Ispaniyada banklarni tunagan “qaroqchi chollar” qo‘lga olindi

Jahon 08:50 / 24.03.2019 8783

Ispaniya politsiyasi Barselonada ikki bankka hujum qilgan va Madridda shunday o‘g‘rilikni rejalashtirgan ikki keksa erkakni qo‘lga oldi.

Ta'kidlanishicha, qo‘lga olingan o‘g‘rilar 73 va 80 yoshda bo‘lgan.

O‘g‘riliklar bir xil reja bo‘yicha 2 oy farq bilan amalga oshirilgan – erkaklar yorug‘lik akslantiruvchi kiyimda bank bo‘limlariga bostirib kirib, bank xodimlariga qurol bilan tahdid qilib, ulardan seyflardagi pullarni berishni talab qilishgan. So‘ngra bank xodimlari va mijozlarning qo‘llarini bog‘lab, voqea joyidan jamoat transportida jo‘nab qolishgan. Ular birinchi o‘g‘rilikda 32 ming yevro, ikkinchisida 45 ming yevro qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishgan.

“Qaroqchi chollar” shunday o‘g‘rilikni Madridda ham amalga oshirishmoqchi bo‘lishgan-da, hibsga olinganlar. Erkaklarni ushlash bo‘yicha Vendrel munitsipalitetida operatsiya o‘tkazilgan. Jinoyatchilarning birining uyida marixuana plantatsiyasi aniqlangan. Bu plantatsiya yana boshqa bir erkakka tegishli bo‘lgan, u ham hibsga olingan.

Ikkinchi o‘g‘ri Madridda ushlangan. Shuningdek, navbatdagi o‘g‘rilikni amalga oshirishga aloqador bo‘lgan yana bir kishi qo‘lga olingan.  

Qo‘lga olingan jinoyatchilar Janubiy Amerika davlatlarining biridan bo‘lib, Italiyada amalga oshirgan bir qator jinoyatlari uchun qidiruvda bo‘lganlar. Ispaniyadagi operatsiya milliy politsiya va Kataloniya politsiyasi xodimlari hamda italiyalik karabinerlar ishtirokida o‘tgan. 

Ko‘proq yangiliklar: