O‘zbekistonda fan olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tmoqda

Jamiyat 19:30 / 24.03.2019 3995

O‘quvchilarning bahorgi ta'til kunlarini mazmunli tashkil etish maqsadida fan olimpiadasining III (viloyat) bosqichi respublikaning barcha hududlarida joriy yilning 23—27 mart kunlari o‘tkazilishi belgilangan edi, deyiladi Xalq ta'limi vazirligi xabarida.

Hududlarda 22 mart kuni fan olimpiadasiga mas'ul xodimlar, hakamlar hay'ati va auditoriya nazoratchilari hamda kuzatuvchilari uchun Respublika ta'lim markazi xodimlari tomonidan olimpiadani o‘tkazish tartibi, baholash mezonlari bo‘yicha tushuntirish berildi.

Olimpiadaning birinchi kuni 23 martda barcha hududlarda fan olimpiadasining ochilish marosimi bayramona kayfiyat va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Fan olimpiadasi o‘tadigan barcha ta'lim muassasalarida o‘quvchilarning sog‘lig‘i va xavfsizligini ta'minlash maqsadida ichki ishlar va tibbiyot xodimlarining doimiy navbatchiligi tashkil etildi.

Hozirda fan olimpiadasi jarayonlarida o‘quvchilar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda. Respublika bo‘yicha jami 6124 nafar 11-sinf o‘quvchilar belgilangan fanlardan birinchi tur olimpiada (yozma ish) topshiriqlarini bajarishdi. Mazkur jarayonda apellyatsiya komissiyalari olimpiada ishtirokchilaridan kelib tushgan 20 ga yaqin arizalarni adolatli ko‘rib chiqdi. E'tiborlisi, barcha fanlar bo‘yicha hakamlar hay'ati va apellyatsiya komissiyasi a'zolari tarkibiga hududdagi oliy ta'lim muassasalari, xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining tajribali o‘qituvchilari jalb etilgan.

Ta'kidlash joizki, bu yilgi fan olimpiadasi adolat prinsiplari va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazilishi ta'minlanmoqda. Olimpiada o‘tkaziladigan har bir o‘quv xonasida videokuzatuv moslamalari ishchan holatda, bundan tashqari, ota-onalar uchun olimpiada jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri (onlayn) videokuzatuv moslamalari orqali kuzatish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, ba'zi hududlarda olimpiada jarayonlariga mudofaa boshqarma xodimlari hamkorlik uchun jalb etilgan. Quvonarli tomoni shundaki, ba'zi fanlardan o‘quvchilar belgilangan topshiriqlarni 100% natija bilan bajarishmoqda.

Ayni vaqtda olimpiadaning ikkinchi kuni davom etmoqda. O‘quvchilar olimpiadaning ikkinchi turida test topshiriqlarini yechib, bilimlarini namoyon etishdi.  Fan olimpiadalarining test topshiriqlari maxfiyligi ta'minlanib, mas'ullar orqali elektron variantda himoyalangan holda olimpiada boshlanishidan bir soat avval joylarga yetkazildi. Olimpiada topshiriqlarini joylarda hakamlar hay'ati tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgandan so‘ng ishtirokchilarga tarqatildi.

Ko‘proq yangiliklar: