Jizzaxda teatr tomoshalari haftaligi ochildi

Jamiyat 12:20 / 24.03.2019 7249

27 mart – Xalqaro teatr kuni. Shu munosabat bilan joriy yilning 21 martidan 27 mart kuniga qadar O‘zbekistonning barcha teatrlarida bepul tomoshalar boshlandi.

Teatr bu - hayot ko‘zgusi, muqaddas dargoh. O‘zbek teatr asoschilaridan biri Maxmudxo‘ja Behbudiy ta'biri bilan aytganda, teatr - ibratxonadir.

1961 yili teatr san'atining xalqaro tinchlik va birdamlik ishiga katta hissa qo‘shishini e'tiborga olgan holda YuNeSKO huzuridagi Xalqaro teatr institutining IX kongressida «27 mart – Xalqaro teatr kuni» deb e'lon qilingan. Bugun O‘zbekistonda prezident tashabbusi bilan madaniyat va san'at, xususan teatrni rivojlantirishga e'tibor qaratilyapti. Shu ma'noda, prezidentning 2018 yil 28 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-4038-sonli qaroriga muvofiq, teatr kuni oldidan bir hafta davomida barcha teatrlarda «ochiq eshiklar» kunlari o‘tkazish, har bir tomoshabinni kutilgan mehmon sifatida qarshilash hamda ijodkorlar bilan tomoshabinlarning jonli suhbatlarini tashkil qilish belgilangan.

Jizzax viloyat musiqali drama teatrida boshlangan haftalikning ochilish marosimi Navro‘z ayyomi bilan uyg‘unlashib ketdi. Teatr hovlisi bayramona, turli spektakllar dekoratsiyalari, turfa rangli harir pardalar bilan bezatildi.

Jizzaxliklar va shahar mehmonlarini karnay-surnay sadolari teatrga chorladi. Kattayu-kichik mehmonlarni teatrning barcha artistlari har xil spektakllardagi qahramonlar obrazlarida kutib olishdi.

«Ta'kidlash joizki, mustaqil vatanimiz san'ati tarixida o‘zining 98 yillik tarixiga ega bo‘lgan Jizzax viloyat musiqali drama teatrining ham alohida o‘rni bor. Bu ulug‘ dargohda ko‘plab ulug‘ artistlar faoliyat ko‘rsatishgan. Jumladan, marhum san'atkorlar - O‘zbekiston xalq artistlari Husan Amirqulov, Xosiyat Azimova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar G‘ofir Hamidullayev, G‘olib Yo‘ldoshev, Ikrom Tursunov, Mavjuda Rahmatova va boshqa yetakchi aktyorlar o‘zbek teatr san'ati rivojiga munosib hissa qo‘shishgan. Bugungi kunda mazkur teatrda ustoz san'atkorlar bilan bir qatorda yosh umidli aktyorlarimiz ham samarali ijod qilib kelishmoqda. Biz oldimizga qo‘yilgan eng muhim vazifani bajara oldik deb o‘ylayman. Bugun teatr o‘z tomoshabinlarini qaytara oldi. Quvonarlisi shuki, teatr tomoshalariga, qo‘yilayotgan spektakllarga yoshlarimiz tashrif buyurmoqda. Teatr haftaligiga alohida tayyorgarlik ko‘rdik, foyeda tashkil etilgan spektakllar dekoratsiyalari va liboslari, teatr tarixidan so‘ylaguvchi muzey eskponatlari, kitoblar ko‘rgazmalari fikrimga isbot bo‘la oladi», – deydi Jizzax viloyati musiqali drama teatri rahbari Nodira Alimova.

Teatr haftaligi tomoshalarini Erkin Xushvaqtov qalamiga mansub bo‘lgan «Ko‘ngil guldek nozik» komediyasi  ochib berdi.

Spektaklda yoshi ulg‘aygan bir ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan taqdim etilgan bir dasta gul tufayli qaytadan yosharishi, aslida bu gul yo‘lakdan topib olingani bois uyga kelganini bilgach, alam va iztirobga tushgani yengil kulgi ostiga olingan.

«Aynan shu komediyaning tarbiyaviy ahamiyati katta ekan. Uy bekalari qachonki, o‘zlariga yaxshi qarab, ro‘zg‘orda saranjom-sarishta bo‘lsalar, turmush o‘rtoqlari hamisha uyga talpinadi. Oila mustahkam, tinch va baxtli bo‘ladi. Bu spektaklni barcha o‘z oila a'zolari bilan ko‘rishini istardim...», – deydi tomoshalarda ishtirok etayotgan Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti xodimi Elnur Egamov.

«To‘g‘risi, ayrim ayollar, umuman yurtdoshlarimiz keyingi paytlarda ko‘proq ko‘ngil yozish uchun choyxonalarga yoki to‘y va bozorlarga borishadi. Teatrga tushib turish foydadan xoli emas ekan. Chunki bir yarim soat davom etgan spektakl namoyishi paytida o‘z turmush o‘rtog‘idan gul sovg‘a olgan ayolning qalbi qanchalar quvonchga to‘lishini ko‘rib ham yig‘ladim, ham kuldim. Bu chinakam ibrat olsa arziydigan tomosha», – deydi viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi bulim boshligi M.Tosheva.

Ha, ibrat maktabi bo‘lgan teatr hafta davomida bir qator qiziqarli, tomoshabop, eng muhimi tarbiyaviy ahamiyatga ega bir necha sahna asarlarini namoyish etadi. Sahnaning sehrli olami barcha zamon va barcha davrlarda ham kishilarni hayratga solib kelgan. Teatr tomoshalar zalida aktyorlar va tomoshabinlarning jonli muloqotlari taassurotlarga boy bo‘ldi.

Bunda teatr muxlislari o‘zlarini qiziqtirgan teatr va san'atkorlarning shaxsiy hayotlari va ijodlariga bilan bog‘liq barcha savollarga ijodkorlardan tegishli javob olishdi.

Gulchehra Sharipova 

Ko‘proq yangiliklar: