Samarqandda ISUZU’ning D-MAX avtomobili ishlab chiqarilishi mumkin

Iqtisodiyot 18:07 / 16.03.2019 39746

Samarqand avtomobil zavodida korxona tashkil etilganligining yigirma yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Bu haqda Zarnews xabar bermoqda.

Bundan yigirma yil avval, 1999 yil mart oyida Samarqand shahrida zamonaviy avtobuslar ishlab chiqarilib, Samarqand avtomobil zavodining tijoriy faoliyati boshlangan edi. Dastlab Turkiyaning “Koch” kompaniyasi bilan hamkorlikda zavodda 2 rusumdagi avtobus, 3 rusumdagi yuk tashish avtomobillari tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Keyinchalik “SamAvto” mas'uliyati cheklangan jamiyati Yaponiyaning “ISUZU Motors” kompaniyasi va “Itochu corporation” korporatsiyasi bilan hamkorlik o‘rnatdi. Ayni paytda Samarqand avtomobil zavodida shahar ichida va shahardan tashqarida harakat qilishga mo‘ljallangan 7 turdagi zamonaviy avtobuslar, 36 xil yuk va maxsus avtomobillar tayyorlanmoqda.

O‘tgan davrda samarqandlik avtomobilsozlar o‘z milliy mahsuloti – LE60 past shasseli shahar avtobusini yaratib, uni keng ko‘lamda ishlab chiqarmoqda.

Bugungi kunda korxonada 1200 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Shu paytgacha zavodda 33 ming 700 dan ortiq avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarildi. Ushbu transport vositalari yurtimizda ushbu turdagi avtobus va yuk mashinalariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish barobarida Markaziy Osiyo davlatlari hamda Rossiya, Ozarbayjon, Gruziyaga eksport qilinmoqda.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov zavod jamoasi va xorijlik hamkorlarni korxona tashkil etilganligining 20 yilligi bilan tabrikladi. “SamAvto”ning yurtimiz iqtisodiyotida tutgan o‘rnini e'tirof etdi va zavod rahbariyatiga viloyat hokimligining esdalik sovg‘asini topshirdi.

Shuningdek, marosimda “ISUZU Motors” kompaniyasi va “Itochu corporation” korporatsiyasi vakillari so‘zga chiqib, samarqandlik avtomobilsozlar bilan hamkorlik ular uchun har tomonlama manfaatli ekanligini ta'kidlab, kelgusida ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish va mahsulot turini yanada ko‘paytirishga tayyor ekanliklarini ma'lum qildi.

Tantanali marosimdan so‘ng, yaponiyalik hamkorlar Samarqand viloyati hokimligi va “O‘zavtosanoat” kompaniyasi vakillariga “ISUZU Motors” kompaniyasining “D-MAX” avtomobilini ko‘rsatib, kelgusida zavodda ushbu turdagi avtomashinalarni ham ishlab chiqarish rejalashtirilayotganini ma'lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: