O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlardagi soxta xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi

Jamiyat 20:09 / 25.03.2019 35352

2019 yil 25 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy ish qog‘ozi nusxasiga yozilgan bir nechta shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar soxtadir. Unda keltirilgan ma'lumotlar va yozuvlar qalbakidir. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

“Bu kabi asossiz uydirma xabarlarni tarqatishdan maqsad O‘zbekistondagi diniy sohada olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yomonlab ko‘rsatish va mo‘min-musulmonlar orasiga ishonchsizlik urug‘ini sochishdan o‘zga narsa emas.

Inson dunyoga mukkasidan ketib, oxiratini unutib, har qanday qabih ishga qo‘l urmasligi kerak. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yolg‘on guvohlik beruvchining ikki oyog‘i qo‘zg‘almay turib, Alloh unga do‘zaxni vojib qiladi”, deganlar. Yana bir hadisda "Kim bizni aldasa, bizdan emas" deyilgan”, deyiladi matbuot xizmati bayonotida. 

Unda ta'kidlanishicha, har bir mo‘min-musulmon kishi bunday yolg‘on-yashiqlarga, mish-mish gaplarga uchmasligi, fitnalardan ogoh bo‘lishi darkor. 

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘min kishi ziyrak, hushyor va oqil bo‘ladi”, degan hadislari mohiyatini chuqur tushunish lozim. Ba'zi bir hasadgo‘y kimsalar xalqimiz orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otish maqsadida, fitna chiqarish ilinjida turli uydirmalarni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishdan tap tortishmayapti. Bularga aldanib qolmasligimiz kerak. Shunday yolg‘on xabarlarni tayyorlash va tarqatish qonun bilan taqiqlanadi, Islom dinida esa qattiq qoralanadi. Alloh taolo hammamizni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin!”, deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan.

Ko‘proq yangiliklar: