Ostonaning Nur-Sultonga aylanishi Qozog‘istonga 125 million dollarga tushadi

Jahon 13:20 / 24.03.2019 46242

Qozog‘iston mamlakat poytaxti Ostona shahri nomini Nur-Sultonga almashtirdi.

Mamlakat poytaxtining nomini o‘zgartirish katta xarajatlarni talab etadi. «Alpari» axborot-tahliliy markazi direktori Aleksandr Razuvayev tomonidan ma'lum qilinishicha, bu Qozog‘iston iqtisodiyotiga taxminan 125 million dollarga tushadi.

«Poytaxt nomini o‘zgartirish arzon ish emas. Buning uchun ko‘p ish qilish kerak. Masalan, poytaxt aholisiga yangi hujjatlar berishga 80 million dollar, yangi ko‘rsatkich va belgilar uchun kamida 25 million dollar, yangi xaritalar uchun 5 million dollar ketadi», deydi Razuvayev.

Uning aytishicha, Ostona nomi qayd etilgan qator qonun hujjatlari va konstitutsiya ham yangi tahrirda chiqishi kerak va bu ishlarga 15 million dollar sarflanadi.

Qozog‘iston Moliya vaziri Alixan Smailov Ostonaning nomini o‘zgartirish uchun ketadigan xarajatlar hali hisoblab chiqilmaganini va pullar davlat budjetidan sarflanishini aytgan.

Ta'kidlash kerak, endilikda Nursulton Nazarboyev sharafiga Nur-Sulton deb ataladigan shahar nomi hozirgacha 5 marta o‘zgargan. Shahar bungacha Akmolinsk, Tselinograd, Oqmola va Ostona nomlari bilan atalgan. Shahar 1998 yildan buyon Qozog‘iston poytaxti hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: