishtiroki yuzasidan o‘zaro rozilik bo‘lgan hollar mustasno»;

 

116-modda (Sudning ish yuritishni to‘xtatib turish majburiyati) quyidagi mazmundagi 6-band bilan to‘ldirildi:

«6) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv tuzilganda»;

118-modda (Ish yuritishni to‘xtatib turish vaqti) quyidagi mazmundagi 4-1-band bilan to‘ldirildi:

«4-1) ushbu Kodeks 116-moddasining 6-bandida nazarda tutilgan hollarda - mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tugaguniga qadar, biroq oltmish kundan ortiq bo‘lmagan muddatda»;

122-modda (Arizani ko‘rmasdan qoldirish asoslari) quyidagi mazmundagi 10-1, 10-2 va 10-3-bandlar bilan to‘ldirildi:

«10-1) da'vogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etmagan bo‘lsa, basharti bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa;

10-2) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish haqida iltimosnoma bilan arz qilgan taraflar uni amalga oshirish muddati tugaganidan so‘ng sud majlisiga uzrli sabablarsiz kelmasa;

10-3) taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilgan bo‘lsa»;

17-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«17-bob. Yarashtirish tartib-taomillari»;

166-modda (Kelishuv bitimini tuzish) quyidagi tahrirda bayon etildi:

«166-modda. Kelishuv bitimini yoki mediativ kelishuvni tuzish

Sud taraflarni yarashtirish uchun choralar ko‘radi, ularga fuqarolik sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida nizoni hal etishga ko‘maklashadi.

Taraflar kelishuv bitimini yoki mediativ kelishuvni tuzib, nizoni o‘zaro talablarning to‘liq hajmida yoki qisman hal etishi mumkin.

Kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv da'vo tartibida yuritiladigan har qanday ish bo‘yicha tuzilishi mumkin.

Kelishuv bitimi fuqarolik sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida va sud hujjatini ijro etish jarayonida, mediativ kelishuv esa birinchi instansiya sudida sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun chiqquniga qadar taraflar tomonidan tuzilishi mumkin.

Kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv yozma shaklda tuziladi va kelishuv bitimini, mediativ kelishuvni tuzgan shaxslar yoki ularning vakillari tomonidan imzolanadi.

Kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan hisoblanadi»;

195-moddaning (Arizani qaytarish) birinchi qismi quyidagi mazmundagi 9-band bilan to‘ldirildi:

«9) da'vogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmagan bo‘lsa, basharti bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa»;

203-modda (Ishni tayyorlash tartibida taraflarni so‘roq qilish) ikkinchi qismining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«3) taraflardan kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi»;

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 yanvarda qabul qilingan O‘RQ-461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi:

11-modda (Sud muhokamasining oshkoraligi) quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari sudning rasmiy veb-saytida taraflarning roziligi bilan yoki shaxsi ko‘rsatilmagan tarzda e'lon qilinadi, bundan sudning yopiq majlisida qabul qilingan sud hujjatlari mustasno»;

53-modda (Guvoh) ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«fuqarolik, iqtisodiy, ma'muriy ish bo‘yicha vakillar yoki jinoyat ishi bo‘yicha himoyachilar, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha advokatlar, mediatorlar - vakil, himoyachi, advokat yoki mediator vazifalarini bajarishi munosabati bilan o‘zlariga ma'lum bo‘lib qolgan holatlar to‘g‘risida»;

65-modda (Sudda vakil bo‘la olmaydigan shaxslar) quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chog‘ida ayni shu nizo bilan bog‘liq holda mediator sifatida ishtirok etgan shaxslar vakil bo‘lishi mumkin emas, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan va mediatorning ishtiroki yuzasidan o‘zaro rozilik bo‘lgan hollar mustasno»;

101-modda (Sudning ish yuritishni to‘xtatib turish majburiyati) quyidagi mazmundagi 6-band bilan to‘ldirildi:

«6) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv tuzilganda»;

107-modda (Da'vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish asoslari) quyidagi mazmundagi 5-1, 5-2 va 5-3-bandlar bilan to‘ldirildi:

«5-1) da'vogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etmagan bo‘lsa, basharti bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa;

5-2) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish haqida iltimosnoma bilan arz qilgan taraflar uni amalga oshirish muddati tugaganidan so‘ng sud majlisiga uzrli sabablarsiz kelmasa;

5-3) taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilgan bo‘lsa»;

16-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«16-bob. Yarashtirish tartib-taomillari»;

131-modda (Kelishuv bitimini tuzish) quyidagi tahrirda bayon etildi:

«131-modda. Kelishuv bitimini yoki mediativ kelishuvni tuzish

Taraflar nizoni kelishuv bitimini yoki mediativ kelishuvni tuzib hal etishi mumkin.

Kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv da'vo tartibidagi har qanday ish bo‘yicha tuzilishi mumkin.

Kelishuv bitimi iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida va sud hujjatini ijro etish jarayonida, mediativ kelishuv esa birinchi instansiya sudida sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun chiqquniga qadar taraflar tomonidan tuzilishi mumkin.

Kelishuv bitimi u sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan hisoblanadi»;

155-modda (Da'vo arizasini qaytarish) birinchi qismi:

5-bandi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«5) javobgarga va uchinchi shaxslarga da'vo arizasining hamda unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini, soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilayotgan ishlar bo‘yicha esa - javobgarga da'vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari topshirilganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmagan bo‘lsa».

Ko‘proq yangiliklar: