Jomboyda uyidan ajralayotganlar adolat istamoqda. Muammoga yechim bormi?

Jamiyat 21:34 / 17.03.2019 27552

Prezidentning 2018 yil 20 apreldagi PF–5421-sonli farmoniga ko‘ra, fuqarolarga noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga belgilangan tartibda mulk huquqi berilmoqda.

Farmon asosida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi 461-sonli qarori qabul qilindi va «Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish tartibi to‘g‘risida» Nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizom talablariga to‘g‘ri kelmaydigan uy-joylarga mulk huquqi e'tirof etilmaydi.

Ushbu jarayonda noqonuniy qurilishga egalik huquqini olishni istagan fuqarolar va mahalliy hokimlik, mutasaddi tashkilotlar orasida turli nizolar va tushunmovchiliklar kelib chiqayotgani bor gap.

Kun.uz tahririyatiga ham aynan shu mazmundagi murojaatlar ko‘plab kelmoqda. Shunday murojaatlarning navbatdagisi Samarqand viloyati, Jomboy tumanidagi «A.Qurbonov» mahallasi aholisidan keldi.

Mahalladagi 20ta xonadonda yashayotgan aholi ayni vaqtda tuman hokimligi tomonidan noqonuniy qurilgan deb topilgan uy-joylariga egalik huquqi berilmayotganidan shikoyat qilgan.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Jomboy tumanida bo‘lib, mahalla aholisi bilan suhbatlashdik.

«Bir necha yillardan buyon biz yashab kelayotgan «Beruniy» ko‘chasidagi 20 xonadonga noqonuniy qurilganlik vaji bilan egalik huquqi berilmay kelinmoqda. Prezidentimiz farmoni va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida xonadonlarga egalik huquqi so‘rab, tuman davlat xizmatlari markaziga ariza bilan murojaat qildik. Lekin mazkur uy-joylar joylashgan hudud tuman bosh rejasiga asosan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hududida joylashganligi hamda ushbu yer maydonlari uy-joy qurilishi uchun mo‘ljallanmagani uchun egalik huquqi berilmayapti. Ammo biz o‘zimizcha yerni egallab olmaganmiz va o‘zboshimchalik bilan ham uy qurmaganmiz. Bu yerlarni 2010-2011yillarda avvalgi tumani hokimi vaqtida olganmiz. Yer ajratishda qatnashgan hokimlik vakillari hammamizga hokim qarorini olib kelib berishni va'da qilishdi. Tuman hokimi ishdan bo‘shab ketdi. Eshitishimizcha, noqonuniy ishlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ammo bizda nima ayb? Yer berildi, uy qurib yashab kelmoqdamiz. Hozirgi tuman rahbariyati egalik huquqi berishni istamayapti. Axir, yigirmata xonadonda yashayotgan 100dan ortiq kishi qayerga boradi, ayrim mansabdor shaxslarning noqonuniy ishlari deb, uy-joysiz qolib, jabr ko‘rib qolaveramizmi?

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Past Darg‘om tumanida sayyor qabul o‘tkazganda umid bilan 20ta xonadon vakillari Juma shahriga bordik. Hokim bizni eshitib, muammomizni hal qilishni viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziqulovga topshirgandi. Ro‘ziqulov kelib uy-joylarimizni ko‘rdi va bir hafta muddatda muammoni hal qilishini aytdi. Belgilangan muddat tugagach, viloyat hokimligiga natijani bilish uchun bordik. Lekin bizga hatto javob xatini ham topib bera olishmadi. Tuman hokimi Umid Nazarovning «Zarafshon» mahallasidagi sayyor qabuliga borganimizda hokim bizni tinglashni ham istamadi», – deydi mahalladagi «Beruniy» ko‘chasida yashovchilar.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, haqiqatan ham ushbu ko‘chadagi xonadon egalarining ayrimlarida egalik huquqini tiklash bo‘yicha tumanning sobiq hokimi B.Nurmixanmedovning qarori bor. Ammo xonadon o‘zboshimchalik bilan qurilgani vaji bilan egalik huquqini berish endilikda rad etilmoqda.

Tumanning o‘sha vaqtdagi rahbar va mutasaddilari va'dalari bilan fuqarolar 2010 yildan boshlab uy-joy qurib yashab kelmoqda. Egalik huquqi berilmayotgani tufayli 20ta xonadonda istiqomat qilayotgan 100dan ortiq kishi arosatda qolgan.

Ajablanarlisi, bir qator qilib qurilgan uylarning 2 va 4 xonadonlarga 2018 yilda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan. Nega shu qatordagi boshqa uylarga hujjatlar rasmiylashtirib berilmayapti?

Ushbu holat yuzidan Jomboy tumani hokimligi mutasaddilari bilan suhbatlashdik.

«Ushbu xonadonlar qurilgan yerlar tumanning 2008 yilda tasdiqlangan bosh rejasiga asosan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga mo‘ljallangan yerlardir. Qolaversa, bu qurilgan uylar «Mirzaariq» arig‘i muhofazasi hududiga ham o‘tib ketgan. Shuning uchun ushbu noqonuniy qurilgan uylarda yashayotgan fuqarolarning egalik huquqini so‘rab qilgan murojaati rad etilgan», – deydi tuman bosh arxitektori I.Rashidov.

Ammo hududni kuzatishimiz davomida shu ko‘cha yaqinida, «Mirzaariq» arig‘iga bu uylardan-da yaqin masofada namunali uy-joylar qurilganini ko‘rish mumkin. Namunali uy-joylar qurilayotganda nega «Mirzaariq» arig‘ining muhofaza hududi hisobga olinmagani tushunarsiz holat.

Qolaversa, bu yerlar aholiga 2010-2013 yillar oralig‘ida berilgan. Tuman bosh rejasi esa 2008 yil tasdiqlangan. Nega unda bu yerlar aholiga berilishida avval tasdiqlangan tuman bosh rejasi hisobga olinmagan? Va ayni vaqtda arosatda qolayotgan odamlarda nima ayb? Ular 2010 yildan buyon qurilish ishlarini amalga oshirib, uy-joylarni tiklab, yashab kelmoqda. Tuman bosh rejasi 2008 yilda tasdiqlangan bo‘lsa, bu uylar qurilishida aholiga tumanning birorta mutasaddisi e'tiroz bildirmagan-ku?! O‘sha savol: arosatda qolib, jabr chekayotgan aholida tumanning avvalgi rahbar va mutasaddilari «o‘yini»da nima aybi bor?

Biz bilan suhbatlashish va aholi bilan uchrashish uchun kelgan Jomboy tumani hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Xudoyorov aholi bilan suhbatda gapni «Bu saytga murojaat qilganlaring bilan muammo hal bo‘lganda o‘zim bilardim», qabilida gap boshlagan bo‘lsa, biz bilan suhbat davomida bu joylarga avvalgi hokim bergan bo‘lsa, o‘zlari javob beradi, deya bu muammoning kelib chiqishini avvalgi rahbariyatga ag‘darib qo‘yaqoldi. Ammo bu muammo ayni vaqtda ham mavjud. Tumanning hozirgi mutasaddilari avvalgi rahbariyatni ayblash bilan cheklansa, unda muammoga kim yechim topadi?

Bundan tashqari, ushbu uylar qatorida joylashgan ayrim xonadonlarga kadastr hujjatlari 2018 yilda rasmiylashtirib berilgan. Nega bu holatda tumanning 2008 yilda tasdiqlangan bosh rejasi hisobga olinmagan?

Bu savolga tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Xudoyarov, tuman bosh arxitektori I.Rashidov va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga mas'ul tashkilot mutasaddisi ham tayinli javob bera olmadi.

Jomboy tumani hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Xudoyorov bu yerlarni bergan tumanning sobiq rahbari jinoiy javobgarlikka tortilganini takror ta'kidlar ekan, ammo o‘sha payti ajratilgan bu yerlar masalasi sud jarayonida ochiq qoldirilganini bildirdi.

O‘rganish jarayonida bir-biriga zid bo‘lgan holatlarni ko‘rish mumkin.

1. Tumanning bosh rejasi 2008 yilda tasdiqlangan. Shu sababli bu uylarga mulk huquqi berilmayapti.

2. Ushbu yer uchastkalari aholiga tumanning avvalgi hokimi va mutasaddilari tomonidan 2010-2013 yillar oralig‘ida ajratib berilgan. Nega 2008 yil tasdiqlangan bosh reja hisobga olinmagan?

3. «Beruniy» ko‘chasidagi 20ta xonadonning ayrimlariga 2018 yilda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib berilgan. Bunda yuqoridagi holatlardan ko‘z yumilgan. Nega shu qatordagi qolgan uylarga bu hujjatlar rasmiylashtirilib berilmayapti?

4. Tuman mutasaddilari ushbu uylarni «Mirzaariq» muhofaza hududiga o‘tib ketganini vaj qilib ham ko‘rsatishmoqda. Shu uylarning yonidan bu xonadonlardan-da ariqqa yaqin qilib namunali uy-joylar qurilgan. Unda nega bu muhofaza hududi hisobga olinmagan? Bu xonadonlarga kelganda esa muhofaza hududi esga olinyapti.

5. Ushbu yerda tumanning avvalgi hokimi yer ajratib bergandan keyin 2010-2013 yillar oralig‘ida aholi tomonidan uy qurish ishlari boshlangan. Shu vaqtgacha yashab kelishmoqda. Nega tuman hokimligi va tegishli tashkilotlar o‘sha payti tumanning bosh rejasini esga olib, ularni bu ishdan to‘xtatishmagan?

Barchasi doira shaklida bir-biriga zid holatlar. Bundan faqat aholi aziyat chekmoqda. Tumanning avvalgi mutasaddilari bir-biriga zid bo‘lgan ushbu holatlarni keltirib chiqargan bo‘lsa, hozirgi tuman hokimi bu xonadonda yashayotgan aholini eshitishni istamasa, tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bor aybni avvalgi rahbariyatga ag‘darish bilan cheklansa, o‘rtada aholi jabr ko‘rib, adolat topolmasa, muammo qanday yechim topadi?

Ushbu xonadonlarda yashayotgan aholining ta'kidlashicha, bu muammo yuzasidan tumani hokimi ularni eshitishni istamayapti. Tuman mutasaddilarining qo‘pol muomalasidan fuqarolar bu masala yuzasidan qayta murojaat qilishga jazm etisholmayapti.

Aholining ushbu e'tirozlarini Jomboy tumani hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Xudoyorov rad etgan bo‘lsa, tuman hokimi Umid Nazarov bilan bu masalada uchrashishning imkoni bo‘lmadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Samarqand viloyatida 70 mingdan ziyod o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylar bor. Prezidentning 2018 yil 20 apreldagi PF–5421-sonli farmonidan keyin o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarga  egalik huquqi berish yuzasidan 40 mingga yaqin ariza qabul qilingan. Shu kungacha 12 mingdan ziyod o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarga egalik huquqi berish bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan. (Demak 30 mingdan ziyod aholi hali ko‘p joylarga murojaat qilishi mumkin).

Achinarlisi, saytga kelayotgan murojaatlarga ko‘ra, ayrim tumanlarda fuqarolarning arizalari qabul qilingan, komissiya tomonidan o‘rganilgan va IJOBIY XULOSA BeRILGAN qator uylarga ham egalik huquqi berish ortga surib kelinmoqda. Nizom talablariga to‘g‘ri kelmagan uylar o‘z yo‘liga, ammo ijobiy xulosa olinganlari-chi? Ko‘p hollarda tegishli komissiya tomonidan ijobiy xulosa qilingan arizalar yuzasidan ham noma'lum sabablarga ko‘ra tumanlar hokimlarining qarorlari qabul qilinishi paysalga solinayotganidan nimani tushunish mumkin? Umuman, bir martalik aksiyaning maqsad-mohiyatini hamma hokimlik ham to‘g‘ri tushunyaptimi? Ertaga, aksiya muddati tugagach, yuz minglab fuqarolar yana shu muammo bilan qolmaydimi?

Kun.uz Samarqand viloyati va Jomboy mutasaddilari tumandagi «A.Qurbonov» mahallasi, «Beruniy» ko‘chasidagi 20ta xonadonda yashayotgan aholining ushbu muammosiga tegishli tartibda yechim topishiga ishonch bildiradi.

Viloyat mutasaddilari va tuman hokimi 100dan ortiq kishi ko‘chada qolmasligi uchun tuman bosh rejasiga o‘zgartirish kiritish yuzasidan tashabbus ko‘rsatib, lozim bo‘lsa, ushbu vakolatga ega bo‘lgan Vazirlar Mahkamasiga tegishli tartibda taklif kiritishi ham mumkin. Chunki, bu o‘rinda aholida ayb yo‘q. Ular faqat ayrim mansabdor shaxslar tufayli jabr ko‘rmoqda.

Kun.uz sayti yaqinda Jomboy tumanidagi «O‘rtabo‘z» mahallasi aholisining xuddi shu kabi muammosini o‘rgangan edi.

Bu esa mazkur tumanda ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini amalga oshirishda yetarlicha muammolar borligini ko‘rsatib turibdi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: