Sog‘lom uyqu ortiqcha vaznga qarshi kurashda qanday yordam berishi ma'lum qilindi 

Light 23:07 / 15.03.2019 22520

Madridda joylashgan Yevropaning ortiqcha vazn muammolarini o‘rganish tibbiyot instituti (IMEO) mutaxassislari sog‘lom uyqu ortiqcha vaznga qarshi kurashishda yordam berishini ta'kidlashmoqda.

15 mart kuni Butunjahon uyqu kuni sifatida nishonlanadi. Ta'kidlanishicha, Ispaniyaning har to‘rtinchi fuqarosi uyqu bilan bog‘liq muammolarni his qiladi. IMEO mutaxassislarining ta'kidlashicha, yaxshi uyqu, shuningdek, moddalar almashinuvi muammolari, qand kasalligi va semizlik, yurak-tomir kasalliklari va aqliy qobiliyat buzilishlari bilan kurashda yordam beradi. 

“Avval ortiqcha vaznga qarshi kurash asosan parhez tutish va jismoniy faollikdan iborat bo‘lgan, davolashning muvaffaqiyati uchun uyquning muhimligi inobatga olinmagan. “Belgilangandan ko‘proq uxlash dangasalik hisoblangan”, deb aytmoqda IMEO’ning to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mutaxassisi Ruben Bravo.

Uning aytishicha, bugungi kunda to‘laqonli uyqu insonning jismoniy va ruhiy holatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi isbotlangan.

Ma'lumki, uyquning ikki: sokin va tez bosqichi mavjud bo‘lib, ular hordiq vaqtida navbati bilan kechadi. Chaqaloqlar uyqusining 50 foizini, kattalarda esa 20 foizini tez uyqu bosqichi tashkil qiladi. Sokin uyqu bosqichida glyukoza metabolizmi tartibga solinadi, demakki, “uyquning vaqti va sifatiga ta'sir qiluvchi har qanday o‘zgarishlar rivojlanish, o‘sish va metabolizmdagi o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin”. Odam me'yoridan kamroq uxlaganda, organizm grelin (ochlik gormoni) ishlab chiqarib va leptin (energetik almashuvni tartibga soluvchi gormon) miqdorini kamaytirib energetik disbalansni qoplashga harakat qiladi. Ya'ni, mutaxassislarning aytishicha, biz qanchalik kam uxlasak, shuncha ko‘proq yeyishni istaymiz.

Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, uyqu vaqtidagi xavf tug‘diruvchi omil bo‘yin sohasida haddan ziyod yog‘ qatlamining ko‘p bo‘lishi hisoblanib, u uyqudagi apnoega (uyqu vaqtida o‘pka shamollatilishining 10 soniyadan ko‘proqqa to‘xtatishi) olib kelishi mumkin. 

Muntazam apnoeda (odatda soatiga kamida 10-15 marta) uyqudagi apnoe sindromi rivojlanadi, bu esa kunduzgi uyquchanlik, xotira yomonlashishi, mehnat qilish qobiliyati, diqqatning pasayishi, bosh og‘rig‘i va jizzakilikka olib keladi. Bundan tashqari, kislorod yetishmasligi qon bosimi oshishi va yurak o‘ng qorinchasi gipertoniyasi va hattoki infarktga olib kelishi mumkin. 

Kislorodning doimiy yetishmasligi metabolizmning sekinlashishiga olib keladi, bu esa ortiqcha vazn to‘plashga moyillikni keltirib chiqaradi.

“Erta yoshda me'yoridan kam uxlash katta yoshda semizlik, qand kasalligi, infarkt, insult hamda saratonning ba'zi turlari – ko‘krak bezi va kolorektal saraton paydo bo‘lishi xavfini oshiradi”, deb tushuntirmoqda IMEO’ning klinik parhezshunosi Karmen Eskalada.

Chaqaloqlar kuniga 14—17 soat, 5 yoshdan kichik bolalar 10-13 soat, 5 yoshdan katta va o‘smir yoshgacha bolalar 9-11 soat, kattalar esa 7-9 soat uxlashlari lozim.

Mutaxassislar agar soat poyaslari almashishi, tungi navbatchilik, stress va uyqusizlik sababli bunday miqdorda uxlashning imkoni bo‘lmasa, kunduzi 20-30 daqiqa qo‘shimcha uxlab olishni tavsiya qilishmoqda.   
 
Tungi vaqt kofein, kakao yoki spirtli ichimlik ichmaslik, karri, zarchava, zanjabil va garmdori hamda yog‘li mahsulotlar iste'mol qilmaslik lozim, biroq sut mahsulotlari, tuxum va baliq yeyish mumkin. Bundan tashqari, uyqudan oldin jismoniy mashqlar, mobil telefon yoki kompyuterdan foydalanish, televizor ko‘rish, miyani zo‘riqtirish tavsiya qilinmaydi. Mutaxassislar buning o‘rniga tinchlantiruvchi musiqa tinglash, yoga mashqlarini bajarish va har kuni ma'lum bir vaqtda uxlashga yotishni tavsiya qilishadi.

Ko‘proq yangiliklar: