«Real» yozda kimlarni olishi mumkin? Zidan uchun top-7 transfer

Sport 13:30 / 24.03.2019 51809

Ispaniya nashrlarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Zinedin Zidanni bosh murabbiylikka qaytargan «Real» prezidenti Florentino Peres unga yozda 3ta top-transfer amalga oshirishni va'da qilgan. Bu albatta zaruratga ham aylandi. Joriy mavsum shuni ko‘rsatdiki, «qaymoqranglilar» darvoza chizig‘idan boshqa barcha pozitsiyalarni kuchaytirishi talab etiladi. Ayni vaqtda Madridga kelishi mumkin bo‘lgan bir qator nomlar tilga olinmoqda. Quyida ularning eng asosiylari keltiriladi.

1. N’Golo Kante, 27 yosh
Amplua – tayanch yarimhimoyachisi
Hozirgi klubi – «Chelsi» (shartnomasi muddati — 30.06.2023 )
transfermarkt.de ma'lumotiga ko‘ra narxi – 100 mln yevro.

Foto: Marc Atkins/Getty Images

Zidan «Real»ga qaytishi bilan N'Golo Kante haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi. Fransiyalik murabbiy 27 yoshli vatandoshini klubiga taklif etmoqchi. Fransuz yarimhimoyachisi madridliklar klubining tayanch zonasidagi mavjud muammolarni hal qiladigandek. Sarri hozirda undan to‘g‘ri foydalana olmayotgani ko‘rinib turibdi, uning asl joyida italiyalik mutaxassis o‘zi bilan olib kelgan Jorjino o‘ynamoqda. Kante «Real»ga kelsa, maydon markazida Kazemiro bilan birgalikda jahonning «eng metin devori»ni hosil qilishi mumkin.

2. Kristian Eriksen, 27 yosh
Amplua – hujumkor markaziy yarimhimoyachi
Hozirgi klubi – «Tottenhem» (shartnomasi muddati— 30.06.2020)
transfermarkt.de bo‘yicha narxi – 85 mln yevro.

Foto: Dan Istitene/Getty Images

Madrid klubiga kelajakda Modrichning o‘rnini egallaydigan futbolchi kerak. «Tottenhem»ning daniyalik kamtar yulduzi Kristian Eriksenga «Real» tomonidan qiziqish mavjudligi haqida avval ham bir necha marta xabarlar tarqalgandi. APLdagi navbatdagi omadsiz mavsum tufayli futbolchi jahonning eng mashhur klublaridan biriga o‘tishga qarshi bo‘lmasligi mumkin. Futbolchi maydonni juda yaxshi ko‘ra olishi va standart vaziyatlarda yaxshi ijrochiligi bilan ajralib turadi. Bunday xislatlarni esa Zidan yaxshi qadrlaydi. Eriksen hozircha «shporlar» bilan shartnomani uzaytirishga shoshilmayapti. Bu futbolchi uchun kurashda «Real»ga «Yuventus» raqobatchi bo‘lishi mumkin.

3. Eden Azar, 28 yosh
Amplua – hujumkor yarimhimoyachi
Hozirgi klubi – «Chelsi» (shartnomasi muddati — 30.06.2020)
transfermarkt.de bo‘yicha narxi – 150 mln yevro.

Foto: Christopher Lee/Getty Images

«Qirollik klubi» yozdagi transferlar vaqtida asosiy e'tiborini hujum chizig‘ini kuchaytirishga qaratadi. Xarid qilinadigan futbolchi «Real»da Ronalduning o‘rnini to‘ldirishi talab etiladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Zidan klubda Neymarni ko‘rishni istamaydi, u Azar yoki Mbappedan birini ma'qul ko‘rmoqda.

Ko‘p ehtimol bilan belgiyalik futbolchi yozda «Real»ga o‘tadi, ancha vaqtdan buyon «Chelsi»dan ketsa faqat Madrid klubiga o‘tishini aytib keladi. Bu mavsumda «Chelsi» ichki chempionatda muvaffaqiyatsiz ishtirok etmoqda va jamoa yana Chempionlar ligasidan chetda qolishi mumkin. Goal ma'lumotiga ko‘ra, «qaymoqranglilar» uning transferi uchun 115 mln yevro taklif qilishgan. «Chelsi» rahbariyati esa UYeFA tomonidan transferlarga qo‘yilgan taqiq tufayli o‘z futbolchilarini tarkibda saqlab qolishga harakat qiladi. Ammo klubning asosiy yulduzi ketishni istasa, uni qo‘yib yuborishdan boshqa chorasi qolmaydi. Chunki, uning shartnomasi muddati yakunlanishiga bir yil qolgan va u shartnomani uzaytirishga rozi bo‘lmayapti. Agar klub uni bu yozda ham olib qoladigan bo‘lsa, keyingi yozda erkin agent sifatida tekinga qo‘yib yuborishiga to‘g‘ri keladi.

Shu kunlarda Metro nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, Zidan Azarni «Real»ga o‘tishga ko‘ndirgan, futbolchi madridliklar bilan 5 yillik shartnoma tuzishga rozilik bildirgan.

Uning o‘yin uslubi Ispaniya chempionati uchun mos keladi, uning tezligi va kutilmagan qarorlar qabul qilishi «Real»ning «xavfli quroli»ga aylanishi mumkin. U bilan bir jamoada bo‘lish yosh Vinisius Junior uchun ham yaxshi maktab bo‘lishi tayin.

4. Kilian Mbappe, 20 yosh
Amplua – hujumchi, vinger
Hozirgi klubi – «PSJ» (shartnomasi muddati — 30.06.2022)
transfermarkt.de bo‘yicha narxi – 200 mln yevro.

Foto: Michael Regan/Getty Images

Golden Boy 2017 mukofoti sohibi bo‘lgan Kilian bugungi kunda jahonning eng qimmatbaho futbolchilaridan biriga aylangan. 20 yoshida u o‘z samaradorligi bilan Fransiya chempionatida ham, milliy terma jamoada ham ko‘plab rekordlarni o‘rnatib ulgurdi. Florentino Peres Zidanni jamoaga qaytargan kuni OAVda uning nomi ham bot-bot yangradi. Uning nomi bilan birga Neymarnikini ham tilga olishdi, ammo braziliyalik futbolchi transferi imkoniyati Zidanning bu boradagi pozitsiyasi tufayli ehtimoldan yiroq. Kilian esa butunlay boshqa gap. U ko‘p yillar bilan hozirgi darajasida futbol o‘ynashda davom etib, madridliklarga ko‘p yordam berishi mumkin. Uning qaroriga Zidan Madridga qaytgani ta'sir ko‘rsatishi mumkin, fransiyalik futbol afsonasi uning bolalikdagi kumirlaridan biri bo‘lgan. O‘z navbatida, Zizu uchun ham yangi avlodning eng kuchli vakillaridan biri bilan ishlash qiziqarli bo‘ladi.

Qayd etish kerakki, «Real» Mbappeni sotib olishga 2017 yilda ham urinib ko‘rgan, ammo o‘shanda yosh fransuz «PSJ»ni tanlagan edi. Parij klubi moliyaviy feyr-pley qoidalari bilan bog‘liq muammo, qolaversa o‘yinchining o‘z istagi tufayli ham uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘lishi mumkin.

5. Robert Levandovski, 30 yosh
Amplua – markaziy hujumchi
Hozirgi klubi – «Bavariya» (shartnomasi muddati — 30.06.2021)
transfermarkt.de bo‘yicha narxi – 70 mln yevro.

Foto: Getty Images

Jamoaga «Yangi Ronaldu»dan tashqari yana bir to‘purar forvard kerak bo‘ladi. Karim Benzema, albatta, bu mavsumda yaxshi o‘ynamoqda, ammo hujum markazida yanada kuchliroq to‘purarga ehtiyoj bor. Bu pozitsiya uchun eng mos variantlar Harri Keyn va Robert Levandovski hisoblanadi. Polshalik hujumchi nisbatan real nomzoddir. U yaqinda ham «Bavariya» bosh murabbiyi Niko Kovachni klub Chempionlar ligasini erta tark etgani uchun aybladi va klubga o‘zgarishlar zarurligini aytib o‘tdi.

Levandovskining «Real»ga o‘tishi haqida o‘tgan yilning bahorida ham muhokamalar boshlangandi, ammo transfer amalga oshmadi. Robert chempionatni o‘zgartirmoqchiligi haqida xabarlar tez-tez tarqalib turadi: Germaniyada u yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutib bo‘lgan, ammo Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish armon bo‘lib qolmoqda. O‘tgan mavsumda ham futbolchi YeChLning yarimfinalida «Real»dan mag‘lub bo‘lingach ham o‘z noroziliklarini ochiq bayon qilgandi. Bu yildagi vaziyat ham shunga yaqinroq. «Liverpul»dan Myunxenda mag‘lub bo‘lingach, Levandovski Niko Kovachning murakkab taktikasini tanqid qildi. Endi «Real»ning unga qiziqishi yana yangilanishi mumkin, axir Robert Yevropadagi eng saviyali hujumchilardan biri bo‘lib qolmoqda. U yuzaga keladigan vaziyatlardan unumli foydalanadi, barqaror ravishda Bundesliganing eng yaxshi to‘purari bo‘lib kelmoqda.

6. Harri Keyn, 25 yosh
Amplua – markaziy hujumchi
Hozirgi klubi – «Tottenhem» (shartnomasi muddati — 30.06.2024)
transfermarkt.de bo‘yicha narxi – 150 mln yevro.

Foto: Catherine Ivill/Getty Images

«Birgina mavsum uchun porlagan forvard» – Harri haqida dastlabki uch mavsumda shunday deyishgandi. Angliyaning eng yaxshi markaziy hujumchisi tez-tez jarohat olishiga qaramasdan har mavsumda APLda barqaror natijalar ko‘rsatib kelmoqda. Kristian Eriksen kabi uni ham klubning mavsumdagi muvaffaqiyatsizligi, «Tottenhem» rahbariyatining tushunarsiz qarorlari «to‘ydirishi» mumkin. Pochettino o‘zining asosiy futbolchilaridan biri o‘rniga «boshqa sehrgar» topishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Harri Keyn — klassik markaziy hujumchi va uning «gol sezish qobiliyati» juda yuqori. U uzoq masofalardan yaxshi zarba bera oladi va o‘yinni o‘z yelkasiga olishdan tortinmaydi. Hali yoshligi hisobga olinsa, Keyn «Real»ga o‘tib, yangilangan jamoa yetakchisiga aylanishi ham mumkin, deyish mumkin. Lekin Zidan unga sarflanadigan pulga boshqa foydaliroq futbolchi olishni ma'qul ko‘rishi haqiqatga yaqinroq..

7. Pol Pogba, 26 yosh
Amplua – markaziy yarimhimoyachi
Hozirgi klubi – «Manchester Yunayted» (shartnomasi muddati — 30.06.2021)
transfermarkt.de bo‘yicha narxi – 90 mln yevro.

Foto: Reuters

Ikki oyoqda ham birdek harakatlandigan bu futbolchi «Real»ni kuchaytirishi, o‘z agenti Mino Rayolaning cho‘ntagini qappaytirishi mumkin. Belgiyalik agent shu maqsadda yana harakatga tushib qolgan. 2 yil avvalroq «Yuventus»dan «Real»ga o‘tishi haqida ko‘p shov-shuv qilingan futbolchi bu safar Madridga kelishi mumkin. Bu ko‘p jihatdan «MYu» mavsum yakunlariga ko‘ra YeChL uchun yo‘llanma olish-olmasligiga bog‘liq bo‘ladi. Albatta, «qizil iblislar» asosiy yulduzini qo‘yib yuborishga osonlik bilan rozi bo‘lmaydi, klub o‘z tarixidagi eng qimmatbaho futbolchisi transferiga rozi bo‘lishi uchun Peres ancha chiqim qilishi talab etiladi. Qolaversa, yaqindagina fransiyalik havbek har qanday futbolchi «Real»da o‘ynashni orzu qilishi haqida gapirgandi. Zidan jamoasida o‘zining yana bir vatandoshini ko‘rishdan mamnun bo‘lishi tayin.

Boshqa transferlar

Foto: Reuters

Albatta, boshqa transferlar ham bo‘ladi, «Liverpul»dan Muhammad Saloh yoki Sadio Mane transferi amalga oshirilishi haqida tez-tez xabarlar paydo bo‘lib turadi. Shuningdek, Zidan Serxio Ramos bilan yuzaga kelgan vaziyatni hal qiladi, Marselo ham tarkibda olib qolinadi. Varan esa mavsumdagi muhim o‘yinlarda ishonchni oqlay olmadi va uning o‘zi ham ketish haqida o‘ylay boshladi. Himoya chizig‘i uchun dastlabki xarid amalga oshirib bo‘lindi — 50 million yevro evaziga «Portu»dan universal himoyachi Eder Militao sotib olindi. Bu braziliyalik futbolchi klubda Kazemironing yo‘lini takrorlab, «Real»ning asosiy futbolchilaridan biriga aylanishi kutilmoqda — ayni vaqtda «Qirollik klubi»ning almashtirib bo‘lmas futbolchilaridan biriga aylangan Kazemiro ham o‘z vaqtida «Portu»da tajriba to‘plagandi.

Marselo Zidanning ishonchida va himoyasida bo‘lsa-da, uning yoshi o‘tib bormoqda. Shu tufayli, fransiyalik mutaxassis yosh Serxio Regilon uchun eshiklarni butunlay yopib qo‘ymasligi aniq. O‘z navbatida, himoyani kuchaytirishga qaratilgan boshqa transferlar ham kutish mumkin.

Bu transferlardan qay biri amalga oshishini aytish qiyin, ammo bir narsani ishonch bilan aytish mumkin — bu safargi yozgi transferlar keyingi yillardagi eng qizg‘ini bo‘lishi kafolatlangan. Zidanning qaytishi tarixiy voqea bo‘ldi. Endi u o‘z qo‘ygan talablari bajarilishini kutmoqda. Unga «Real»ni yana cho‘qqiga qaytarish uchun bir necha kuchli futbolchilar kerak.

Ko‘proq yangiliklar: