Tojikiston - Qirg‘iziston chegarasidagi keskin vaziyat saqlanib qolmoqda

Jahon 12:30 / 15.03.2019 66651

13 mart kuni Qirg‘iziston tomoni o‘zaro kelishuvlarga qaramay, Vorux jamoatida mojaroga sabab bo‘lgan «Ko‘ktosh-Oqsoy-Tamdik» yo‘li qurilishini boshlagach, Tojikiston bilan chegarada mojaro yuzaga keldi. 

Vorux jamoati aholisi yo‘l qurilishiga qarshi norozilik bildirganida, qirg‘iz tomoni ularga qarata o‘q uzdi, oqibatda bir tojikistonlik halok bo‘ldi, yana 11 kishi jarohatlandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, mojaroda Tojikiston tomondan 70 kishi, Qirg‘iziston tomondan esa 50 kishi ishtirok etgan Tojikistonliklar yo‘l qurilishi uchun olib kelingan texnikalarga tosh ota boshlagan va qurilishga qarshilik qilishgan. Tojikistonlik chegarachilar ma'lumotiga ko‘ra, mojaro davomida qirg‘izistonliklar o‘qotar qurol ishlatishga o‘tgan, Vorux jamoati aholisi bo‘lgan 50-60 chog‘li kishi garovga olingan. 

O‘z navbatida, qirg‘izistonliklar chegara hududidagi Chorkuh jamoatiga ham hujum qilishib, Abdumajid Mullajonovga tegishli tegirmon hamda savdo omboriga o‘t qo‘yishgan.

Tojikiston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasi bayonotida 43 yoshli Husayn Hakimov halok bo‘lgani tasdiqlangan. U ov miltig‘idan otilgan o‘q tufayli vafot etgan.

Tojikiston MXDQ bayonotida aytilishicha, 15 mart kuniga kelib ham, vaziyatni barqarorlashtirish uchun qo‘llangan choralarga qaramasdan, chegaradagi vaziyat og‘irligicha qolmoqda.

«2019 yilning 14 martida Qirg‘iziston respublikasi fuqarolari, Batken viloyati Oqsoy qishlog‘i aholisi Isfara tumani Vorux jamoatiga borish yo‘lida to‘planib, delegatsiya a'zolari o‘tishiga qarshilik qilishdi. Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 15:30da oqsoyliklar Vorux jamoatini o‘rab olib, yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi va tojikistonliklarni toshbo‘ron qila boshlashdi. Tojikiston Respublikasi fuqarolari batkenliklar hujumidan himoyalanishga majbur bo‘lishdi. Keyin esa qirg‘iz chegarachilari va qurollangan qirg‘izistonliklar Tojikiston Respublikasining qurolsiz fuqarolarini o‘qqa tutdi», deyiladi bayonotda.

Otishma natijasida Tojikistonning yana bir fuqarosi halok bo‘lib, yana bir kishi jarohatlangan.

Ma'lum qilinishicha, Tojikiston fuqarosi bo‘lgan, 1982 yilda tug‘ilgan, Voruxdagi Tidon uchastkasida yashagan Teshayev Rasuliddin Imomboyevich og‘ir jarohat olib, vafot etgan. Tojikistonning yana bir fuqarosi, 2003 yilda tug‘ilgan Xaydarov Ansoriddin esa chap qo‘lidan jarohat olgan va mahalliy shifoxonaga yotqizilgan.

«Shu bilan birgalikda qirg‘izistonliklar Voruxda yashovchi Tojikiston fuqarolari, 1970 yilda tug‘ilgan Zayniyeva Mavluda hamda 1955 yilda tug‘ilgan Voxidov Abdumanonning uylariga bostirib kirib, ularga tan jarohatlari yetkazishgan», deya qayd etilgan bayonotda.

Tojikiston tomoni Qirg‘iziston fuqarolari va qirg‘izistonlik chegarachilar davlat chegarasini qo‘pol ravishda buzishgani va hududda eskalatsiya keltirib chiqarishganini aytmoqda.

«AP» xabariga ko‘ra, So‘g‘d viloyati rahbari Rajabboy Ahmadzoda va Isfara militsiyasi boshlig‘i Muhammadshoh Iskandarzoda 14 mart kuni Vorux anklaviga kelishgan va Qirg‘iziston tomoni bilan muzokaralar o‘tkazgan. Tojikiston delegatsiyasi faqat kechga borib ortga qaytib ketgan, avvaliga yo‘lni to‘sib qo‘yib, ularni ortga qaytarishmagan, keyin baribir So‘g‘d viloyati rahbarini o‘tkazib yuborishgan.

Bundan tashqari, 14 mart kuni kechqurun Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Isfaraga kelgan, keyin chegaradagi boshqa bir qishloq Chorkuhga borgan va vaziyatni o‘rganib, Isfaraga qaytgan.

Bugun, 15 mart kuni Isfarada Tojikiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari ishtirokida muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda.

13 mart kuni qirg‘iziston tomon tashabbusi bilan Qirg‘iziston TIV rahbari Chingiz Aydarbekov va Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tgan. Muloqot davomida vazirlar ikki mamlakatning tegishli organlari o‘rtasida yaqindan hamkorlik qardosh xalqlar o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolishi hamda yanada kuchaytirishida katta ahamiyat kasb etishini qayd etgan.

14 mart kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Qirg‘iziston prezidenti Sooranbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Prezidentlar tegishli organlarga insonlar qurbon bo‘lishiga olib kelgan voqea bo‘yicha jiddiy tekshiruv o‘tkazish hamda nizoni muzokara yo‘li bilan hal qilish yuzasidan topshiriq berishga kelishib olishgan.

Qirg‘iziston davlat chegara xizmati ma'lumotiga ko‘ra, mojaro davomida 3 nafar qirg‘izistonlik o‘qotar quroldan jarohat olgan, ularning biri og‘ir ahvolda qolmoqda. 

Ma'lumot uchun, Vorux - Tojikistonning ikki eksklavidan biri bo‘lib, Qirg‘iziston hududida joylashgan. Bu hududda 31 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi va ularning 99,99 foizi tojiklar, 0,01 foizi qirg‘izlar hisoblanadi. Voruxda Sari-Dasht, Tidon, Kuchai-Bolo, Sari-Kurum, Guzar, Navobod, Kishlok, Maydon, Sari-Kanda, Tagi-Maxalla, Kal'acha, Tochikon Sang-tuda kabi mahallalar joylashgan. Vorux ekslavi ma'muriy jihatdan Isfara tumani tarkibida hisoblanadi. Hudud aholisi o‘sishi tufayli yer yetishmovchiligi kuzatila boshlagach, 1980-yillardayoq tojiklar va qirg‘izlar o‘rtasida mojarolar boshlangan. 

«Ko‘ktosh-Oqsoy-Tamdik» yo‘li qurilishi 2013 yilning aprelida boshlangandi, ammo 2015 yilda yo‘l yarmiga yetgach, bahsli uchastkalar tufayli qurilish ishlari to‘xtatilgandi. Bu yo‘l strategik ahamiyatga ega hisoblanadi, bu yo‘l orqali Oksoy, Samarkandek va Oq-Tatira qishloqlari aholisi tojiklarning Qirg‘iziston ichida joylashgan Vorux anklaviga kirmasdan Batkenning boshqa hududlariga o‘tishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: