Farg‘onada «Har maskanda 100 ko‘chat» aksiyasi o‘tkazildi

Jamiyat 20:56 / 17.03.2019 2437

O‘zbek xalqining hammadan ajralib turadigan, o‘zligini ko‘rsatadigan o‘ziga xos fazilatlari bisyor. Jumladan, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, xayr-saxovat, yiqilganni suyash, bir-biriga madadkor bo‘lish, tozalik-ozodalikka e'tibor berish, kam ta'minlangan, ko‘ngli o‘ksik qalblarning ko‘nglini ko‘tarib, ularga mehr ulashish kabi tuyg‘ulari qonida bor bu elning – bahor fasli, yangilanish va yosharish fasli boshlanishi bilan amalga oshiradigan barcha ezgu ishlarida yuqorida zikr qilingan tuyg‘ular butun bo‘y-basti bilan o‘z hayotiy ifodasini topadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bahor kelishi bilan tabiat uzoq qish uyqusidan uyg‘onib jonlanadi, o‘simliklar nish urib chiqadi, yurtimiz va xalqimizning qut-barakasi, to‘kinligi va farovonligi manbai bo‘lgan ziroat, dehqonchilik ishlari boshlanib ketadi.

Ona diyorimizda fasllar kelinchagi bahor kezmoqda, tabiat uyg‘onmoqda, tabiatdagi yangilanish yasharish, ozod va obod vatanimizga navro‘zi olam kirib kelganidan mujda bermoqda. Ezgulik, muhabbat, xayr-saxovat, shafqat va shafoat ayyomi qalblarga olam-olam surur, yangidan-yangi orzu-havaslar baxsh etmoqda.  Yurtimizda bu gal ham salmoqli yutuqlari, mo‘l-ko‘l orzulari, ezgu tilaklari bilan Navro‘z shodiyonalari hukm surmoqda.

Shu kunlarda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Farg‘ona viloyatida ham bahorgi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlar jadal sur'atlar bilan olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 mart kungi PQ-3680-sonli qarori ijrosini joylarda ta'minlash va yurtimizdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga o‘z hissasini qo‘shish maqsadi Farg‘ona viloyati hokimligi va Farg‘ona viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi barcha 793ta maktabgacha ta'lim muassasalarida «Har maskanda 100 ko‘chat» aksiyasi o‘tkazildi.

Ushbu tadbir davomida viloyatdagi barcha maktabgacha ta'lim muassasalarining bo‘sh turgan maydonlari va ta'lim muassasasi joylashgan mahalla fuqarolari yig‘inlari hududida obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda manzarali va mevali daraxtlar ekildi.

Tadbir davomida joylarda bahoriy taom sumalaklar tashkil etilib, joylarda bayram tadbirlari davom ettirildi.

Ko‘proq yangiliklar: