O‘zbekistonda monopolist-korxonalar soni oxirgi 5 yilda 2 barobarga kamaydi

O‘zbekiston 15:37 / 15.03.2019 10567

O‘zbekistonda monopolist-korxonalar soni so‘nggi besh yil ichida ikki barobardan ko‘proqqa qisqargan. Bu haqda bugun Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan «Konkurensiya 4.0» muhokamalar platformasi vaqtida ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Yanvar oyida tashkil etilgan qo‘mita rahbariyati a'zolarining jamoatchilik va biznes vakillari bilan ilk uchrashuvi 2019-2023 yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasi muhokamasiga bag‘ishlandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov (chapda)
va rais o‘rinbosari Farrux Karabayev (o‘ngda)

Qayd etilishicha, bugungi kunda tovar va moliya bozorlarida davlat kompaniyalari dominantlik qilmoqda. Monopoliyalarning 90 foizini davlat ulushi bor yoki davlat nazoratidagi kompaniyalar tashkil qiladi.

Ta'kidlanishicha, davlat kompaniyalari davlat unitar korxonasi va sho‘'ba korxonasi shaklida o‘z quyi tuzilmalarini tashkil etishmoqda va bu tuzilmalar xususiy kompaniyalar faoliyatining o‘rnini bosishi va bozorni bo‘lishda qatnashishga urinishi tez-tez kuzatilmoqda, bu esa budjet nazoratidan chiqib ketish instrumenti hamdir. Hozirda bunday kompaniyalar soni 1,4 mingdan ko‘proqni tashkil etadi.

Shu bilan birga, davlatning moliyaviy bozorlar va kapital bozoridagi (birja, markaziy depozitariy, banklar) vakolatlari va ishtiroki ko‘lami ham yuqoriligicha qolmoqda, bu esa manfaatlar ziddiyatini avj oldirib, tijoriy bozor mexanizmlarining rivojlanishiga to‘siq bo‘lyapti. Misol uchun, fond birjasida qimmatli qog‘ozlar savdosi yuzasidan hisob-raqamlarga xizmat ko‘rsatishda O‘zbekiston Milliy banki monopoliyasi o‘rnatilgan.

Umuman, bank sektorining 83 foizi davlat ishtiroki bilan faoliyat yuritmoqda. Taklif etilayotgan strategiyaga muvofiq, 2023 yilga qadar davlatning bank sektoridagi ishtirokini 50 foizgacha pasaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda tabiiy monopoliya sub'yektlari bilan qo‘shib hisoblaganda 236ta monopolist-korxona mavjud va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ularning sonini keyingi to‘rt yilda 25 foizga qisqartirishni taklif etmoqda. Shuningdek, shu muddat ichida hozir ishlab turgan 1414ta davlat unitar korxonalari sonini 700taga kamaytirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2023 yilga qadar monopol mahsulot va xizmatlarning YaIMdagi solishtirma hajmini 7 foizgacha kamaytirish, kichik biznesning YaIMdagi ulushini 3 foizga oshirish (54,9dan 57,9ga) mo‘ljallangan.

Antimonopoliya qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan strategiya loyihasi bilan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan. Muhokama 22 martga qadar davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: