«Miyadagi kinoteatr». Nima uchun ko‘p o‘qish kerak?

Jamiyat 15:20 / 24.03.2019 25551

Yoshligimda uyimizda eng ko‘p eshitganim bu: «Badiiy kitob o‘qigin»,- bo‘lardi. Menda esa doim bir savol tug‘ilardi: «Nima uchun badiiy kitob o‘qishim kerak?».

Biroq bu savolga o‘zim kutgan javobni hech kimdan olmaganman. Lekin baribir badiiy kitoblarni o‘qirdim. Yillar o‘tib bu savolga javob topdim.

2012 yili AQShga xorijiy stajirovkada bo‘ldim. O‘shanda Kaliforniya shtatidagi bir uchrashuv bir umr yodimda qoldi. Unda taniqli bir rejissyor bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazilgan va barcha xohlovchilar ishtirok etishi mumkin edi. Mavzu «Eng yaxshi kinoteatr va kino». Bunday vaziyatdan foydalanish maqsadida men ham ushbu uchrashuvga bordim. Binoda men kabi 100ga yaqin  qiziquvchilar kelishgan. Barchamiz rejissyorni kutmoqdamiz. Hammamiz undan qandaydir bir falsafiy yoki professional ma'ruza kutardik.

Nihoyat rejissyor kirib keldi. Oddiy va kamtarona kiyimda. Tashrif buyurganlar ko‘pligini ko‘rib hayron ham qoldi. Salom-alikdan so‘ng bir qiziq savol bilan barchamizga murojaat qildi. «Dunyodagi eng sifatli va qulay kinoteatr qayerda joylashgan?». Ko‘pchilik hayron qoldi kutilmagan savoldan.

Shunda birinchi qatorda o‘tirgan qiz San-Fransiskoda joylashgan «The Castro Theatre» kinoteatri» deb javob berdi, «sababi u AQShdagi eng qadimiy kinoteatrlardan biridir». Javob noto‘g‘ri.

Ikkinchi qatorda o‘tirgan koreyalik yigit ham o‘z variantini aytdi: «Seul shahridagi «Sine de Chief» kinoteatri. Unda siz kino vaqtida bemalol ovqatga buyurtma qilishingiz, bir vaqtning o‘zida ham kinodan ham ovqatdan zavqlanishingiz mumkin. Shunisi bilan ham qulay». Javob yana yo‘q.

Teparoqda o‘tirgan qiz qo‘lini ko‘tarib ishonch bilan dedi: «Men dunyoning ko‘p mamlakatlarida sayohatda bo‘lganman va albatta ko‘p kinoteatrlarga tashrif buyurganman. Sizning savolingizga javob bu - Afinadagi «Sien Thisio» kinoteatridir. Ushbu kinoteatr ochiq osmon tagida joylashgan. Shundoqqina Akropol va Panteon yonida siz o‘zingizni antik davrga sayohat qilganday his qilasiz». Javob yana yo‘q.

Shundan so‘ng auditoriyadagilar Londondagi, Moskvadagi, Berlindagi, Tokiodagi 10ga yaqin kinoteatrlar nomlari va u yerdagi qulayliklar haqida so‘zlashdi. Barchasiga rejissyor tomonidan javob «yo‘q» bo‘ldi. So‘ng barcha tashrif buyuruvchilar bir ovozdan topa olmadik:"O‘zingiz ayting",- deyishdi.

Rejissyor tomonidan berilgan javob meni butunlay o‘ylantirib qo‘ydi.

U o‘ng qo‘li bilan peshonasiga urib:«Mana eng zo‘r va sifatli kinoteatr»,-dedi. Butun zal bir ovozdan kulib yubordi. Shunda u shoshilmasdan fikrini asoslashga o‘tdi.

«To‘g‘ri, bu javobim sizlarga g‘alati tuyulayotgandir yoki meni qarib qoldi deb o‘ylayotgandirsizlar. Yo‘q! Fikrimni sizlarga isbotlab bersam. Har bir inson badiiy kitob o‘qiganida uning o‘z kinoteatri ishga tushadi va o‘qiyotgan voqeani syujyet shaklida ko‘rishni boshlaydi. Kino bu rejissyor tasarrufidagi holatning tasmaga tushgan shakli. Shuning uchun avval kitob o‘qib, so‘ng ushbu asarga ishlangan kinoni ko‘rsangiz birinchi beradigan savollaringiz shunday bo‘ladi: «Men voqeani yoki aktyorlarni boshqacha tasavvur qilgan edim. O‘xshamabdi, mening Julettam boshqacharoq, sal bo‘yi uzunroq edi. Kinoda esa pastroq».

Ya'ni, kitob o‘qish jarayonida o‘z kinoteatringiz ishga tushadi va ushbu kinoning rejissyori o‘zingiz bo‘lasiz. Bu yerda savol tug‘iladi, ya'ni nega ba'zi kinolar zerikarli bo‘ladi yoki kinoteatrlar huvillab qolgan. Buning javobini sizlarga tushuntirishga harakat qilaman. Demak, keling avval har birimiz o‘zimizning kinoteatrni qanday qurish mumkinligi haqida gaplashsak. Agar siz ko‘p badiiy kitob o‘qimagan bo‘lsangiz, demak sizning kinoteatringizda 1920-yillardagi, ya'ni Charli Chaplinning oq va qora tasmali holatda kinoteatr ishlamoqda. Shuning uchun sizning kitoteatringiz juda zerikarli va sifatsiz. Bunday holatda kitob o‘qiganingizda ko‘ngil aynish, bosh og‘rig‘i va uyqu kabi holatlarga duch kelasiz hamda kitob boshlanmasdan yopiladi. Tasavvur qiling, hozirgi eng kassabop kinoni olaylik, hozir masalan «Avatar» kinosini ham oq-qora tasmada qo‘yib bersam, 10 daqiqadan so‘ng zalda deyarli hech kim qolmaydi. Xuddi shunday, badiiy kitobni ham zamonaviy 3D ko‘zoynagida ko‘rib o‘qish lozim».

Shunda zaldan savol bo‘ldi, qanday qilib o‘z kinoteatrimizni zamonaviy 3D holatiga olib kelishimiz mumkin?

«Ko‘proq kitob o‘qish bilan. Siz dastlabki 5ta badiiy kitobingizni o‘qish jarayoningizda syujyetlarni oq va qora holatda ko‘rasiz. Shuning uchun dastlabki jarayonda juda ham qiziqarli va hajmi katta bo‘lmagan kitobni o‘qishni tavsiya etaman. 5-10ta badiiy kitobni o‘qiganingizdan keyin siz rangli tasmaga o‘tasiz. Misol uchun, «Graf Monte Kristo»ni o‘qiyotganingizda Marselning hatto labini va ko‘z rangini ko‘rishni boshlaysiz. Deylik, 15-chi badiiy kitobni o‘qiganingizdan so‘ng kinoteatringiz barcha syujyetlarni va qahramonlarni Full HD formatida ko‘rishni boshlaysiz. Bunda muallif tomonidan ta'riflangan barcha voqealarni ipidan ignasigacha aniq ravshan ko‘rishni boshlaysiz. Bu holatda sizni yarim kechasi uyg‘otib, o‘qigan kitobingiz haqida so‘rashsa hech ikkilanmay har bir betini aytib berish holatiga borasiz».

Auditoriyadan qiziqqon talabalar tomonidan yana savol bo‘ldi: «15-kitobdan keyin qanday kinoteatr bo‘ladi?».

«Dahshat bo‘ladi. Siz 3D tasvirdagi kinoni ko‘rishni boshlaysiz. Siz endi tizimli fikrlashga o‘tasiz. Tasavvur qiling, 1000 betli kitobni o‘qiyapsiz. Bunda siz birinchi betdagi syujyet bilan 875-betdagi syujyet o‘rtasidagi voqealarni bog‘lay olasiz. Siz muallif yozmagan, biroq aytmoqchi bo‘lgan gapini ham tushunishni boshlaysiz. Shuningdek, siz mutolaa qilishni boshlaysiz. Siz savol berishni boshlaysiz, nega bunday bo‘ldi, nima uchun yozuvchi qahramonni o‘ldirdi, boshqacha yo‘l tutsa ham bo‘lardiku va hokazo. Mana shu holatga yetgan insonlardagina fikrlash paydo bo‘ladi, fikr mukammallashsa u g‘oyaga aylanadi, g‘oya noodatiy holatni talab qilsa bu kreativlik bo‘ladi. Agar siz kreativlikni hayotga tatbiq etsangiz bu innovatsiya bo‘ladi».

Mana sizlarga hurmatli tinglovchilar, qayerdan innovatsiya paydo bo‘lishi mumkin.

Ushbu voqeani kuni kecha prezidentimizning «har bir rahbar kuniga kamida 50 bet kitob o‘qishi kerak», degan so‘zlaridan so‘ng yozishga kirishdim.

Sababi, bugun davlat boshqaruvida, OAV va jamiyatimizda eng ko‘p ishlatilayotgan so‘zlardan biri bu albatta innovatsiyadir. Faqat kuniga 1000 marta ushbu so‘zni ishlatganingiz bilan biror sohaga innovatsiya o‘z-o‘zidan kirib qolmaydi. Agar biz davlat va jamiyat boshqaruvida innovatsiyani qo‘llamoqchi ekanmiz, avval har birimiz o‘zimizning kinoteatrimiz qaysi ahvoldaligiga nazar solaylik. Oq va qora tasmali kinoteatr bilan hech qanday innovatsiya qo‘llab bo‘lmaydi.

Agar har birimizning kinoteatrimiz qaysi holatdaligini aniqlaydigan uskuna bo‘lganda bormi, ko‘pchilik XXI asrda yashab haliyam oq va qora «Chayka» televizorlarda yashab kelayotganiga guvoh bo‘larmidik...

Balki shuning uchun ham innovatsiya juda qiyinchilik bilan jamiyatimizga kirib kelayotgandir. Davlat xizmatida faoliyat yuritayotganlarning ko‘pchiligidan oxirgi o‘qigan badiiy kitob nomini aytish so‘ralsa, javob oddiy: ish ko‘p kitob o‘qishga vaqt yo‘q. Shu yerda savol tug‘iladi, nima uchun ba'zi davlat xodimlari berilgan topshiriqlarni to‘liq tushunmaydi yoki o‘z sohasiga yangilik kirita olmaydi? Nega judayam yumushi ko‘p Bill Geyts, Barak Obama yoki Ilon Mask har yili o‘zi o‘qigan 10ta kitob ro‘yxatini e'lon qiladi? Bill Geyts bilan intervyusida jurnalist unga savol bergandi: «Janob Geyts sizni doim yangilik qilishingizga biz ko‘nikib bormoqdamiz. Ushbu yangiliklarni qayerdan olasiz?». Javob juda oddiy bo‘lgandi: «Men kuniga oz bo‘lsa ham kitob mutolaa qilaman. Bu doimo fikrlarim tiniqligiga va yangilik qilishga kuch beradi».

Har yili dunyo mamlakatlarining kitobxonlik reytingi e'lon qilinadi. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy, Ispaniya va Rossiya davlatlari fuqarolari haftasiga 7-9 soat kitob mutolaa qilishi ma'lum bo‘lgan. Shuningdek, ushbu tadqiqotda aholi soniga nisbatan kitoblar savdosi soni taqqoslanar ekan. Lekin O‘zbekiston kuchli 100talikda ham yo‘q. Kuchli 20talikdagi davlatlar bilan davlat boshqaruvida innovatsiyani aniqlaydigan reytingni solishtirsak, aksariyat davlatlar mos keladi. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, kitobxonlik rivojlangan mamlakatlarda innovatsion g‘oyalar bilan o‘zaro bog‘liqdir.

Savol: sizning kinoteatringiz qaysi ahvolda? 

Otabek Hasanov, 
siyosiy fanlar doktori (PhD)

Ko‘proq yangiliklar: