Rossiyaning AQSh prezidenti saylovlariga aralashuvi bo‘yicha surishtirish ishlari yakunlandi

Jahon 00:00 / 24.03.2019 37674

AQShda 2016 yil bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga Rossiyaning ehtimolli aralashuvi borasidagi surishtiruv ishlari Amerikaning joriy rahbari Donald Tramp foydasiga nihoyalangan. Ishni olib borgan maxsus prokuror Robert Myuller o‘z ishi yakunlarini mamlakat bosh prokuroriga topshirgan, deb yozadi BBC.

Hisobotning mazmuni esa hozircha sir saqlanmoqda.

Tramp ma'muriyati ham ularga hozircha hujjat bilan tanishish imkoni berilmaganini ta'kidlashmoqda.

Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashuvi borasida qariyb ikki yil davom etgan surishtiruv ishlari yakunlangani haqida AQSh adliya vaziri hamda bosh prokurori Uilyam Barrning senat va vakillar palatasining yuridik qo‘mitalariga yozgan xatidan so‘ng ma'lum bo‘ldi.

O‘z xatida Barr 22 mart juma kuni Myuller unga «maxfiy hisobot» taqdim etganini bayon etgan. Maxsus prokuror hisobotining mazmuni haqida xatda hech narsa deyilmagan.

Barrning ma'lum qilishicha, u maxsus prokurorning xulosalarini o‘rganib chiqadi va hisobotdagi asosiy xulosalarni shu dam olish kunlari ichida kongressning har ikki palatasi yuridik qo‘mitalari rahbarlariga yo‘naltiradi.

«Men bosh prokuror o‘rinbosari [Rod] Rozenshteyn va maxsus prokuror Myuller bilan alohida maslahatlashib, hisobotdagi axborotlarning qaysi qismi bilan qonunchilikka muvofiq tarzda kongress va afkor ommani tanishtirish mumkinligi borasida kelishib olmoqchiman, — degan Barr. — Men hamon imkon qadar shaffoflik tarafdoriman».

Myullerning hisoboti juma kuni tushdan keyin mazkur ishni nazorat qilgan bosh prokuror o‘rinbosari Rozenshteynning ofisiga keltirilgan, degan AQSh adliya vazirligi rasmiy vakili Kerri Kupek.

Adliya vazirligida maxsus prokurorning hisobotini «keng qamrovli» deb atashgan, lekin uning hajmini ham izohlashdan bosh tortishgan. Kupek, shuningdek, «sanoqli insonlar» hisobotni ko‘rishgani, birinchi navbatda bosh prokuror va uning o‘rinbosari u bilan tanishib chiqqanini ta'kidlab o‘tgan.

«Keyingi qadamlar — bosh prokuror Barrga bog‘liq, biz jarayon o‘z navbati bilan davom etishini kutamiz», — degan Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy Myullerning hisobotini olmagan va uning mazmuni bilan tanishtirilmagan ham.

Blumberg agentligi o‘zining prezidentga yaqin ikki manbasiga tayangan holda Adliya vazirligidan yangilik kelgan chog‘da Tramp Germaniya kansleri Angela Merkel bilan telefonda so‘zlashayotgan bo‘lganini ta'kidlagan.

Surishtiruv qanday olib borildi?

Robert Myuller Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashuvi, shuningdek, Donald Tramp jamoasining Kreml bilan 2017 yilning mayida ehtimolli til biriktirishini surishtirgan. Uning tergov guruhiga 15 dan ortiq yuristlar kirgan, jamoaga yana 30 tacha xodimlar yordam berishgan.

Maxsus prokuror guruhi Rossiya hukumatining 2016 yilgi AQSh prezidenti saylovlariga aralashishga bo‘lgan urinishini, Tramp yaqinlari va saylovoldi shtabidagi insonlarning Kreml bilan aloqadorligini o‘rgangan, shuningdek, «surishtiruv jarayonida paydo bo‘luvchi har qanday boshqa savollarga javob izlash» huquqiga ega bo‘lgan.

Surishtiruv jarayonida Myuller jamoasi 34 kishiga ayblov e'lon qilgan, jumladan, ularning olti nafari Trampning yon-atrofidagi insonlardir. Xususan, Trampning sobiq yuristi Maykl Koen, Trampning sobiq saylovoldi shtabi rahbari Pol Manafort va milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchi Maykl Flinn. Lekin ularning birortasiga Kreml bilan til biriktirish ayblovi ilgari surilmayapti.

Maxsus prokuror ayblov e'lon qilgan AQSh fuqarolarining birortasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 2016 yilgi saylovlar chog‘ida Rossiya bilan til biriktirish ayblovi qo‘yilmayapti.

Koen saylov qonunchiligi va kongressga yolg‘on so‘zlagani uchun uch yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Sudning aniqlashicha, u Trampning pullari evaziga amaldagi prezident bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan ikki ayolning sukut saqlashini sotib olgan.

Manafort esa soliqlardan qochish va xorijiy agent maqomini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichga ishlagani uchun 7 yilu 5 oy qamoq jazosi olgan.

Flinni esa Federal tergov byurosi tergovchilariga Rossiyaning AQShdagi elchisi Sergey Kislyakov bilan 2016 yilning dekabridagi muloqoti mazmuni haqida yolg‘on ko‘rsatma bergan uchun sudlashmoqda. Flinn elchiga o‘z vazifasidan ketayotgan prezident Barak Obama tomonidan joriy etilgan sanksiyalarga qattiq e'tibor bermaslikni aytib, Tramp administratsiyasi oldingi prezidentning qarorlarini bekor qilishiga ishontirmoqchi bo‘lgan.

Biroq surishtiruv figurantlari ichida rossiyaliklar ham bor. 2018 yilning iyulida Myuller AQSh prezidenti saylovlariga aralashuv borasida Rossiyaning 12 nafar fuqarosiga nisbatan ayblov e'lon qilgan. Ularning barchasi AQShda Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi bosh boshqarmasi (GRU) ofitserlari deb atashmoqda.

Myullerning versiyasiga ko‘ra, ular Amerika demokratlar partiyasining buzilgan serverlaridan olingan elektron xatlarning Wikileaks loyihasi saytida paydo bo‘lishiga aloqador. 2016 yilgi yozishmalar massivining e'lon qilib yuborilishi Tramp raqobatchisi Hillari Klintonning reytingiga salbiy ta'sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Serverlarning buzilishida Amerika maxsus xizmati GRUni ayblab kelishadi. Rossiya bu ayblovlarni tan olmasdan kelmoqda.

Saylovlarga aralashuvni surishtirish doirasida Myuller boshqa hech kimga ayblov e'lon qilmoqchi emas, deyishgan AQSh adliya vazirligidagilar AQShning bir necha ommaviy axborot vositalariga.

Bu — prezidentning o‘g‘li kichik Donald Tramp ham ayblovlardan qutulib qolganini anglatadi. Chunki Maykl Koen tergovda o‘g‘il Manhettendagi «Tramp-tauyer»da go‘yoki rossiyalik yurist Natalya Veselnitskaya bilan uchrashgani va bu ayol Hillari Klintonni obro‘sizlantiruvchi ma'lumotlarni taqdim etishni va'da qilganini ta'kidlagan.

Prezidentning o‘zi ham, o‘g‘li ham bu ayblovlarni rad etishmoqda. Tramp umuman ruslar bilan qandaydir uchrashuv tayyorlanganidan bexabar bo‘lganini ta'kidlab kelmoqda. Kichik Tramp esa ruslardan Klinton xonimga taalluqli hech qanday «mag‘zava» kutmagani, uchrashuvda gap xorijiy vasiylik muammolari haqida borganini ta'kidlagan.

Surishtiruv ishlarining yakunlanishini qanday kutib olishdi?

Respublikachilar Myullerga uning bajargan ishlari uchun tashakkur bildirishdi. «Aksariyat respublikachilar ko‘pdan buyon Rossiyani Amerika manfaatlari uchun ulkan tahdid tug‘diruvchi davlat o‘laroq bilishadi», — respublikachilarning senatdagi yetakchisi Mitch Makkonell.

U bosh prokuror Uilyam Barr tomonidan «maksimal darajadagi shaffoflik va ochiqlik»dan «umid qilayotgani»ni bildirib o‘tgan. Senatning yuridik qo‘mitasi rahbari va Tramp tarafdori Lindsi Grehem ham bosh prokurorning ochiqligidan umid qilayotganini ta'kidlab o‘tgan.

«Men doim janob Myuller o‘z ishini aralashuvlarsiz amalga oshirishi muhim deb hisoblab kelganman va bunga erishildi ham», — degan u. Kongressmen Mark Medouz «Rossiya bilan til biriktiruv» borasida ikki yillik surishtiruv davomida hech kimga ayblov e'lon qilinmaganiga e'tibor qaratgan. Demokratlar Myuller surishtiruvining natijalarini e'lon qilishni talab qilishmoqda. «Amerika xalqi haqiqatni bilishga haqli. Shiorimiz — shaffoflik», — deyiladi vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va demokratlarning senatdagi yetakchisi Chak Shumertning qo‘shma bayonotida.

Vakillar palatasi yuridik qo‘mitasi rahbari Jyerold Nadlerning ta'kidlashicha, qo‘mitadagilar «to‘liq hisobotni orziqib kutishmoqda». 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirokini e'lon qilgan demokrat Beto O'Rurk ham hisobotni e'lon qilishga chaqirgan. O‘z nomzodini ilgari surayotgan senator Berni Sanders esa Trampning o‘zi ham hisobotni e'lon qilishga chaqirganini eslatib o‘tgan: «To‘liq hisobot imkon qadar tezroq e'lon qilinishi lozim. Hech kim, hattoki prezident ham qonundan ustun emas». Prezident esa tugallangan surishtiruv bo‘yicha izoh bermagan. Ilgariroq u buni «alvasti ovi», davlat rahbarini ta'qib qilish, deb atab, Tvitterda «hech qanday til biriktirish bo‘lmagan», deb izoh qoldirgan.

Ko‘proq yangiliklar: