Hukumat qarori loyihasi: dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligi oshiriladi

O‘zbekiston 15:38 / 18.03.2019 14493

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, barcha shart-sharoitlar yaratib berilishiga qaramasdan, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan ajratilgan yer uchastkalariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmaslik holatlari ko‘plab kuzatilmoqda.

Xususan, 2018 yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, respublika bo‘yicha 69,4 ming ta tomorqa yer egalari tomonidan 4,0 ming gektar, jumladan Samarqand viloyatida 995 gektar, Surxondaryo viloyatida 649 gektar, Qashqadaryo viloyatida 624 gektar, Navoiy viloyatida 384 gektar, Andijon viloyatida 294 gektar tomorqa yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilmaganligi aniqlangan.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklarining takliflarini inobatga olib, quyidagilar:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalari ekin yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish ko‘rsatkichlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining prognoz ko‘rsatkichlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qilishning prognoz ko‘rsatkichlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun talab etiladigan urug‘lik, mineral o‘g‘it va yoqilg‘i-moylash materiallari hajmlari va mablag‘lari hisob-kitobi tasdiqlanishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi:

tuman hokimliklari tomonidan har bir hududning ixtisoslashuvi, tuproq-iqlim sharoiti, suv ta'minotini inobatga olgan holda, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kesimida qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirish prognoz hajmlari ko‘rsatkichlarini tasdiqlash;

dehqon xo‘jaliklari va tomorqa ekin yerlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun urug‘lik, mineral o‘g‘it va yoqilg‘i-moylash materiallarini belgilangan tartibda yetkazib berish;

qishloq xo‘jaligi ekinlari, bog‘ va tokzorlarni kasalliklar, zararkunandalar va begona o‘tlardan himoya qilish uchun talab etiladigan kimyoviy preparatlar bilan ta'minlash va agrokimyo xizmatlari ko‘rsatish;

vegetatsiya davrida qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ta'minlash va sug‘orishni tashkil etishda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga amaliy yordam ko‘rsatish topshiriladi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ishlarini tashkil etish uchun “Tomorqa xizmati” MChJlari orqali 28 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda Jamg‘armadan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan “Tomorqa xizmati” MChJlari tomonidan dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga shartnoma asosida urug‘lar, ko‘chatlar va boshqa zarur moddiy resurslarni yetkazib berilishini tashkil etish topshiriladi.

Belgilab qo‘yilishicha, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kesimida tasdiqlangan qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekilishi va mahsulot yetishtirilishini ta'minlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar 4 ta sektorlar rahbarlari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi mas'ul hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari, hududiy qishloq xo‘jalik boshqarmalari va Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari tuman hokimliklari bilan birgalikda tumanlardagi 4 ta sektor va mahalla fuqarolar yig‘inlari kesimida aholi xonadonlariga ekin ektirish va mahsulot yetishtirish prognoz ko‘rsatkichlarini tasdiqlaydilar va ijrosini nazoratga oladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bilan birgalikda mazkur qaror bilan belgilangan dehqon xo‘jaliklari va tomorqa ekin yerlarida ekish mavsumining yakuni bilan ekinlarni o‘lchovdan o‘tkazadi va natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.

Ko‘proq yangiliklar: