50+1. Nemis futbolining Yevropadagi inqirozi sababi nimada?

Sport 15:30 / 15.03.2019 9317

Dekabrda Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga qur'a tashlanganida, APL va Bundesliga o‘rtasida o‘ziga xos duel bo‘lishini va nihoyat qaysi liga haqiqatan ham kuchli ekanini bilib olish imkoni haqida gapirilgandi. Natija ma'lum, har uchala ingliz jamoasi raqibini yer tishlatdi, umumiy to‘plar nisbati: 17:3 ko‘rinishini oldi. Championat.com bu haqda tahliliy material e'lon qildi.

Bu natijaning faqat futbol, maydondagi vaziyatlar sababli yuzaga kelganini, ya'ni, balki boshqatdan o‘ynalsa, umuman boshqa natija bo‘lishi ham mumkinligini aytadiganlarni «o‘chirish» uchun bir fakt yetarli: Myunxendagi o‘yinda «Liverpul» oldinga chiqib olganida, mezbonlarni qutqarish uchun Renatu Sanshesh maydonga tushirildi. Yaxshi futbolchi, balki kelajakda undan katta yulduz chiqar, ammo eslasangiz, Sanshesh atigi bir yil oldin «Suonsi»da asosiy tarkibga kira olmagan va «Bavariya» uni ijaradan qaytarib olib kelgandi. Hozir «Suonsi» Chempionshipda o‘ynayapti, shunday futbolchi «Liverpul» bilan o‘yinda qutqaruvchiga aylanishiga ishonish qiyin, albatta. 

Shu bilan munozaralarning bevosita futbol bilan bog‘liq qismini tugatsak bo‘ladi, tabiiyki, ligalar o‘rtasidagi farq chuqurroq – klublarni boshqarish prinsiplarida. Masalan, o‘sha 50+1 qoidasini yana tilga olish mumkin.

Qisqacha, bu qoidani tushuntiramiz. 50+1 qoidasi Germaniyada klublar investorlarining faoliyatini cheklash uchun chiqarilgan. Asosan arablar va xitoylik investorlar Bundesligani bosib olishlaridan hayiqib, shunday qaror qabul qilingani aytilsa-da, aslida, klublarning yirik korporatsiyalarning bir bo‘lagiga aylanib qolishiga to‘siq sifatida ancha oldinroq ishlay boshlagan. Istisnolar faqat uchta: mashhur zavodlarning klubi bo‘lgan «Volfsburg» va «Bayyer» hamda «Hoffenhaym» (Ditmar Xopp uzoq yillardan beri klubiga pul kiritib kelmoqda). Ya'ni, bu qoidani aylanib o‘tishning yo‘li, bir klub egasiga aylanish uchun kamida 20 yillardan beri investitsiya kiritib kelingan bo‘lishi shart.  

Yevrokuboklardagi natijalar pasayib ketishi natijasida, Germaniyada bu qoidaga qarshi chiqishlar ham ko‘paydi, ammo yetarli emas. Roppa-rosa bir yil oldin, 2018 yilning mart oyida yuqori ligalarning 36 klubidan atigi to‘rttasi «50+1»ga qarshi bo‘lishgan, xolos. Natijalar esa pasayishda davom etmoqda. UYeFAning umumiy reytingida yaqinda ham faqat Ispaniyadan ortda qolgan Bundesliga, endilikda Angliya va Italiyani ham oldinga o‘tkazib yubordi va 4-o‘ringa tushib ketdi. 

Gapning po‘stkallasini aytganda, bu qoida nemis klublarining APL boylari, Ispaniya grandlari yoki Parijdagi top-klub bilan raqobat qilishda mag‘lubiyatni tan olishlariga sabab bo‘lmoqda. Har tomonlama munosib bo‘lib kelgan «Bavariya» ham faqat Bundesliga yulduzlarini o‘z tomoniga og‘dirish orqali top-darajani saqlab turgan bo‘lsa, endilikda, Germaniyada ham yosh yulduzlarning kamayib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Oqibat ma'lum, yuqorida Sanshesh misolida «Bavariya»da ham muammolar borligini ko‘rdik. Hozirda Yevropaning boshqa ligalarida porlayotgan Keyta, De Bryuyne, Draksler, Dembele, Sane va boshqa misollardan sezish mumkinki, endi bozor kengaydi va «Bavariya» Bundesliga yulduzlarini osonlik bilan o‘z safiga qo‘shib olishi moddiy tomondan yanada qiyinlashib boraveradi. Ilgari faqat futbolchiga yaxshi sharoitlar va'da qilib, Gyotse yoki Levandovskilar qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, endi, APL yoki ispan grandlari tomonidan va'da qilinayotgan katta transfer narxlari klublarni ko‘proq jalb qilishi turgan gap.

Albatta, bu qoidaning haligacha mavjud bo‘lishining asosiy sababi, muxlislik madaniyati Germaniyada kuchliroq, Angliya, Ispaniya yoki Fransiyadan ancha ilg‘ordir. Qaysidir ma'noda boshqaruvga ta'sir qilishning shu shakli ularni qoniqtirar, ammo bugungi sharoitlarda bu qoida ko‘proq sun'iy cheklovga aylanib borayotgani ham bor gap. «50+1» konsepsiyasi asoschilaridan biri Volfrang Xolsxoyzerning aytishicha, qoidaning bugungi sharoitlarga moslash kerak. Ilgari o‘z homiysiga ega bo‘lgan klublarga bu qoida ta'sir qilmasligi aytilgandi, bu rost, ammo endi nafaqat Germaniya, balki chet el kompaniyalari ham Bundesliga klublariga qiziqish bildirishlari mumkin. 20 yillik talab esa, ularni biroz qo‘rqitadi, bir klubni sotib olish uchun shuncha vaqt kutishdan ko‘ra, o‘z e'tiborlarini Angliya yoki Italiyaga qaratishlari mumkin.   

Boshqa tarafdan Xolsxoyzer loyihaning foydali ekanini ham ta'kidlaydi, zero 20 yillik talab natijasida, rostan ham haqiqiy investorlar klub egalariga aylanishlari mumkin. Masalan, so‘nggi yigirma yilda Germaniyada shunchaki, investorning futbolga qiziqishi pasaygani tufayli muammolarga uchragan birorta klubni topish imkonsiz. Yevropada bunday misollar tiqilib yotibdi: «Porsmut», «Monako», «Malaga», «Valensiya» va yana bir qator klublar aynan shu sababli beqarorlikka yuz tutdi. Aynan shu barqarorlik tufayli nemis klublari boshqaruv bobida juda tez rivojlanib bormoqda. Shunday bo‘lsa-da, investorlarning «sadoqatini» 20 yil emas, masalan, 3 yilga qisqartirish vaqti yetgan.

«Nemis klublarini osonlik bilan qo‘lga kiritish mumkinligi haqidagi fikr uyg‘onmasligi davom etishi kerak, shu bilan birga «50+1» qoidasini sal o‘zgartirish lozim» – deydi Xolsxoyzer.

Germaniya terma jamoasining sobiq futbolchisi Fabian Ernst yaqinda Daniya birinchi ligasidagi «Nestved»ning egasiga aylandi. Ernstning aytishicha, klubni u juda osonlik bilan qo‘lga kiritgan va agar masalan, Germaniyadagi kabi «50+1» qoidasi bo‘lganida, «Nestved»ning to‘laqonli egasi bo‘lish uchun Ernst 60 yoshini kutgan bo‘lardi. Ambitsiyalar uchun qattiq to‘siq, to‘g‘rimi?

«Bir tomondan, bu qoidani quvvatlayman, chunki investorlarning ko‘pi faqat futbol uchun emas, foydani ko‘zlab ham kelishadi. Boshqa tarafdan esa, ehtiyot bo‘lish lozimki, nemis futboli futbol tamaddunidan chetlanib qolish ehtimoli ham bor» – deydi Fabian Ernst.

Ernstga begona bo‘lmagan «Hannover»ni uzoq yillardan beri mahalliy muxlislar nafratiga duchor bo‘layotgan Martin Kind boshqaradi. Mahalliy muxlislar bilan ochiq urishib kelgan Kind endi Liga bilan ham ziddiyatga borib qolgan. Gap shundaki, Martin Kind yigirma yildan beri investitsiya kiritib, ma'lum talabni bajargan, ammo bu ham «50+1» to‘sig‘ini oshib o‘tishga yetarli emas, deb e'tirof etilmoqda. Birinchidan, 20 yil davomida jalb qilingan 19,7 million yevro yetarli emas deb topildi, ikkinchidan, ba'zi mablag‘lar sun'iy paydo qilingani aytilmoqda. Masalan, Kind klub bosh direktori lavozimida maosh olishdan voz kechgan va bu summalar ham shaxsiy investitsiya sifatida hisobga olinishini talab qilmoqda.

Bir yildan beri mahkamalarda o‘z haqini talab qilayotgan Kind misoli qoidaning yanada murakkab ekanidan dalolat qiladi. Bu har ikki tomon tarafdorlarining qaytadan munozaraga kirishlariga zamin ham yaratdi. «50+1» tarafdorlari Martin Kindning klub egasi bo‘lib olib, jamoa libosi rangidan tortib, yana bir qancha xos o‘zgartirishlar kiritmoqchi bo‘layotgani va balki o‘z hissalarini chet ellik investorlarga qimmatroqqa sotib yuborishi mumkinligidan hayiqayotganliklarini bildirishmoqda. «Hannover»ning Kind davrida ikkinchi Bundesligaga tushib ketgani ham ularga asos sifatida hizmat qilmoqda. Qarshi taraf ham o‘z dalillarini keltiradi, albatta. Ularning aytishicha, xuddi shunday voqealar «50+1» talablari mavjud bo‘lgan holatda ham bo‘lishi mumkin va bu to‘siq klublarni «yomon investorlardan» asrashini e'tirof etish noto‘g‘ri.  

O‘tgan asrning 80-yillarida «Kyoln» belgiyalik Van Gol bilan bir million markalik shartnoma imzolaganida, butun Germaniya junbushga kelgan va muxlislar bunday sarflarni ko‘tara olmasligi ma'lum bo‘lgandi. Hozirda legionerlar uchun sarflanayotgan katta pullar oddiy holga aylanib bo‘ldi. Muxlislar jamoalarining dunyodagi top-klublar bilan har tomonlama raqobat qilishlarini istamoqda. Qizig‘i, shu bilan birga, «50+1»ni yoqlab ham ovoz berishyapti. Ular chet ellik investorlarni «olabo‘ji» sifatida ko‘rsatilib, aytilayotgan ba'zi misollardan qo‘rqib ketayotgan bo‘lishlari tabiiy. Ammo hozirda yevrokuboklarda Germaniya sharafini himoya qilishda davom etayotgan «Ayntraxt» Germaniyaning eng ko‘p millatli jamoasi ekanini ham unutmaslik kerak. 17 millat vakillari Frankfurt jamoasi sharafini himoya qiladi, bosh murabbiy esa, avstriyalik Adi Xyutter. Nemis muxlislari uchun yanada og‘riqli nom. 

Ko‘proq yangiliklar: