AQShdagi imtihon mashmashasi figurantlaridan 500 milliard dollar talab qilinmoqda

Jahon 18:38 / 18.03.2019 9292

Oklendda yashovchi Jyennifer Key Toy AQShning nufuzli oliy ta'lim muassasalariga abituriyentlarni noqonuniy yo‘l bilan o‘qishga qabul qilganlik, imtihonlardan o‘tishida noqonuniy ko‘mak berganlikda ayblanayotgan shaxslardan 500 milliard dollar talab qilmoqda. Uning aytishicha, Jyenniferning o‘g‘li imtihon jarayonida yuz bergan qing‘irliklar tufayli o‘qishga kirolmagan. 

Hollivud yulduzlari, mamlakatda katta obro‘ga ega top menejyer va ayrim davlat amaldorlari nufuzli ta'lim muassasalari, jumladan Stenford va Yyel xodimlariga pora bergani OAVga ma'lum bo‘lgandi. Ta'kidlanishicha, maorifdagi yirik korrupsiya ishiga pora beruvchilarning farzandlarini imtihondan o‘tkazish, o‘qishga qabul qilish sabab bo‘lgan.

AQSh Federal prokuraturasi oltita oliy ta'lim muassasasida ishlagan 50 nafar xodimga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ular 25 million dollardan ortiq pora olganlikda ayblanyapti. Tergov organi mazkur ishning masshtabi o‘sib borishi, ayblanuvchilar soni ko‘payishini istisno etmagan. 

Kaliforniya shtatida istiqomat qiluvchi Jyennifer Key Toy esa San-Fransisko sudiga murojaat qilib, o‘g‘li Joshua yillar davomida korrupsiya ishida nomi ta'kidlangan muassasalarga o‘qish uchun hujjat topshirgani, ammo unga rad javobi berilganini aytdi.

«Boshqa abituriyentlar kabi Joshuada ham yaxshi imkoniyati bor edi. Lekin oshkor etilmagan sababga ko‘ra u qabul qilinmadi», — deydi u. 

Massachusets prokuraturasi Jyenniferning murojaatini jiddiy qabul qilmasa-da, o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, ariza ishga qo‘shilishini ma'lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: