Samarqandda xalqaro ko‘pkari musobaqasi tashkillashtirildi - video va fotolar

O‘zbekiston 21:10 / 17.03.2019 69216

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan xalqaro ko‘pkari musobaqasi o‘tkazildi. Musobaqa tashkillashtirilgan Jomboydagi bu soylik chavandozlar o‘rtasida “General maydon” nomi bilan mashhur.

 

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur ko‘pkari musobaqalarida respublikamizning turli viloyatlari, shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istondan kelgan 500 dan ziyod chavandoz polvonlar ishtirok etishdi.

Maskanga o‘tovlar tikildi. Minglab odamlarga issiq taom va ichimliklar sotuvi yo‘lga qo‘yildi. Tomoshabinlarning avtomobillari uchun juda keng maydonda avtoturargoh tayyorlanib, YPX inspektorlari navbatchiligi tashkil etildi. Milliy gvardiya va viloyat IIB PPX xodimlari esa qariyb 3 gektarlik maydon bo‘ylab tomoshabinlarning xavfsizligini ta'minlab turishdi. Maydon changimasligi uchun suv sepib turildi.

O‘n minglab tomoshabinlar ko‘z o‘ngida kechgan xalqaro ko‘pkari musobaqasining yakkalik kurashlarida ikki marra o‘rtasida borish va qaytish uchun alohida 32 marta solim solindi.

Sovrin uchun 14 bosh tuya, 24 bosh toy, 25 bosh tana, 15 ta televizor, 13 ta muzlatkich, 14 ta kir yuvish mashinasi, 47 ta gilam, 8 komplekt maxsus sport kiyimi, 10 bosh uloq, 75 million so‘m mablag‘ hamda viloyat hokimining bosh sovrini — Chevrolet Lacetti avtomobili tikildi.

Yakkalik musobaqalar o‘rtasida O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘rtasida jamoaviy o‘yin ham o‘tkazildi va unda o‘zbekistonlik chavandozlar 3:2 hisobida g‘olib bo‘lishdi.

Ko‘pkarida chavandozlardan ham ko‘ra otlar mashhur bo‘ladi. Ularning laqablari ham turli-tuman: “Tayson”, “K-700”, “Bo‘ron”, “Baron”, “Oligarx”, “Kobra” va hokazo.

Bosh sovrin uchun qo‘yilgan uloq payariqlik Eldor Boymatovning “Panterra” laqabli otida g‘allaorollik polvon Orif Shodiyorovda ketdi. G‘olibga avtomashina kalitlarini Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov shaxsan o‘zi topshirdi.

Ko‘pkari musobaqasini ko‘plab xorijlik sayyohlar ham o‘zgacha zavq bilan kuzatishdi. Viloyat hokimligi tomonidan qo‘shni davlatlardan kelgan mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Afg‘onistondan tashrif buyurgan mehmonlar ko‘pkarini tashkillashtirgan viloyat va tuman rahbarlariga to‘n yopishdi.

Kech kuzda, hosil bayrami munosabati bilan “General maydon”da yana ko‘pkari musobaqasi o‘tkazilishi e'lon qilindi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: