O‘zbekistonda «Madaniyat va san'at fidokori» ko‘krak nishoni ta'sis etildi

O‘zbekiston 12:11 / 25.03.2019 3638

Vazirlar Mahkamasining “Madaniyat va san'at fidokori” ko‘krak nishonini ta'sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan “Madaniyat va san'at fidokori” ko‘krak nishoni ta'sis etildi. Ko‘krak nishoni bilan mamlakatda madaniyat va san'at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san'ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste'dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan fuqarolar taqdirlanadi. Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligiga, viloyatlar madaniyat boshqarmalariga va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasiga har yili 1 oktyabrga qadar taqdim etadilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi nomzodlar bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi hamda har yili 1 noyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etadilar.

Vazirlik tizimidagi respublika tashkilotlari va muassasalari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda boshqa vazirliklar va idoralar madaniyat va san'at sohasi vakillarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni har yili 1 noyabrga qadar vazirlikka taqdim etadilar.

Ko‘krak nishoniga taqdim etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishida nomzodlarning hujjatlari o‘rganilib, har yili 1 dekabrga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i har yili 10 dekabrga qadar chiqariladi.

Ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi har yili Yangi yil bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri (yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mas'ul shaxslar) tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: