UNWTO standartlari bo‘yicha hududiy turizm statistikasi shakllantirila boshlandi

O‘zbekiston 00:14 / 23.03.2019 8502

Butunjahon sayyohlik tashkiloti (United Nations World Tourism Organization - UNWTO) standartlari bo‘yicha O‘zbekiston hududiy turizm statistikasini shakllantirish metodologiyasini ishlab chiqishga start berildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Prezidentning 2019 yil 5 yanvardagi 5611-sonli farmoni bilan tasdiqlangan "2019-2025 yillarda Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi" ijrosini ta'minlash maqsadida UNWTO standartlari bo‘yicha hududiy turizm statistikasini shakllantirish metodologiyasini ishlab chiqishni boshladi. 

Mazkur metodologiya hududlar bo‘yicha dastlabki statistika ma'lumotlarini yig‘ish, turistik bozor sub'yektlari hamda sayyohlik xizmatlari  iste'molchilarining ijtimoiy so‘rovnomalari uchun statistik shakl va savollarni ishlab chiqishga asoslangan.

11-16 mart kunlari Samarqand shahrida joylashgan Iqtisodiyot va servis instituti hamda “Ipak yo‘li” Xalqaro turizm universiteti o‘qituvchi va talabalari ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazildi. Bu jarayonga 10 ga yaqin o‘qituvchi va shu oliygohlarning 700 ga yaqin talabalari ham jalb etilgan bo‘lib, ular kelgusida har oy ma'lumotlarini  yig‘ishi va turizm sohasidagi statistikani tahlil qilishi mumkin bo‘ladi.

Samarqand viloyati sayyohlik obektlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Imom al-Buxoriy maqbarasi kabi sayyohlik obektlarida so‘rov o‘tkazildi.

Ma'lumotlarni muntazam to‘plash sayyohlar oqimining mavsumiy xususiyatlarini inobatga olish, sayyohlarda mavjud bo‘lgan xohish va muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotidagi turli sohalarga turizmning ta'sirini tahlil qilish imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: