UYeFA Ronaldu ustidan intizomiy ish qo‘zg‘adi

Sport 16:52 / 18.03.2019 20317

«Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu YeChL 1/8 finalining «Atletiko»ga qarshi javob o‘yinidagi (3:0) gollaridan birini nishonlash vaqtidagi xatti-harakatlari uchun UYeFA tomonidan sanksiyaga duch kelishi mumkin.

UYeFA matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, tashkilot portugaliyalik futbolchiga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘agan. Tegishli qo‘mitaning bu boradagi qarori 21 martda ma'lum qilinadi.

UYeFAning ayni masalaga e'tibor qaratishi haqida OAV avvalroq xabar topgan edi. Matbuotdagi ma'lumotlarga qaraganda, Ronaldu jarimaga tortilishi yoki YeChLda bir o‘yindan uchta o‘yingacha chetlatishi mumkin.

Bu holatda Krishtianu «Ayaks»ga qarshi chorak final o‘yinlarini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lishi ehtimoli bor. «Yuve» kecha uning ishtirokisiz kechgan «Jyenoa»ga qarshi A Seriya bahsida mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini tan olgandi – 0:2.

Eslatib o‘tamiz, «Atletiko» bosh murabbiyi Diyego Simeonega nimchorak finalning g‘alaba bilan yakunlangan dastlabki o‘yinida (2:0) shunga o‘xshash harakati uchun 20 ming yevro jarima solingandi.

Turinliklar chorak finalni 10 aprel kuni Amsterdamda boshlab, 16 aprelda o‘z maydonlarida yakunlashadi.

Ko‘proq yangiliklar: