«Yoshargan» Italiya. Finlyandiya bilan o‘yinda bir qator e'tiborli natijalar qayd etildi

Sport 12:30 / 24.03.2019 4753

Italiya milliy jamoasi Yevro-2020 saralashining 1-turida Finlyandiyani mag‘lub etdi. 19 yoshli Moyze Kin hamda 22 yoshli Nikola Barela tomonidan urilgan gollar «Moviy gvardiya»ga g‘alaba keltirdi. Bu o‘yinda Italiya bir qator e'tiborga molik natijalar qayd etdi.

Avvalo ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan Fabio Kualyarellaning maydonga tushganini ta'kidlash kerak. «Sampdoriya»ning 36 yoshli hujumchisi A Seriyada 21ta gol urib to‘purar bo‘lib turgani sabab terma jamoadan chaqiruv olgandi. Manchini Finlyandiyaga qarshi o‘yinning 80-daqiqasida Kualyarellani maydonga tushirdi. Hujumchi oxirgi marta Italiya milliy jamoasi safida 2010 yilda, ya'ni 3 048 kun avval maydonga tushgandi.

Finlyandiyaga qarshi o‘yinda «Skuadro Adzurra» o‘ziga xos «quruq» suriyasini davom ettirdi. Manchini murabbiyligidagi jamoa 4ta o‘yindan buyon gol o‘tkazib yubormayapti. Bunday natijani Italiya milliy jamoasi oxirgi uch yilda ilk marta qayd etdi. «Moviy gvardiya» AQSh (1:0), Portugaliya (0:0) va Polsha (1:0) bilan o‘yinlarda ham o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormagandi.

Oxirgi marta italiyaliklar 2016 yil Antonio Konte murabbiyligida 4 o‘yindan iborat «quruq» seriya qayd etishgandi. O‘shanda jamoa Shotlandiya, Finlyandiya, Belgiya va Shvetsiyaga qarshi o‘yinlarda gol o‘tkazib yubormagan.

«Skuadra adzurra»ning oxirgi 15 goli turli 15 futbolchi tomonidan urilgan.

Bu an'ana 2017 yilning iyunida Lixtenshteynning yirik hisobda tor-mor etilishidan (5:0) boshlangan, o‘shandan buyon Italiya termasi safida Matteo Politano, Kristiano Biragi, Federiko Bernardeski, Jorjino, Simone Dzadza, Leonardo Bonuchchi, Andrea Belotti, Mario Balotelli, Lorenso Insine, Antonio Kandreva, Jorjo Kellini, Chiro Immobile va Manolo Gabbyadini bittadan gol urishgandi. Endi ular safiga Nikola Barela va Moyze Kin qo‘shildi.

Finlyandiya bilan o‘yinda Italiya yirik musobaqalar saralashi doirasida o‘z maydonidagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 47ta o‘yinga uzaytirganini ham ta'kidash kerak. «Yuventus»ning 19 yoshli hujumchisi Moyze Kin esa milliy jamoa safidagi ilk rasmiy o‘yinidayoq gol urib, bunday natijaga erishgan ikkinchi eng yosh italiyalik futbolchiga aylandi.

Ko‘proq yangiliklar: