“Korrupsiya” atalmish “maxluq”ni kimlar oziqlantirmoqda?

Jamiyat 21:38 / 23.03.2019 35598

Toshkent shahar IIBB saytida korrupsiya muammosi haqida maqola e'lon qilindi.

“Poraxo‘rlik muammosi haqida fikr yuritishar ekan, odamlar ko‘pincha o‘zlari bilib-bilmay uning rivojiga “hissa” qo‘shayotganlarini anglab yetmaydilar. Ba'zan bu “yebto‘ymas maxluq” balosidan ikki-uchta ishdan bo‘shatishlar bilan qutulish mumkindek tuyuladi. Lekin minglab odamlar – oddiy uy bekalaridan tortib firmalar xodimlari, avtomobil haydovchilari, boshqa o‘nlab kasb egalari o‘z qo‘llari bilan boqib turgan bu ofat balosini yuzlab poraxo‘rni vazifasidan chetlatish bilan ham bartaraf etish mumkin emasligini anglab yetmaydilar...”, deb boshlanadi maqola.

Qayd etilishicha, bir paytlar O‘zbekiston va boshqa sharq xalqlari turmush madaniyatiga daxldor bo‘lgan, yaxshi xushxabar eshitganda – farzand yoki nabira ko‘rganligi, to‘y xabarini keltirgan kishiga ro‘molcha, belbog‘ sovg‘a qilish, ya'ni “suyunchi” berish go‘zal an'ana hisoblangan.

“Bugungi kunda esa bu ajoyib odatning ko‘rinishi, “turqi” buzilgan. Endi deyarli har bir kishi uni ishga qabul qilayotgan idora rahbari yoki hujjatini rasmiylashtirayotgan xodimni oldindan “rozi qilish”ga intiladi. Buni zimmasidagi “majburiyat” sifatida qarashga o‘rganib qolgan. Agar bunga imkoniyati yo‘l bermasa u o‘ziga “nomunosib ish”ni berishlaridan cho‘chib turadi. Agar shunday holat yuz bergan taqdirda ham biror joyga shikoyat qilishga o‘zini nohaq, deb biladi. To‘g‘ri, bunday holatlar yuzasidan shikoyatlar tushib turadi. Ularning aksariyati to‘g‘ri, deb topiladi ham. Chunki ilgari imkoniyati borlardan “rag‘batlantirilgan” xodimlar endi har bir ko‘rsatgan yordami, xizmati uchun nimadir ta'ma qilishga odatlanib qolgan bo‘ladi”, deya davom ettiriladi maqola.

Unda yozilishicha, shunday hollar ham uchraydiki, ba'zan odamlar bunday “suyunchi”larni xodimlarning qarshiligiga qaramay ularga tiqishtirishga intilishadi. Yana bunday ishlarini “agar olmasangiz xafa bo‘laman”, “buni chin ko‘ngildan berayapman” degan so‘zlar bilan oqlaydilar ham. Ba'zan bu gaplardan keyin “mukofotni” olmasdan iloji qolmaydi.

“Bunga yorqin misol yaqinda O‘zbekistondagi ommaviy telegram-kanallardan birida ko‘rsatildi. Namoyish etilgan videoda adashib qolgan bolasini topgan baxtli ota bunga ko‘maklashgan ichki ishlar bo‘limi xodimlariga “suyunchi” berishga intilayotgani ko‘rinib turibdi. Bu ota ichki ishlar xodimlarining qarshiligiga qaramay, “suyunchini” tashlab, tashqariga otilib chiqmoqda. Ehtimol u o‘zining militsiya xodimlaridan naqadar minnatdor ekanligini izhor qilmoqchi bo‘lgandir, ammo beixtiyor keyinchalik uning mavjudligidan shikoyat qilishga majbur bo‘ladigan muammoning vujudga kelishiga ko‘maklashganini o‘ylab ham ko‘rmadi. Keyinchalik ushbu voqea xususida do‘stlariga so‘zlab berganida, “albatta, men ularni quruq qo‘ymadim, shu sababli sidqidildan intilishdi” deb ham qo‘shimcha qilishi ehtimoldan yiroq emas. Bu bilan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy ko‘maklashish markazi xodimining bolani topishga sarflangan beminnat xizmati, uni izlagan va markazga keltirgan boshqa kishilarning beg‘araz yordamiga nohaq soya solindi”, ta'kidlanadi maqolada.

E'tirof etilishicha, shahar IIBB rahbariyati tomonidan huquq-tartibot organlarida korrupsiyaning ildizini qirqish, kadrlar tarkibini yangilash borasida katta ishlar qilinmoqda.

“Lekin biz tomonimizdan jalb etilgan va tarbiyalanayotgan yosh kadrlarni ham odamlar o‘z “minnatdorchiligi”, “suyunchi”lari bilan eski oqimga tortmoqda. Gap bu yerda faqat ularning bajargan biror-bir ishidan nihoyatda roziligi, minnatdorchiligi xususida emas, balki ba'zi odamlarning ana shu yo‘l bilan o‘zi sodir etgan qonunbuzarchiliklarni xaspo‘shlashga intilishadi hamdir.

Shunday vaziyatni ko‘z oldingizga keltiring: Yo‘l-patrul xizmatida o‘z vazifasiga vijdonan yondashadigan, rostgo‘y xodim ishlaydi. Kunlarning birida u yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchini to‘xtatadi. Bu odam ko‘zda yosh bilan undan ayni shu kunlarda hayotida og‘ir kunlar sodir bo‘lganligini aytib, kechirishini so‘raydi. Yo‘l-patrul xizmati xodimi o‘z vazifasiga tegishli yo‘riqnomalarni buzib bo‘lsa-da, uning ahvoliga tushunib haydovchini qo‘yib yuboradi. U esa ketish oldidan xodimning qo‘liga “minnatdorchilik”ni qistiradi. Ana shunday haydovchilarning bir nechtasiga duch kelgan va ulardan bunday “minnatdorchilik”larni qabul qilgan yo‘l-patrul xizmati xodimi keyinchalik bunday voqealarga oddiy hol sifatida qaraydigan bo‘ladi. Bir-ikki yildan so‘ng esa haydovchilarga ana shunday “rag‘batlantirishga” ishora qila boshlaydi yoki ochiqdan-ochiq beriladigan pora evaziga ularning qoidabuzarliklariga ko‘z yuma boshlaydi. Siz ana shunday yo‘l-patrul xizmati xodimiga duch kelishni istaysizmi? Albatta yo‘q! Unda bu singari xodimlarning “tug‘ilishi”ga sababchi bo‘lmang”, deya ta'kidlanadi IIBB matbuot xizmati tomonidan.

“Ham kuladigan, ham kuyadigan joyi shundaki, yo‘l-patrul xizmati xodimi qo‘lidan avval o‘zini bechorahol, og‘ir ahvolda qolgan kishi sifatida ko‘rsatib qutulgan o‘sha haydovchi oradan ko‘p o‘tmay ichki ishlar xodimlarining “pulga sotilishi” haqida hikoya qilayotganini eshitsangiz hayron bo‘lmang. Bunday paytlar ular negadir o‘zlarini o‘sha xodim oldida “yolvoraman, ahvolimga tushuning, jon aka!” deya yalinib turgan lahzalarini va uning qo‘liga pul tiqishtirayotganini unutib qo‘yishadi.

Poraxo‘rlik sodir bo‘lganligi haqidagi voqeadan ogoh bo‘lib, buni yashirgan shaxs porani bergan yoki olgan kishidek bir tarzda aybdordir. Rivojlangan hech bir jamiyatda mas'uliyatdan qochish rag‘batlantirilmaydi. Javobgarlikdan qochadigan shaxsni ular munosib inson, deb hisoblamaydi. To‘g‘ri, har kim ham xato qilishi mumkin, lekin asosiy ko‘rsatkich uning keyin o‘zini qanday tutishi, qilgan ishi uchun javobgarlik hissini tuyushidadir. Yo‘l harakati qoidasini buzganligingiz uchun hujjat rasmiylashtirilsa, avtomobilingiz jarima maydonchasiga olib ketilsa, buning uchun jarima to‘lasangiz behuda talvasaga tushmasligingiz lozim. Yo‘l harakati qoidasini buzdingizmi – huquqiy inson sifatida javobgarlikni ham bo‘yningizga oling.

Korrupsiya atalmish “maxluq”ning uchinchi “jozibador” tomoni – odamlardagi o‘z hayotini mayda-chuydalardan xoli qilishga bo‘lgan jilovlanmagan intilishdir. Misol uchun, shifokorlar ko‘rigidan o‘tishga vaqt sarflamay poliklinikadan dalolatnoma sotib olish, boshqalarga o‘xshab navbat kutmay biror-bir xizmat ko‘rsatilishini pul evaziga tezlashtirish shular jumlasidandir. Bular vaqtdan yutishning faqat ikkita “oddiy va beg‘araz” usuli emas, balki bolalaringizning ham kelgusida qonunbuzarlik orqali o‘z ishini “tez va soz” bitkazishga o‘rgatuvchi siz ko‘rsatgan mash'um bir misoldir. Ya'ni ular ana shunday qonunbuzarliklarga sizning xatti-harakatlaringiz timsolida o‘rganib borishadi.

Uning bilan mag‘rurlanish mumkin bo‘lgan kelajakni ko‘rmoqchimisiz?

Bugundanoq turmush va fikrlash tarzingizni o‘zgartiring. Atrofingizdagilarni ham shunga undang. Qonun-qoidalar buzilishiga yo‘l qo‘ymang. Avvalo, yo‘lda avtomobil tezligini oshirmang, qo‘shnilar eshigining oldiga chiqindilarni tashlamang, bahslashganda boshqalar sha'nini kamsitmang – bunda ham vaqtdan, ham puldan tejaysiz. Oqibatda o‘zingizga ham, jamiyatga ham foyda. Biror-bir ish siz o‘ylaganchalik bitmaydi, degan hayolda “mukofot” puli berishga shoshilmang. Agar natija sizni qoniqtirmasa bu haqda ulardan yuqori idoralarga xabar berishingiz, sanksiyalar qo‘llanilishiga erishishingiz mumkin. Agarda pora berishga undash hollariga duch kelsangiz belgilangan tartibda tegishli organlarga o‘z vaqtida murojaat qiling.

Yo‘l qo‘ygan xatolaringiz uchun mas'uliyat hissini tuyushni o‘rganing. Jarimani davlat xazinasiga yoki biror-bir xodimning cho‘ntagiga to‘lash – boshqa-boshqa narsa ekanligini unutmang. Biri qonuniy bo‘lsa, boshqasi jinoyatdir. Bunda pensiya to‘lashga, maktablarni va shifoxonalarni ta'mirlashga sarflanadigan davlat budjetini to‘ldirish begona cho‘ntakni qappaytirish hamda shu bilan birga korrupsiyaga yo‘l ochishdan afzalligini unutmang.

Agar sizga biror xizmat ko‘rsatishsa “rahmat”ni pul bilan emas, oddiy so‘z bilan aytishga o‘rganing. So‘z bilan minnatdorchilik bildiring, yordamingizga muhtojlardan ko‘magingizni ayamang. Bu bilan xayrli ish qilgan bo‘lasiz. Keksalarga hovli-joyini tartibga keltirishga ko‘maklashing, qariyalar uyida yashovchilarga e'tibor ko‘rsating. Bizning Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazimizga oziq-ovqat mahsulotlari bilan yordam bering. Boshqalarga yaxshilik qilish, himmat ko‘rsatishning yo‘li ko‘p – o‘zingiz tanlang.

Ana shunda “korrupsiya” atalmish “maxluq” halokatga mahkum bo‘ladi. Faqat shundagina siz o‘zingizga va farzandlaringizga haqiqatdan ham mag‘rurlanish mumkin bo‘lgan kelajakni sovg‘a qilgan bo‘lasiz”, deya ta'kidlanadi maqolada.

Ko‘proq yangiliklar: