O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi Osiyo kinokomissiyalari assotsiatsiyasiga qo‘shiladi

Jamiyat 18:44 / 20.03.2019 1543

Ayni kunlarda O‘zbekiston milliy kinokomissiyasining yosh kinoijodkorlardan tashkil topgan delegatsiyasi Yoshlar ittifoqi ko‘magida Osiyodagi yirik kino tadbir − Gonkongda 23-Xalqaro kino va televideniye bozori FILMART (Hong Kong International Film&TV Market)da ishtirok etmoqda.

Kinobozor doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining Osiyo kinokomissiyalari assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashuvi tashkil qilindi. 

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston milliy kinokomissiyasining assotsiatsiyaga a'zo bo‘lishiga doir masalalar muhokama qilindi. Muhokamalar yakunida tomonlar O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi va "PROlogue" Xalqaro kinofestivalining taqdimoti Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Xalqaro Pusan kinofestivali doirasidagi Osiyo kinokomissiyalari assotsiatsiyasining Bosh assambleyasida taqdim etilishiga kelishib olishdi.

Bosh assambleyada a'zolik qo‘lga kiritilgandan so‘ng O‘zbekistondagi kinolokatsiyalar haqidagi ma'lumot har oy katta tirajdagi jurnallarda butun dunyoga tarqatiladi, shu bilan birga O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi Osiyo assotsiatsiyasining to‘laqonli a'zosi sifatida xalqaro kinofestivallar va kinobozorlarda tizimli ravishda ilgari suriladi.

Assotsiatsiyaga Malayziya, Singapur, Indoneziya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Iordaniya, Rossiya, Yangi Zelandiya kabi yirik mamlakatlar a'zo hisoblanadi.

Mamlakatning xalqaro kinofestivallar va kinobozorlardagi doimiy ishtiroki, yosh iqtidorli kino ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash istiqbolli tendensiyaga ega bo‘lib, O‘zbekistonda kinoturizmni rivojlantirishda ulkan ahamiyatga egadir.

Ko‘proq yangiliklar: