Anzur Ismoilov O‘zbekiston milliy jamoasida yuzta o‘yin o‘tkazgan to‘rtinchi futbolchi bo‘ldi

Sport 16:30 / 25.03.2019 6451

«Lokomotiv» himoyachisi Anzur Ismoilov bugun milliy jamoadagi 100-o‘yinini o‘tkazdi. U «China Cup» musobaqasi doirasidagi Xitoyga qarshi uchrashuvda (1:0) asosiy tarkibda maydonga tushib, uchrashuvda to‘liq vaqt davomida harakat qildi.

O‘FA matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, Ismoilovning yubileyi munosabati bilan o‘yindan keyin unga «100» raqami tushirilgan maxsus futbolka sovg‘a qilingan. Qayd etish kerak, Anzur bugun jamoa sardori Odil Ahmedov boshlang‘ich tarkibga kiritilmagani bois sardorlik bog‘ichi bilan o‘yinni boshladi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi gvardiyachilari safida yuzta va undan ko‘proq o‘yinda qatnashgan futbolchilar soni to‘rt nafarga yetdi. Bundan avvalroq Ignatiy Nesterov, Timur Kapadze va Server Jeparov ushbu marrani zabt etishgandi. 

33 yoshli Ismoilov termada 2007 yili debyut qilgan. Faoliyati davomida Samarqandning «Dinamo», Toshkentning «Paxtakor», «Bunyodkor» va «Lokomotiv» klublari sharafini himoya qilgan, 2011-2018 yillarda Xitoyning «Chanchun Yatay» klubida o‘ynagan. U 2018 yil yozidan buyon «Lokomotiv»da to‘p tepib kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: