Venesuelada elektr ta'minoti to‘liq tiklandi

Jahon 07:42 / 14.03.2019 4338

Venesuela aloqa va axborot vaziri Xorxe Rodriges mamlakatda elektr ta'minotidagi  muammolardan keyin 13 mart kuni elektr energiya uzatish to‘liq tiklanganini ma'lum qildi. 

“Bugun elektr energiya uzatish 100 foizga tiklandi”, deb ma'lum qilgan Rodriges televideniye orqali. Shu bilan birga u bir qator joylarda transformatorlar portlagani sababli hamon muammolar borligini tan olgan.

Shuningdek, mamlakat rahbariyati elektr ta'minotidagi inqiroz sababli 14 martni o‘quvchilar uchun qatorasiga 7-dam olish kuni deb e'lon qildi. 

“Prezident Nikolas Maduro 14 mart kuni barcha mehnat faoliyati: davlat, xususiy, tijorat, ishlab chiqarish butun mamlakat bo‘ylab tiklanishi haqidagi qarorni qabul qildi. Maktabdagi mashg‘ulotlar esa yana 24 soatga to‘xtatildi”, deb qo‘shimcha qilgan vazir.

Venesuelada 7 mart kuni mamlakatdagi eng yirik GESdagi avariya sababli energetik kollaps yuz berdi. Venesuela milliy elektr energiya korporatsiyasi Corpoelec avariyani qo‘poruvchilik va mamlakatga qarshi energetik urushning bir qismi deb atagan.

Ko‘proq yangiliklar: