OAVda tarqalgan xato ma'lumotga izoh - O‘zbekistonda pensiya yoshi o‘zgarmadi

Jamiyat 17:00 / 23.03.2019 37057

Bugun O‘zbekistondagi ayrim saytlar va telegram-kanallar «O‘zbekistonda pensiya yoshi o‘zgardi» sarlavhasi ostida xabar tarqatishdi.

Bu xabarlarda Vazirlar Mahkamasining 18 martdagi qarori bilan ayrim hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilib, pensiyaga chiqish yoshi uzaytirilgani, yangi tartibga ko‘ra, endi erkaklar 65, ayollar esa 60 yoshdan pensiyaga chiqishi aytilgandi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev o‘zining telegramdagi kanalida bu xabarlardagi tushunmovchilikka izoh berib, pensiya yoshiga doir hech narsa o‘zgarmagani haqida yozgan.

Nogironligi bo‘lgan farzandlarning onalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 18 martdagi qarori bilan ayrim hujjatlar o‘zgarish kiritildi.

Xususan, 2011 yil 7 apreldagi VM qarori bilan tasdiqlangan «Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom»ga ham o‘zgarish kiritildi.

Bu nizom kimlarga taalluqli edi?

1) pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalar;

2) mehnatga layoqatsiz fuqarolar.

Nimalar o‘zgardi?

O‘zgarishga ko‘ra, endilikda bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga ham nafaqa beriladigan bo‘ldi.

Nizomning 6-bandiga ko‘ra, yoshga doir nafaqalar:

erkaklarga — 65 yoshga yetganlarida;

ayollarga — 60 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

(ya'ni bu band azaldan bor edi, yangi qo‘shilgani yo‘q)

Mana shu bandga 3-xatboshi qo‘shildi:

bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga — 55 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

Ko‘rib turganingizdek, pensiyaga staji yetmaydigan ayollar ilgari 60 yoshdan nafaqa olgan bo‘lsa, nogiron farzandi bor onalarga yengillik berilib, garchi staji bo‘lmasa ham, ular 5 yil oldin, 55 yoshdan nafaqa oladigan bo‘ldi.

Jurnalistlar nega adashishdi?

Hamma masala shundaki, pensiya va nafaqa o‘rtasida farq borligini ko‘pchilik ham bilavermaydi. Pensiya boshqa narsa, nafaqa boshqa narsa. Ko‘pchilik hatto yoshga doir pensiyaga chiqqan bo‘lsa ham, «pensioner» desam, ruscha bo‘lib qoladi, deb o‘ylab, «nafaqaxo‘rman» deyishadi. Bu noto‘g‘ri. Bemalol «pensionerman» deyaverish kerak, qonunan shunisi to‘g‘ri.

Qanday pensiya turlari bor?

  • yoshga doir pensiya;
  • nogironlik pensiyasi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

Qanday nafaqa turlari bor?

- vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi;

- homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;

- bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa;

- dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa;

- ishsizlik nafaqasi;

- ishdan bo‘shatish nafaqasi;

- xodimning vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqa;

- yoshga doir nafaqa;

- nogironlik nafaqasi (bolalikdan nogironlardan tashqari);

- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi va h.k.

Qanday farqi bor?

Yoshga doir pensiya olish huquqiga:

erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;

ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

Yoshga doir nafaqa olish huquqi esa, ish stajiga ega bo‘lmagan;

erkaklarga — 65 yoshga yetganlarida;

ayollarga — 60 yoshga yetganlarida;

bolalikdan nogironligi bor farzandi bor onalarga — 55 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

Ma'lumot uchun: pensiya yoshi faqat qonun bilan o‘zgartiriladi, Vazirlar Mahkamasining bunga vakolati yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: