Tonusdagi «Paxtakor», Surxonga katta futbol qaytishi va «duranglar epidemiyasi» - Superligada 1-tur yakunlari

Sport 19:20 / 17.03.2019 12505

16 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 1-tur o‘yinlari yakunlandi. Toshkentning ikki klubi «Paxtakor» va «Lokomotiv» Chempionlar Ligasida ishtirok etayotgani sababli bu jamoalar ishtirokidagi turni yakunlab bergan o‘yin 16 martga surilgandi. Tribuna.uz Superliga 1-turining diqqatga sazovor voqealarini eslaymiz.

Qaytish

«Surxon» 15 yildan so‘ng yuqori divizionga qaytdi. Oxirgi marta 2004 yilda Oliy Ligada o‘ynagan «Surxon»ning yana yuqori divizionda o‘ynashi Surxondaryodagi muxlislar uchun katta xushxabar bo‘ldi. Yangi mavsum oldidan bir necha marta murabbiyni o‘zgartirgan surxonliklar oxir-oqibat yangi mavsumni Andrey Miklyayev bilan boshlashga qaror qilishdi. O‘tgan mavsumdan buyon «Surxon»ni Igor Shkvirin, Dilshod Nuraliyev, Ilhom Mo‘minjonov va Anvar Soliyev kabi murabbiylar ham qo‘lga olishgandi. Klub ko‘plab yaxshi futbolchilar bilan shartnoma imzoladi va kurashuvchan jamoaga aylanishga urinmoqda.

Uzoq yillik qaytishdan keyingi ilk o‘yinni «Surxon» o‘z maydonida «Metallurg»ga qarshi o‘tkazdi. Avvaliga Sherzod Hakimovning goli evaziga hisobda oldinga chiqib olgan mezbonlar g‘alabani ushlab qola olishmadi. 89-daqiqada Abbos Otaxonov bekobodliklarga bir ochko keltirgan golga mualliflik qildi.

Yangilangan «Nasaf»

1-turning qiziqarli o‘yinlaridan biri Samarqandda o‘tkazildi. Xuddi «Surxon» kabi tushunarsiz tarzda yuqori divizionga qaytgan «Dinamo» Qarshining «Nasaf» klubini qabul qildi. Bu o‘yinda muxlislar yana yangilangan «Nasaf» o‘yiniga guvoh bo‘lishdi. Yangilangan «Nasaf» iborasi oxirgi yillarda ko‘p ishlatildi. Chunki, «Nasaf» yetakchilari har mavsum yakunida jamoani tark etishi odatga aylandi. Biroq Ro‘ziqul Berdiyev bor imkoniyatdan foydalanib, yangi jamoa tuzgani ko‘rindi.

Bu galgi «Nasaf» chempionlik uchun kurashib, ikkinchi o‘rinni olgan, Arveladzening «Paxtakor»ini 4:0 hisobida yenggan «Nasaf»dan farq qiladi. Unda jamoada boshqa klublardan kelgan futbolchilar ham ko‘p edi. Hozirgi «Nasaf» asosan akademiya futbolchilaridan tarkib topgan. Berdiyev chempionlik uchun kurashadigan jamoasi o‘tgan mavsumda o‘rtamiyonaga aylanib qolganidan jahli chiqqanini Samarqanddagi o‘yindan so‘ng «Bizda chempionlik uchun kurashish imkoniyat yo‘q», deganidan bilish mumkin.

Shunday bo‘lsa-da, murabbiy Qarshida yangi futbolchilarni kashf qila oldi. G‘olib G‘aybullayev, Umid Ergashev va Dilshod Saitov endilikda asosiy tarkib futbolchilariga aylanishgan. O‘tgan mavsumdagi jamoa yetakchilari Bobur Abduxoliqov, Sharof Muhiddinov va Umar Eshmurodov bu mavsum yangi darajaga ko‘tarilishini kutsak bo‘ladi.

Xunuk yakunlangan vodiy derbisi...

1-turning markaziy o‘yinlaridan bo‘lgan «Navbahor» - «Qo‘qon-1912» uchrashuvi vodiydagi stadionlar mavsumga tayyor bo‘lmagani sabab Toshkentda o‘tkazildi. Poytaxtagi Temiryo‘l muhandislari instituti stadionida kechgan o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi. Bu o‘yinning eng diqqatga sazovor voqeasi u tugaganidan so‘ng sodir bo‘ldi. «Navbahor» muxlislari kutilmaganda maydondan chiqib ketayotgan «Qo‘qon-1912» futbolchilariga turli buyumlar uloqtirishdi. Katta ehtimol bilan «Qo‘qon-1912» futbolchilaridan birortasi «Navbahor» muxlislariga qarata provakatsion harakatni amalga oshirgan va bu muxlislarga yoqmagan.

Fojia...

«Navbahor» - «Qo‘qon-1912» o‘yinidan keyin butun mamlakatdagi muxlislarni qayg‘uga solgan voqea sodir bo‘ldi. O‘yinni ko‘rish uchun Toshkentga borib, ortga qaytayotgan «Navbahor» muxlislari To‘raqo‘rg‘on tumani hududida avtohalokatga uchrashgan. Qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan «Damas» bilan to‘qnashib ketgan «Neksiya»da «Navbahor»ning 5 nafar muxlisi bo‘lgan. Ulardan ikki nafari halok bo‘lgan. Bu holat barchani qayg‘uga soldi. «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze «Lokomotiv»ga qarshi o‘yindan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanidagi so‘zini aynan halok bo‘lgan «Navbahor» muxlislari oilasiga hamdardlik bildirish bilan boshladi.

Juda kuchli «Paxtakor»

Toshkentning «Paxtakor» klubi mavsumni juda yaxshi boshladi. Arveladze jamoasi Chempionlar Ligasida 4ta o‘yinda qatnashdi va ularning 3tasida g‘alaba qozondi. Xalqaro maydondagi ajoyib start «Paxtakor»ning chempionatni ham yaxshi boshlashiga ishora qilayotgandi va barchasini maydonda ko‘rish qolgandi, xolos. 1-turni amaldagi chempion «Lokomotiv»ga qarshi boshlagan «Paxtakor» mavsumdagi eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi. Derbi taqdirini 10 daqiqa ichida hal qilib qo‘ygani Arveladze jamoasining aqlli o‘yin ko‘rsatganini anglatadi.

«Lokomotiv» bilan o‘yinda «Paxtakor» bu yil O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘lish uchun kim asosiy da'vogar ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. O‘tgan yillar har xil legionerlar sotib olishga e'tibor bergan «Paxtakor» kerakli natijaga erisha olmadi va bu siyosat xato ekanini angladi. Shu sabab jamoa bu yil kuchli mahalliy futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olishga e'tibor qaratdi. Doston Hamdamov, Marat Bimayev, Javohir Siddiqov va yana ko‘plab mamlakatning ko‘zga ko‘ringan futbolchilari endilikda o‘zbek futboli bayroqdori safida harakat qilishmoqda. Bu transferlar o‘zini oqlaganini esa natijalar va o‘yin ko‘rsatib turibdi. «Paxtakor» hozirdan o‘zining tonusiga chiqib borayotgani futbolimizning yutug‘i, bizningcha.

«Duranglar epidemiyasi» ortidan g‘alabalar

Superliga 1-turining dastlabki 5ta o‘yini durang natija bilan yakunlangani hayratlanarli bo‘ldi. «Qizilqum» – «Andijon» (1:1), «Dinamo» – «Nasaf» (1:1), «Surxon» – «Metallurg» (1:1), OKMK – «Buxoro» (0:0), «Navbahor» – «Qo‘qon-1912» (1:1) o‘yinlarida g‘olib aniqlanmadi. Biroq turning oxirgi ikki o‘yinida g‘alabalar kuzatildi. «So‘g‘diyona» oxirgi daqiqalarda «Bunyodkor»ni yenggan bo‘lsa (2:1), «Paxtakor» amaldagi chempion «Lokomotiv»ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi (3:1).

Tur qahramoni

1-turning eng yaxshi futbolchisi, shubhasiz, Dragan Cheran bo‘ldi. «Paxtakor»da o‘zining yangi qirralarini namoyish qilayotgan serbiyalik futbolchi endilikda markaziy hujumchi sifatida emas, biroz orqaroqda o‘ynamoqda. Arveladze uning aniq to‘p uzatish qobiliyatidan unumli foydalanmoqda. Cheranning «Lokomotiv» darvozasiga urgan ikkinchi goli shunchaki shedevr bo‘ldi. Hozirdan aytishimiz mumkinki, bu mavsumning eng chiroyli gollaridan biri bo‘ladi.

Turnir jadvalidagi holat

Ko‘proq yangiliklar: