Suriyada IShIDning so‘nggi tayanchi zabt etildi. Bu uzil-kesil g‘alabami?

Jahon 20:20 / 23.03.2019 39688

AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi «Suriya demokratik kuchlari» (SDF) jangovar ittifoqi hudud IShID jangarilaridan butkul xalos qilinganini ma'lum qildi.

Tashkilotning tvitter sahifasida Suriyaning Baguz qishlog‘i IShID terrorchilaridan 100 foizga tozalangani e'lon qilindi — bu yirik qishloq IShIDning Suriya hududidagi so‘nggi tayanchi deb hisoblanilayotgan edi.

«Suriya demokratik kuchlari» vakili Mustafo Bali «o‘zini xalifalik deb e'lon qilgan tuzilma to‘liq yo‘q qilingani» va IShID ustidan «harbiy g‘alaba»ga erishilganini ma'lum qildi.

Baguzga yurish qilinishi haqida 10 fevral kuni e'lon qilingandi, o‘shanda AQSh prezidenti Donald Tramp «IShIDning to‘liq yo‘q qilinishiga sanoqli kunlar qolgani»ni ta'kidlagan edi.

2014 yildan 2019 yilgacha Suriya va Iroq hududlarida mavjud bo‘lgan bu tashkilot «eng gullagan» davrida jami 88 ming kv. km maydonni nazoratiga olgandi.

Quyidagi grafikada «xalifalik» keyingi yillar mobaynida o‘zi bosib olgan hududlarni qanday qilib yo‘qotgani tasvirlangan.

IShID Yaqin Sharqdagi barcha pozitsiyalarini boy berganiga qaramasdan, hali ham global tahdid solishda davom etadi: guruh jangarilari va ushbu g‘oya ta'siridagi odamlar hamon Suriya va Iroq hududida qolmoqda, shuningdek, guruh tarafdorlari Nigeriya, Yaman, Afg‘oniston, Filippin va Shimoliy Afrika davlatlarida faoliyatini davom ettirmoqda.

Kurd jangchilari boshchiligidagi «Suriya demokratik kuchlari» harbiylari mart oyi boshida IShIDning oxirgi tayanchini egallash uchun hal qiluvchi yurishni boshlagandi. Tashkilotning qolgan-qutgan jangarilari bu vaqtda Suriya sharqidagi Baguz istehkomiga joylashib olgandi.

Ittifoqchilar bu qishlovda ko‘p miqdordagi tinch aholi vakillari borligi ma'lum bo‘lgach, yurishni to‘xtatgandi. Shundan keyin Baguzni minglab ayollar, bolalar va xorijliklar tark etishdi.

Shuningdek, Baguzdan ko‘p sonli jangarilar chiqib ketishdi, qolganlar esa oxirigacha qarshilik ko‘rsatishga qaror qilishdi. Ular asosan xudkushlik harakatlari orqali harbiylar yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lishdi. Reyter agentligi ma'lumotiga ko‘ra, qishloqdan taslim bo‘lgan jangarilar chiqqan yuk mashinalari kolonnasi noma'lum tomonga qarab yo‘l olgan.

Bu jang oxirgisimidi?

AQSh hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, mintaqada hamon 15-20 ming atrofida jangari bor. Ularning aksari tashkilotning «uyqudagi» yacheykalarini tashkil qilgan. Amerika hukumati taxminiga ko‘ra, bu kuchlardan tashkilotning ta'sirini qayta tiklashda foydalanish rejalashtirilgan.

Shuningdek, IShID ta'siridagi guruhlar Afg‘oniston, Misr, Liviya, Janubi-Sharqiy Osiyo va G‘arbiy Afrika davlatlarida ham mavjud.

Tashkilot ta'siriga tushgan yakka holatdagi kishilar esa xudkush terrorchilarga aylanadi.

Qayd etish kerakki, 2017 yilning dekabridayoq IShID mag‘lub etilgani haqida bir necha bayonot berilgandi — 6 dekabrda Rossiya Suriyadagi IShID taslim etilgani haqida, 9 dekabr kuni Iroq hukumat o‘z hududidagi IShID ustidan uzil-kesil g‘alaba qozongani haqida, 12 dekabr kuni Tramp ham Suriyadagi, ham Iroqdagi IShID ustidan muvaffaqiyatga erishilgani haqida ma'lum qilgandi.

2018 yilning dekabrida esa Tramp Suriyada IShID to‘liq mag‘lub etilganini, bu hududdan amerikalik harbiylar olib chiqilishi boshlanishini e'lon qilgandi.

Keyinroq u Suriyadan harbiylarni olib chiqishda shoshilmaslik kerakligi, hamon IShIDning qoldiqlari jang qilishda davom etayotganini ma'lum qildi.

2019 yilning fevralida esa Tramp yaqin vaqtlar ichida «IShID to‘liq yakson etilishi» haqida gapirdi.

22 mart kuni AQSh prezidentining matbuot kotibi Sara Sanders prezident samolyoti bortida jurnalistlar yoniga chiqib, «IShID xalifaligi 100 foizga yo‘q qilinganidan darak beruvchi xarita»ni namoyish qildi.

U Suriyada ma'lum maqsadlar uchun 400 nafar amerikalik harbiydan iborat kontingent ma'lum vaqt davomida saqlab turilishini qo‘shimcha qildi.

Abu Bakr al-Bag‘dodiy qayerda?

Abu Bakr al-Bag‘dodiy laqabini olgan Ibrohim Avvad Ibrohim Ali Muhammad al-Badri as-Sammarrai 1971 yilda Samarra shahrida tug‘ilgan. 2005 yilda u AQSh razvedkasi hisobotlarida «Al-Qoida» xalqaro terrorchilik tashkilotining Iroq va Suriya chegarasidagi sahroda joylashgan El-Kaim shahridagi noibi sifatida qayd etilgan. Uning rahbarligidagi guruh 2004-2014 yillarda «Al-Qoida»ning bir qismi sifatida ko‘rsatilgan.

2014 yil yozida bu guruh hukumatga qarshi boshqa sunniy guruhlar yordamida o‘z ta'sir doirasini kengaytira boshlaydi, 29 iyun kuni esa al-Bag‘dodiy xalifalik tuzilganini e'lon qiladi.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, IShID yetakchisi tashqi qiyofasini o‘zgartirgan. Iroqning Al-Araby al-Jadeed nashri ma'lumotlariga ko‘ra, al-Bag‘dodiy soqolini kaltalatib, uni qizg‘ish rangga bo‘yab olgan. Bundan tashqari, u oxirgi yillarda kam harakatli turmush tarzi sababli ortiqcha vazn to‘plagan. Ma'lum qilinishicha, IShID yetakchisi asosan oddiy avtomobillar yoki taksida harakatlanadi, uning tansoqchilari esa IShID uniformasida emas, balki afg‘on kiyimida yurishadi.

Ta'kidlanishicha, al-Bag‘dodiy hozirda Suriyada bo‘lib, bir necha bor Iroqqa qochishga harakat qilgan. Biroq u AQSh boshchiligidagi koalitsiya va chegaradagi Iroq lashkarlari xatti-harakatlari sababli buning uddasidan chiqa olmagan.

Oxirgi yillarda IShID yetakchisi yo‘q qilingani, og‘ir yaralangani yoki asirga olingani haqida bir necha bor ma'lum qilingan. Biroq bu xabarlarning birortasi o‘z tasdig‘ini topmagan. Iroq razvedkasi fevral oxirida al-Bag‘dodiy Frot daryosi vodiysidagi terrorchilar nazoratida qolayotgan hududda ekanligini ma'lum qilgandi.

IShID xronologiyasi

Suriyaning BMTdagi doimiy vakili Bashar al-Jafari esa AQShning IShID ustidan yakuniy g‘alabasi haqida tarqalgan xabarlarga ayricha munosabat bildirdi. «Suriyada IShIDga qarshi urush hali poyoniga yetmadi. Rossiya va Suriya IShID bilan haqiqiy jang olib bormoqda. AQSh va uning ittifoqchilari emas», deya uning so‘zlarini keltiradi RIA Novosti agentligi.

Agentlikning Rossiya TIVdagi manbasi ham AQShning uzil-kesil g‘alaba haqidagi bayonotini «ishonchsiz» deb atadi.

Ko‘proq yangiliklar: